Yaqinda davlatimiz rahbari raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu masalaga yanada chuqur hamda tizimli yondashuv belgilab berildi.

Sport nafaqat jismoniy faollik, balki millat salomatligi, yoshlar tarbiyasi va mamlakat taraqqiyotining muhim omili sifatida eʼtirof etildi. Ayniqsa, tibbiyot sohasi nuqtayi nazaridan qaraganda, sportning ahamiyati beqiyos. Chunki har qanday sogʻlom jamiyat, avvalo, sogʻlom insonlardan shakllanadi. Zamonaviy tibbiyot amaliyoti kasalliklarni davolashdan koʻra, oldini olish samarali va maqsadga muvofiqligini koʻrsatmoqda. Bu esa bevosita jismoniy faollik va sogʻlom turmush tarzi bilan bogʻliq. Shu maʼnoda, yigʻilishda ilgari surilgan “sport orqali profilaktika” tamoyili tibbiyot tizimi uchun ham dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Endi eʼtibor faqat koʻrsatkichlarga emas, balki aholi salomatligi yaxshilanishiga qaratilmoqda. Qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari, semirish kabi muammolarning oldini olishda ­ommaviy sport hal qiluvchi omil ekani alohida taʼkidlandi.

Andijon davlat tibbiyot institutida ham mazkur yondashuv asosida qator aniq chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Biz uchun sport shunchaki darsdan tashqari mashgʻulot emas, balki boʻlajak shifokorning hayot tarzi, kasbiy madaniyati va shaxsiy namunasidir. Chunki shifokor, avvalo, oʻzi sogʻlom turmush kechirmasa, boshqalarga bu boradagi targʻiboti ham samarali boʻlmaydi.

Institutimizda har bir talabaning jismoniy holatini muntazam monitoring qilish, individual sogʻlomlashtirish dasturlarini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa kelgusida profilaktik tibbiyotni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim jihat, yoshlar va yurtdoshlarimizni sport orqali ijtimoiy faollikka jalb etishdir. Shu maqsadda viloyatimizning chekka hududlarida oʻtkazilayotgan tibbiy koʻriklarda aholiga sportning salomatlikdagi ahamiyati, u bilan muntazam shugʻullanib borish zarurligi haqida tushuntirish berilmoqda. Bu jarayonda, ayniqsa, talabalarimizning faolligi alohida eʼtirofga munosib. Ushbu saʼy-harakatlar aholi salomatligini yaxshilash barobarida talabalarda masʼuliyat, rahbarlik va insonparvarlik fazilatlarini shakllantiradi.

Viloyatimizdagi davlat oliy taʼlim muassasalari rahbarlarining “Andijon talabalar ligasi”ni tashkil etishga doir memorandumni imzolagani ham ushbu saʼy-harakatlarning amaliy ifodasidir. Bu tashabbus orqali talabalar oʻrtasida sport musobaqalarini tizimli oʻtkazish, iqtidorli yoshlarni saralash va qoʻllab-quvvatlash imkoniyati yanada kengayadi.

Bugun sportni alohida sohadagi faoliyat emas, balki tibbiyot, taʼlim va jamiyat hayoti bilan uzviy bogʻliq kompleks tizim sifatida qabul qilish vaqti keldi. Chunki sogʻlom millat kuchli davlat demakdir.

Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasi bu vazifalarni chuqur anglagan holda, nafaqat malakali mutaxassislar, balki jismonan baquvvat, maʼnan yetuk va sogʻlom turmush tarziga sodiq avlodni tarbiyalashni oʻz oldiga asosiy maqsad qilib qoʻygan.

Madamin MADAZIMOV,

Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor
Hamkorlik materiali