Bu jarayon esa, eng avvalo, bevosita davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining ustuvor maqsadlari — inson kapitalini rivojlantirish, sifatli ta’limni ta’minlash, ilm-fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning zamonaviy bilim va kasblarni egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratish bilan chambarchas bog‘liq.
Ayniqsa, oliy ta’limni rivojlantirish, universitetlarni ilm-fan va ishlab chiqarish bilan yanada yaqinlashtirish, yoshlarni zamonaviy texnologiyalar va innovatsion faoliyatga keng jalb etish borasidagi islohotlar “Yangi O‘zbekiston — yangi imkoniyatlar” tamoyilining amaliy ifodasiga aylangan.
Ana shu bunyodkorlik jarayonining hududlardagi muhim ilmiy-ta’limiy tayanchlaridan biri sifatida Buxoro davlat texnika universitetini alohida qayd etish mumkin. Bugun universitetda 15 mingdan ortiq talaba, 680 nafardan ziyod professor-o‘qituvchi faoliyat yuritib, 4 ta fakultet, 24 ta kafedra va 14 ta markaz orqali zamonaviy muhandislik, texnologiya, tabiiy resurslarni boshqarish, xizmat ko‘rsatish, raqamlashtirish va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Bugun ushbu dargohda amalga oshirilayotgan har bir tashabbusni mamlakatimizda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlarning uzviy davomi sifatida baholash o‘rinli.
Universitetimiz olimlarining ilmiy izlanishlari natijasida bugungi kunga qadar 86 ta patent qo‘lga kiritildi. Bu esa ilmiy g‘oyaning real hayotga kirib borishi, texnologiyaga, mahsulotga va iqtisodiy imkoniyatga aylanishida bo‘y ko‘rsatishi lozim. Shu maqsadda mavjud ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning samarali mexanizmi sifatida 8 ta “spin-off” korxona tashkil etildi. Ya’ni universitetda yaratilgan bilim va texnologiya endi faqat laboratoriya yoki ilmiy ish doirasida qolmay, bozor talabiga javob beradigan mahsulot va xizmatga aylanish yo‘liga chiqmoqda.
Muhimi, bu jarayon kelajak uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Universitet tomonidan yana 15 ta shunday turdagi korxona tashkil etish rejalashtirilgan. Ular orasida vodorod gaz texnologiyalari, dronlar ishlab chiqarish hamda Buxoro turizm sohasi uchun “halol turizm” standartlari bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari kabi istiqbolli yo‘nalishlar mavjud.
Shuningdek, innovatsiyalar sohasiga ham alohida o‘rin ajratilyapti. Universitetda ilmiy salohiyatni aynan shu mezon asosida rivoj¬lantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, ilmiy salohiyatni hudud taraqqiyotiga yo‘naltirish dolzarb vazifalardan. Bugungi kunga qadar universitet olimlari tomonidan 100 dan ortiq ixtiro yaratilgan bo‘lib, ularning 40 ga yaqini Buxoro viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, jarayonni yanada tizimli tashkil etish maqsadida universitetda 1200 dan ortiq muammoni qamrab olgan “Muammolar banki” shakllantirilgan. Undagi real muammolar magistr va doktorantlarning ilmiy izlanishlari uchun mavzu sifatida belgilab olinib, ilmiy tadqiqotni amaliy ehtiyoj bilan bog‘lash imkonini bermoqda.
Globallashuv davriga kelib, universitetlarning xalqaro maydondagi o‘rni ularning nechta xorijiy hamkorga ega ekani bilangina emas, ushbu hamkorliklar ta’lim, ilm-fan va talabalar kelajagiga qanday real imkoniyatlar yaratayotgani bilan belgilanadi. Buxoro davlat texnika universiteti uchun xalqaro hamkorlik ham aynan shunday mazmunga ega. Ya’ni bu ilg‘or bilim va zamonaviy texnologiya-larni hududga olib kirish, mahalliy ilmiy salohiyatni jahon ilm-fani bilan bog‘lash hamda talabalarni global ta’lim makoniga olib chiqish imkoniyatidir.
Bugungi kunda universitetning ilmiy-ta’limiy hamkorlik geografiyasi Malayziya, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Bolgariya, Qozog‘iston, Ukraina, Ruminiya, Indoneziya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Italiya, Vengriya, Belgiya, Latviya va Belarus kabi davlatlarni qamrab olgan. Ular qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuvlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun xalqaro tajriba, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish hamda yosh olimlar uchun yangi ilmiy imkoniyatlardan iborat.
Universitetda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda 40 dan ortiq yo‘nalishda qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, “2+2” dasturlari doirasida talabalar dastlabki ikki yilni Buxoro davlat texnika universitetida, keyingi ikki yilni esa hamkor xorijiy universitetda davom ettirish imkoniyatiga ega.
Magistratura bosqichidagi “1+1” dasturlari 22 ta yo‘nalishda talabalarga xalqaro ta’lim tajribasidan foydalanish imkonini bermoqda. Shuningdek, 4.0 masofaviy ta’lim modeli talabalarning ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Ya’ni talabalar to‘rt yillik bakalavriat ta’limini o‘ziga qulay sharoit va zamonaviy raqamli imkoniyatlardan foydalangan holda masofaviy shaklda davom ettirishi mumkin.
Bunday dasturlar talabaning faqat boshqa mamlakatda ta’lim olishini emas, balki turli ta’lim tizimlari, ilmiy maktablar va professional muhit bilan tanishishini ta’minlaydi. Xalqaro standartlar asosidagi ta’lim, xorijiy professorlarning o‘quv jarayoniga jalb etilishi, zamonaviy metodikalar va amaliy tajribaning uyg‘unlashuvi esa mutaxassis tayyorlash sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ayrim dasturlar doirasida O‘zbekiston va xorijda tan olinadigan ikki diplomga ega bo‘lish imkoniyati ham yaratilayotgani talabalarning xalqaro mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Oliygohda masofaviy ta’lim shakllarining rivojlantirilishi talabaga ta’lim jarayonini o‘ziga qulay sharoitda davom ettirish imkonini bermoqda. Bu esa ta’limni faqat auditoriya bilan cheklab qo‘ymasdan, zamonaviy texnologiyalar orqali yanada moslashuvchan va ochiq tizimga aylantirishga xizmat qilyapti.
Zamonaviy universitetning vazifasi faqat xalqaro hamkorlar sonini oshirish yoki xorijiy ta’lim dasturlarini joriy etish bilangina cheklanmaydi, albatta. Ta’lim, ilm-fan, ishlab chiqarish va tadbirkorlik o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlash ham muhim. Auditoriyada olingan bilim ishlab chiqarish jarayonida sinovdan o‘tganida, laboratoriyadagi ilmiy g‘oya real muammoga yechim berganida va innovatsion ishlanma amaliy loyihaga aylanganidagina uning haqiqiy qiymati namoyon bo‘ladi.
Aytmoqchimizki, xalqaro hamkorlikning asl qiymati inson kapitalida mujassam. Shu bois, Buxoro davlat texnika universitetida dual ta’lim, ilmiy laboratoriyalar, texnopark, innovatsion loyihalar va tadbirkorlik yo‘nalishlarini o‘zaro bog‘lashga qaratilgan tizim shakllantirilmoqda. Talaba nazariy bilimni korxonada mustahkamlaydi, tadqiqotchi o‘z g‘oyasini laboratoriyada sinovdan o‘tkazadi, innovator esa uni amaliy loyiha va biznes tashabbusiga aylantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Natijada universitet va ishlab chiqarish o‘rtasidagi masofa qisqarmoqda.
Sir emaski, yurtimizda inklyuziv muhitni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning ta’lim olishi, zamonaviy kasblarni egallashi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun teng sharoitlar yaratish muhim yo‘nalishlardan biridir.
Mazkur jarayonning amaliy ifodasini universitetimizning “Xotin-qizlar va yoshlar uchun AT va muhandislik inklyuziv ta’lim markazi” faoliyatida ham kuzatish mumkin. Markazda 20 dan ortiq zamonaviy kasb-hunar va AT yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyat yuritadi. Bugungi kunda ularda 200 dan ziyod talaba va mahalla yoshlari bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirmoqda.
Bu yerda yoshlar faqat kompyuter yoki texnologiyani o‘rganmaydi. Ular o‘ziga ishonch, mustaqil fikrlash, kasbiy ko‘nikma va kelajak uchun aniq yo‘nalish topmoqda. Natija esa e’tiborga molik: bugunga qadar 80 nafar tinglovchi o‘quvlarni muvaffaqiyatli tamomlab, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Buxoro davlat texnika universitetida aynan shu maqsadga xizmat qiluvchi muhit qaror topgan. Zamonaviy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik, innovatsion loyihalar, ishlab chiqarish bilan integratsiya va tadbirkorlik imkoniyatlari yoshlarni bilim oluvchidan — bilim yaratuvchiga, g‘oya egasidan — innovatorga, talabadan — bunyodkorga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Zero, universitetda yaratilayotgan imkoniyatlar faqat bugungi kun uchun emas. Ularning haqiqiy samarasi yillar o‘tib, yangi korxonalar, yangi texnologiyalar, ish o‘rinlari, ilmiy kashfiyotlar va talabalarimizning har tomonlama yetuk kadrlar sifatida mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shadigan hissasida namoyon bo‘lishiga ishonchimiz komil.
Sadoqat SIDDIQOVA,
Buxoro davlat texnika universiteti rektori
Hamkorlik materiali