Qadimiy va navqiron Samarqand yana bir bor dunyo nigohini oʻziga qaratdi. Asrlar davomida ilm-fan, savdo va buyuk madaniyatlar chorrahasi boʻlgan bu koʻhna zamin tagʻin bashariyat aql-zakovatining mayogʻi oʻlaroq porlayotir.
15-sentyabr kuni Samarqand shahridagi “Silk Road” xalqaro turizm markazida
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi tantanali ravishda ochiladi. 1927-yildan
buyon oʻtkazib kelinayotgan va qitʼalarni birlashtiruvchi ushbu nufuzli
musobaqa tarixida Markaziy Osiyoda Oʻzbekiston ilk bor shaxmat olamining eng
yirik jamoaviy turniriga mezbonlik qilyapti. 2022-yil 31-iyul — 9-avgust
kunlari Xalqaro shaxmat federatsiyasining Hindistonning Chennay shahrida boʻlib
oʻtgan kongressida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi hamda FIDEning navbatdagi
kongressini 2026-yilda Oʻzbekistonda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan
edi.
Darhaqiqat, ayni
tarixiy tanlov oʻz-oʻzidan yoki tasodif tufayli yuz bergani yoʻq, bu yangi
Oʻzbekistondagi uzoqni koʻzlagan va puxta oʻylangan taraqqiyot yoʻlining
mantiqiy hosilasidir. Bu mamlakatimizda yoshlarning intellektual quvvatiga
tikilayotgan ulkan sarmoyalar xalqaro maydonda davlatimiz nufuzini yuksaltirish
barobarida oʻzining chinakam mevalarini bera boshlaganini anglatadi.
Samarqand
olimpiadasi koʻlami va ishtirokchilar soni boʻyicha shaxmat tarixidagi
rekordlarni yangilayotir. Nufuzli musobaqada jami 396 ta jamoa ishtirok etadi.
Vaholanki, 2024-yili Budapeshtda oʻrnatilgan 380 ta jamoalik mutlaq rekord ham
endilikda tarixga aylanyapti. Shu bilan birga, nafaqat asosiy olimpiada,
olimpiada doirasidagi III shaxmat paralimpiadasi hamda FIDEning 97-kongressiga
ham Samarqand mezbonlik qilmoqda.
Joriy yil
10-sentyabr kuni III shaxmat paralimpiadasiga tantanali ravishda start berildi.
200 dan ortiq mamlakatdan kelgan nufuzli delegatsiyalar, noyob iqtidor egalari
va ularning ustozlari bitta maydonda birlashdi. Joriy yilgi parashaxmat
bahslarida jami 41 ta jamoa dona surayotgani ayni yoʻnalishda ham oʻziga xos
rekorddir. Zero, Belgrad-2023 turnirida 26 ta, Ostona-2024 da esa 34 ta jamoa
ishtirok etgan edi.
Samarqandda jami
205 shaxmatchi, jumladan, 150 erkak va 46 ayol paralimpiyachi bahslashishi ham
Oʻzbekistonda inklyuziv jamiyat qurish hamda sportni qoʻllab-quvvatlash amalda
qanday muhim va ustuvor ekanining ishonchli namunasi.
Tabiiy savol
tugʻiladi: nima uchun aynan Oʻzbekiston, qadim Samarqand shahri bunday ulkan
intellektual qutbga aylandi? Bu savol zamirida teran ijtimoiy-siyosiy haqiqat
yotibdi. Bugungi Oʻzbekiston oʻz siyosatida inson kapitalini rivojlantirish
masalasini oliy darajaga olib chiqa oldi.
Yoshlar
taʼlim-tarbiyasiga, xususan, sportga qaratilayotgan eʼtibor faqat minbarlarda
yangraydigan quruq shiorlar boʻlib qolmadi, balki amaliy, koʻz bilan koʻrib,
his qilsa boʻladigan chinakam strategik harakatga aylandi. Shu asnoda chuqur
tahlil, uzoqni koʻzlovchi strategiya hamda teran mantiqni talab etadigan
shaxmat millat genofondini charxlovchi ishonchli mulkimiz sifatida yuksaldi.
Aql gimnastikasiga
qaratilayotgan tizimli, davlat miqyosidagi eʼtibor qisqa vaqt ichidayoq
samarasini bera boshladi. Jahon arenalarida oʻzbek shaxmat maktabi
vakillarining ketma-ket quchayotgan zafarlari faqatgina omad emas, oqilona va tizimli
islohotlar natijasi desak, haq gapni aytgan boʻlamiz. Eng muhimi, yoshlarimiz
xalqaro maydonga faqatgina sportchi boʻlib emas, yangi Oʻzbekistonning yuksak
tafakkurini dunyoga koʻrsatib beruvchi elchilar sifatida qadam bosmoqda.
Birgina misolga eʼtiboringizni qaratmoqchiman: bugun butun shaxmat olami Nodirbek
Abdusattorov va Javohir Sindorov kabi kelajagi porloq, yosh
grossmeysterlarimizning fenomenal oʻyin uslubini hayrat va oʻzgacha hayajon
bilan kuzatmoqda, oʻrganmoqda. Bu yigitlar oʻzidan yosh jihatdan katta va ancha
tajribali raqiblarni shoshirib qoʻyadigan darajada qoyilmaqom yurishlar qila
olishini allaqachon isbotlab boʻldi. Hozirgi kunda dunyoning eng nomdor,
magʻlubiyatsiz chempionlari ham shaxmat taxtasida oʻzbek yoshlari bilan roʻbaroʻ
kelganda tavakkal qilishdan choʻchib, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga
majbur boʻlmoqda. Nega deganda, ularning ortida xalqimizning yuksak ishonchi va
duosi, ulugʻ ajdodlarimizdan meros botiniy quvvat turibdi. Mana shunday sogʻlom
muhitda kamol topayotgan yangi avlod esa Uchinchi Renessans poydevorini faqat
aqliy barkamollik, ilm-fan va buyuk tafakkur bilangina qura olishini hayotiy
haqiqat sifatida qabul qilyapti. Zotan, Uchinchi Renessans faqatgina iqtisodiy
raqamlar yoki infratuzilmalar bilangina oʻlchanib qolmaydi. Uning asl tayanch
nuqtalari kuchli tafakkur, maʼrifat va yengilmas irodadir. Shaxmat esa ana shu
qadriyatlarni, mantiq va hayotiy strategiyani oʻziga jamlagan noyob oʻyin.
Shaxmat taxtasidagi oq va qora donalar ramziy maʼnoda dunyodagi ayovsiz
siyosiy qarama-qarshiliklarni eslatishi mumkin, ammo partiya yakunida doim
insoniylik hamda doʻstlik qoʻllari gʻalaba qozonishi jahon diplomatiyasi uchun
bebaho ibrat maktabi. Bugun yangi Oʻzbekiston oʻz tarixida shunday nufuzli,
keng qamrovdagi jamoaviy chempionatni qabul qilar ekan, bu orqali faqatgina
sportdagi salohiyatini emas, yuqori darajadagi tashkilotchilik qobiliyati va
ezgulik gʻoyalarida sobitqadamligini ham jahon hamjamiyatiga namoyish etmoqda
goʻyo. Eʼtibor qilsangiz, chuqur oʻylangan, dadil qarorlar faqat shaxmat
taxtasida emas, mamlakatni rivojlantirish, uning kelajagini qurishda ham
qanchalik hal qiluvchi kuch ekanini yangi Oʻzbekiston timsolida koʻrish mumkin.
Zero, tafakkur va aql-zakovat oliy qadriyatga aylangan mamlakatda taraqqiyot
karvoni hech qachon toʻxtab qolmaydi, aksincha, u buyuk kelajakning poydevoriga
aylanib boraveradi.
Jonibek ALIJONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri