Sun’iy intellekt (SI) texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bugungi kunda “dasturchilarning ishini SI olib qo‘yadimi?” degan savol tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Bir qarashda, kod yozadigan va murakkab vazifalarni bajaradigan texnologiyalar inson mehnatiga ehtiyojni kamaytiradigandek tuyuladi. Biroq mutaxassislar fikricha, sun’iy intellekt insonni emas, balki oddiy va takroriy vazifalarni almashtirmoqda. Yangi davr esa texnologiyalar bilan hamqadam yuradigan, ijodiy fikrlaydigan va murakkab muammolarga yechim topa oladigan mutaxassislarga katta imkoniyatlar yaratmoqda.

Bugungi kunda IT sohasida eng muhim omillardan biri — yangi texnologiyalarga tez moslashish va doimiy o‘qib-o‘rganishdir. Sun’iy intellekt vositalaridan samarali foydalana oladigan, kiberxavfsizlik, ma’lumotlar tahlili va raqamli mahsulotlar yaratish bo‘yicha bilimga ega dasturchilar mehnat bozorida yuqori talabga ega bo‘lib qolmoqda. Hatto yoshlar ham bu sohada katta natijalarga erishib, o‘z startaplarini yo‘lga qo‘ymoqda va xalqaro bozorlarda faoliyat yuritmoqda.

Buning yorqin misollaridan biri — InFast IT-ekotizimi asoschisi va direktori Muhammadaziz Yakubov. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda yoshlar nafaqat mahalliy, balki xalqaro bozorlarda ham o‘z bilim va ko‘nikmalari orqali yuqori daromad topish imkoniyatiga ega. Hatto 14 yoshli dasturchilarning yirik loyihalarni amalga oshirishi va qisqa vaqt ichida katta natijalarga erishishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Muhammadaziz Yakubovning ma’lum qilishicha, bir haftada 9 ming dollar daromad olish ham IT sohasida g‘ayrioddiy holat emas. Shuningdek, Google va Meta kabi dunyo gigantlarida kiberxavfsizlik va boshqa IT yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘plab bo‘sh ish o‘rinlari mavjud.

Bu va boshqa dolzarb savollar yuzasidan InFast IT-ekotizimi asoschisi va direktori Muhammadaziz Yakubov bilan Yuz.uzning “Yosh iqtidorlar minbari” loyihasi doirasida suhbatlashdik.

Bugungi zamonda telefon kimdir uchun shunchaki vaqt o‘tkazish vositasi bo‘lsa, yana kimdir uchun kelajak kasbiga aylanmoqda. Muhammadaziz Yoqubov esa 9 yoshida telefonda o‘yin o‘ynash o‘rniga, “Bu o‘yinlar qanday yaratilgan?” degan savolni berdi. Aynan shu qiziqish uni IT sohasiga olib kirdi.

Bugun yoshlar uchun imkoniyatlar tobora kengayib borayotgan bir davrda, vaqtdan unumli foydalanib, yoshligidanoq ilm, hunar va kasb egallayotgan iqtidorli yoshlarni keng jamoatchilikka tanitish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Loyihaning ilk mehmoni — 14 yoshli dasturchi, startapchi va yosh tadbirkor Muhammadaziz Yoqubov bo‘ldi. U bugun nafaqat o‘z ustida ishlayapti, balki o‘nlab yoshlarga IT sohasini o‘rgatib, ularning kelajagiga ham hissa qo‘shmoqda.

Bugun esa u 20 dan ortiq real loyihalarda ishlagan, o‘z o‘quv markaziga asos solgan va kelajakda yirik startaplar yaratishni maqsad qilgan yoshlardan biri.

— Muhammadaziz, avvalo o‘zingiz haqingizda qisqacha ma’lumot bersangiz…

— Men Muhammadaziz Yoqubovman, 14 yoshdaman. Andijon viloyati Buloqboshi tumanida tug‘ilganman va hozir ham shu yerda yashayman. 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qiyman.

Hozirga qadar 20 dan ortiq real loyihalar bilan ishlaganman. IT mutaxassisiman, full-stack web dasturchi va mobile dasturchi sifatida faoliyat yuritaman. Shu bilan birga, o‘zimning o‘quv markazim — InfoStudy Academy ustida ishlayapman.

Akademiyamizda hozir 90 dan ortiq o‘quvchi bor. Ular frontend, backend, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, mobilografiya, SMM va grafik dizayn yo‘nalishlarida tahsil olishmoqda. Bu kurslarning barchasidan o‘zim dars beraman. Kelajakda o‘z IT kompaniyamni ochish niyatidaman. Bu kompaniya orqali startaplar yaratish, dunyodagi katta muammolarga texnologik yechimlar taklif qilishni maqsad qilganman.

— IT sohasiga qiziqishingiz qachon va qanday boshlangan?

— Qiziqishim 9 yoshimdan boshlangan. Avval telefonda o‘yin o‘ynardim. Keyin o‘ylay boshladim: “Bu o‘yinlar qanday yaratilgan? Ekran ichidagi bu jarayonlar qanday ishlaydi?” Shu savollar meni dasturlashga olib kirgan.

YouTube orqali turli videolar qidira boshladim. Dasturlash asoslari haqidagi darslarni ko‘rdim. Sekin-sekin tushuncha paydo bo‘ldi va onlayn o‘qishni boshladim.

— Oila a’zolaringiz telefondan foydalanishingizga qarshi bo‘lmaganmi?

— Bunday gaplar ham bo‘lgan, lekin ko‘p emas. Chunki ular telefondan nima maqsadda foydalanayotganimni bilishgan. Ayniqsa, onam menga ishongan. Sharoit yaratib bergan, o‘rganishim uchun qo‘llab-quvvatlagan.

— 14 yoshda o‘quv markazi ochishingizga nima sabab bo‘lgan?

— Bu qaror o‘zim boshimdan o‘tkazgan muammolardan kelib chiqqan. Biz Buloqboshida yashaymiz. U yerda IT bo‘yicha o‘quv markazlari yo‘q edi. Shu sababli har kuni shaharga borishimga to‘g‘ri kelardi. Yo‘lkira, ovqatlanish, vaqt — hammasi qiyin edi.

Men kabi ITga qiziqadigan bolalar ko‘p, lekin ularda imkoniyat kam. Shuning uchun o‘z tumanimizda arzon va sifatli ta’lim beradigan o‘quv markazi ochishga qaror qildim. Buning uchun ikki yil harakat qildim. 2023-yil 20-may kuni markazimizni ochdik.

— Hozir o‘quv markazingizda nechta o‘quvchi tahsil olmoqda?

— Hozir 90 nafardan ortiq o‘quvchimiz bor. Ulardan 30-40 nafari backend yo‘nalishida, qolganlari frontend bo‘yicha tahsil olmoqda. Yaqin vaqtlarda ko‘plab bitiruvchilarimiz bo‘ladi.

Kurs narxlarini ham Buloqboshi sharoitiga mos belgilaganmiz. Masalan, frontend kursi 300 ming so‘m, backend kursi 600 ming so‘m. Aslida, bunday kurslar boshqa joylarda ancha qimmat. Men o‘zim Andijonda oyiga 1 million 200 ming so‘m to‘lab o‘qiganman. Shu sabab, boshqalar men kabi qiynalmasin, degan maqsadda narxlarni imkoni boricha arzon qilganmiz.

— Avvalgi Muhammadaziz bilan bugungi Muhammadaziz o‘rtasida qanday farq bor?

— Juda katta farq bor. Avval muammo kelsa, faqat shu muammoning o‘zi haqida o‘ylardim. Hozir esa har qanday muammoga yechim topishga harakat qilaman.

Dunyoqarashim o‘zgargan. Harakatlarim kuchaygan. Endi to‘siqni ko‘rsam, undan qochmayman, aksincha, uni qanday yengish mumkinligi haqida o‘ylayman.

— Sizga qarab tengdoshlaringiz orasida ham ITga qiziqish ortdimi?

— Ha, albatta. Men haqimda “Inson” filmi chiqqanidan keyin ko‘pchilik meni taniy boshladi. Yo‘lda ham odamlar to‘xtatib, “Siz o‘sha filmdagi bolamisiz?” deb so‘rashadi.

Hozir markazimizga kelayotgan o‘quvchilarning 70-80 foizi ota-onalari orqali kelgan. Ular “Farzandim sizga o‘xshasin, sizdan o‘rgansin”, deyishadi. Bu, albatta, menga katta mas’uliyat yuklaydi.

— Sog‘lig‘ingiz bilan bog‘liq sinovlar ham bo‘lganini aytdingiz. Bu sizga to‘siq bo‘lmadimi?

— Menda tug‘ma gidronefroz kasalligi bor. Lekin men buni o‘zimga to‘siq deb qabul qilmayman. Qo‘lim, oyog‘im bor, yura olaman, ko‘ra olaman, gapira olaman, fikrlay olaman. Allohga shukr.

Avval bu holatni o‘zimga to‘siq qilib olgan vaqtlarim bo‘lgan. Lekin keyin tushundim: mendan ham og‘irroq holatdagi insonlar bor. Shuning uchun bu kasallikni o‘zimda yo‘qdek tasavvur qilaman va harakat qilishda davom etaman.

— Yo‘lingizda qanday qiyinchiliklar bo‘lgan?

— Qiyinchiliklar juda ko‘p bo‘lgan. Birinchi to‘siqlar 9 yoshimdan boshlangan. ITni internetdan o‘rganganimdan keyin ustoz kerakligini tushundim. Bir o‘quv markaziga bordim. Bir necha oy o‘qidim. Keyin oylik to‘lovni kechiktirganimiz uchun “pul to‘lamasang, o‘quv markazidan ketasan”, deyishdi. Shu voqea menga qattiq ta’sir qilgan.

Keyinchalik buyurtmalar bilan ishlay boshladim. Bir maktab uchun 103 million so‘mlik loyiha qilganman. Uch oy ishladim. Ta’til paytida hamma dam olayotganda men kechasigacha ishladim. Lekin o‘rtamizda shartnoma bo‘lmagani uchun pul to‘lanmadi.

Yana bir katta tashkilot uchun ham loyiha qilganman. G‘oyam yoqqan, sharoit qilib berishgan, lekin keyin kelishmovchilik bo‘lgan. Bir yil o‘tib, o‘sha g‘oyam boshqa dasturchilar tomonidan amalga oshirilganini ko‘rdim.

Shundan keyin xulosa qildim: endi har qanday ishni faqat shartnoma asosida qilaman. Hozir 50 foiz oldindan to‘lov olaman va barcha kelishuvlarni rasmiylashtiraman.

— Sun’iy intellekt dasturchilarga to‘siq bo‘ladimi yoki yordamchimi?

— Menimcha, sun’iy intellekt dasturchilarga to‘siq emas, yordamchi. Chunki sun’iy intellekt ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Uni ham dasturchilar yaratgan.

Faqat dasturchilar bilimni kuchaytirishi, sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanishni o‘rganishi kerak. Prompt engineering kabi yo‘nalishlarni bilish zarur. Sun’iy intellektdan qo‘rqish emas, uni to‘g‘ri ishlatish kerak. Hozir turli platformalar dasturchilar ishini yengillashtiryapti. Masalan, prompt orqali saytlar yoki dizaynlar tayyorlash mumkin. Lekin katta tizimlar, murakkab yechimlar baribir inson tafakkuri va mutaxassis bilimini talab qiladi.

— Sizni eng ko‘p kim qo‘llab-quvvatlagan?

— Eng katta suyanchim — onam va opam. Og‘ir kunlarimda aynan ular yonimda bo‘lgan. Tanishlar ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin qiyin paytda hamma ham yoningda turmaydi. Mening bu natijalarga erishishimda onam va opamning ishonchi, duosi va qo‘llab-quvvatlashi juda katta ahamiyatga ega.

— Eng yuqori topgan daromadingiz qancha bo‘lgan?

— 20 may holatiga ko‘ra, eng yuqori topgan daromadim 8-9 ming dollar atrofida bo‘lgan. Bu oylik daromad emas, bir haftalik ishim uchun olgan daromadim.

— Hayotdagi shioringiz qanday?

— Har qanday to‘siq kelsa ham, inson o‘z maqsadini aniq belgilab, oldinga harakat qilishi kerak. Qiyinchiliklar bo‘ladi, lekin ularga qarab to‘xtab qolmaslik kerak. Asosiysi — o‘zingga ishonish va harakatni davom ettirish.

— O‘zingiz kabi yoshlarga nima degan bo‘lardingiz?

— Har qanday qiyinchilikni yengish mumkin. Moddiy tomondan muammo bo‘ladimi, sog‘liq bilan bog‘liq sinov bo‘ladimi, barchasini harakat bilan yengsa bo‘ladi.

Eng og‘ir payt kelganda, ko‘pincha inson maqsadiga juda yaqin qolgan bo‘ladi. Shu paytda taslim bo‘lmaslik kerak. Yoshlar o‘z qiziqishini aniq bilishi kerak. Hamma narsaga birdaniga urinib ko‘rish ko‘p vaqt va kuch oladi. Agar inson ITga qiziqsa, butun e’tiborini shu sohaga qaratishi kerak. Albatta, qo‘shimcha ravishda ingliz tili, matematika, rus tili kabi bilimlarni ham o‘rganish zarur. Ota-onalar ham farzandining qiziqishini to‘g‘ri tushunishi kerak. Bolani faqat o‘zlari xohlagan sohaga majburlamasdan, uning iqtidorini qo‘llab-quvvatlashlari muhim.

— Eng katta armoningiz nima?

— Eng katta armonim — otamni bir marta bo‘lsa ham ko‘rish. U bilan yuzma-yuz uchrashish yoki bir daqiqa bo‘lsa ham suhbatlashishni istayman.

— Siz uchun do‘stlik nima?

— Do‘stlik degan tushuncha tuyg‘u bor narsa, lekin juda kamyob. Mening bir nafar haqiqiy do‘stim bor. Ko‘p gaplashamizmi-yo‘qmi, bu muhim emas. Asosiysi, u haqiqiy do‘st. Menimcha, do‘st ko‘p bo‘lmaydi, haqiqiy do‘stlik esa juda noyob ne’mat.

— Sizni oldinga harakat qilishga nima undaydi?

— Menimcha, motivatsiya vaqtinchalik narsa. U bir keladi, keyin yo‘qoladi. Lekin intizom doimiy bo‘lishi kerak. Inson tartib-intizom bilan harakat qilsa, natijaga erishadi. Menga eng katta kuch bergan narsa — oilamdagi vaziyatlar, onam va opamning ishonchi, duosi. Shu narsalar meni harakatdan to‘xtatmagan.

— Kelajakda kim bo‘lmoqchisiz?

— Kelajakda katta startapchi bo‘lmoqchiman. Oddiy ish tartibi — har kuni ertalab 9:00 dan kechqurun 7:00 gacha bir xil oylik uchun ishlash menga to‘g‘ri kelmaydi. Men har kunim har xil, mazmunli va harakatga boy bo‘lishini xohlayman. Men katta startaplar yaratishni maqsad qilganman. Stiv Jobs, Google asoschilari, Meta asoschisi Mark Sukerberg kabi dunyoga ta’sir qiladigan loyihalar qilishni istayman. Bu men uchun orzu emas, maqsad. Inshoalloh, unga erishaman. Eng katta maqsadim esa — oilam. Oilam tinch, sog‘-salomat, birovdan kam bo‘lmasdan yashasa, men uchun eng katta baxt shu.

— Oxirgi so‘z berilganda nimani aytgan bo‘lardingiz?

— Onam va opamni juda yaxshi ko‘rishimni aytgan bo‘lardim. Ular uchun harakatdan to‘xtamasligimni, ularning yaxshi hayot kechirishi uchun doim intilishimni aytgan bo‘lardim.

Muhammadaziz Yoqubov — chekka hududda tug‘ilib, katta orzular bilan oldinga intilayotgan yoshlardan biri. Uning hayotida qiyinchiliklar, sinovlar, ishonchsizliklar va adolatsiz holatlar bo‘lgan. Ammo u bularni bahona emas, tajriba sifatida qabul qilgan. U 14 yoshidayoq o‘z o‘quv markazini yo‘lga qo‘ygan, o‘nlab yoshlarga IT ta’limini bermoqda va kelajakda dunyo miqyosida tan olinadigan startaplar yaratishni maqsad qilgan.

“Yosh iqtidorlar minbari” loyihasining ilk mehmoni sifatida Muhammadaziz yoshlarga bir haqiqatni eslatadi: katta natijalar uchun katta yosh shart emas, katta ishonch, intizom va to‘xtamasdan oldinga harakat qilish kerak. Zero, ba’zan katta yutuqlar katta yoshdan emas, katta orzulardan boshlanadi. Kimdir uchun oddiy qiziqish bo‘lgan narsa, boshqa bir inson uchun kelajak sari tashlangan ilk qadamga aylanadi.

Zulxumor Akbarova