Bu haqda Saida Mirziyoyevaning Telegram kanalida xabar berildi.

Qayd etilishicha, Yangi Toshkent shahri kontseptsiyasi britaniyalik meʼmorlar tomonidan ishlab chiqilgan.

«Shahar ko‘z o‘ngimizda shiddat bilan qad rostlamoqda va rivojlanmoqda. Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan mazkur bunyodkorlik doirasida bugun ulkan, keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda», — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.

Uning taʼkidlashicha, britaniyalik meʼmorlar tomonidan ishlab chiqilgan shahar kontseptsiyasi kelgusi o‘n yilliklar uchun asos yaratadi.

Saida Mirziyoyeva tadbirkorlarni Yangi Toshkentga alohida eʼtibor qaratishga, hududga sarmoya kiritish, qurilish ishlarini amalga oshirish va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga chaqirdi.

«Mazkur maskanning istiqboli va imkoniyatlari beqiyos. Keling, ushbu betakror, yangi shaharni birgalikda bunyod etaylik!» — dedi u.