Hech shubhasiz, yuqoridagi barcha oʻzgarishlar koʻp millatli xalqimiz, siz kabi jonkuyar yurtdoshlarimiz mehnati bilan amalga oshmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Qaysi soha yoki vazifada ishlamasin, oʻz mehnatining munosib eʼtirofini koʻrish har bir inson uchun katta baxt ekani taʼkidlandi.

Mustaqillikning 35-yilligi munosabati bilan islohotlarga daxldorlik tuygʻusi bilan yashab, sidqidildan mehnat qilayotgan 558 nafar fidoyi inson yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Prezidentimiz har bir mukofotlanganning mashaqqatli mehnat yoʻli, erishgan yutuqlari va yurt taraqqiyotiga qoʻshayotgan munosib hissasini yaxshi bilishini taʼkidladi.

Mukofotlanganlar orasida butun umrini bunyodkorlikka bagʻishlagan xorazmlik otaxon Rustam Sultonov ham bor. U kishi tabarruk yoshda boʻlsalarda, viloyat nuroniylariga boshchilik qilib, mahalla va qishloqlarni obod qilishda yoshlarga chinakam ibrat boʻlib kelmoqda.

Surxondaryolik mehnat faxriysi Abdusattor Qurbonovning choʻllarni oʻzlashtirib, dehqonchilikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi haqiqiy qahramonlik sifatida eʼtirof etildi.

Bekobod metallurgiya kombinatida uzoq yillardan buyon poʻlat erituvchi vazifasida ishlayotgan Gʻulomjon Turonovning “Xizmat koʻrsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangani butun metallurglar mehnatining eʼtirofidir.

Paxtachilik va gʻallachilikda yuksak natijaga erishib, oʻz maktabini yaratgan namanganlik Ilhom Ziyovuddinov, ipak qurtini bahor, yoz va kuz mavsumida parvarishlab, yuqori hosil olayotgan buxorolik pillakor Jamila Xudoyberdiyeva, chorvachilikda ilgʻor texnologiya va zamonaviy yondashuvlarni joriy qilayotgan qoraqalpogʻistonlik Esenbay Aytimuratov hamda suv yoʻqotishlarini kamaytirishga hissa qoʻshayotgan samarqandlik irrigator Aslanqul Karimqulovning xizmatlari ham munosib baholandi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini bezatgan usta-naqqosh Sattorxoʻja Toʻxtaxoʻjayevga “Xizmat koʻrsatgan quruvchi” faxriy unvoni berildi.