Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Guliston shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi shifokor yordamchisi M.A. go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali “M.M.” MChJ tomonidan tayyorlanadigan tayyor ovqat mahsulotiga ijobiy xulosa olib berishi evaziga 300 AQSh dollari va 1,2 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Toyloq tumani bo‘limi va boshqa huquqni muxofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sanitariya-Epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toyloq tuman bo‘limi sanitar vrachi F.B. 9 mln so‘m evaziga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali YATT "S.E."ning non mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga sanitar gigiyenik xulosasini rasmiylashtirib berishini aytib, kelishilgan puldan 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib, tekshiruvda muqaddam 100 AQSh dollari va 500 ming so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urganch shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoatchilik salomatligi bo‘limi xodimi G‘.A. fuqaro B.D.ga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Urganch shahrida umumiy ovqatlanish shoxobchasi ochish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirib berishi va 6 oy davomida jarima qo‘llamaslikni va’da qilib, 2,4 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoatchilik salomatligi bo‘limi shifokor yordamchisi A.S. (muqaddam sudlangan) fuqaro M.O.ning nomiga shahar hududida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini ochish uchun ijobiy xulosa olib berish evaziga 1,2 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 25, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.