Majlisda suv xo‘jaligi tizimida korrupsiyaning oldini olish, davlat mablag‘laridan samarali foydalanish, raqamlashtirishni jadallashtirish, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish hamda sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash masalalari tanqidiy muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holati hududlar va sohalar kesimida muntazam o‘rganib kelinmoqda. Shu kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Samarqand viloyatlari, shuningdek, Maktabgacha va maktab taʼlimi hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklarida sayyor muhokamalar o‘tkazilgan.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2024–2025 yillar hamda joriy yilning o‘tgan davrida suv xo‘jaligi tizimida 301 nafar xodim tomonidan 243 ta korrupsiyaviy jinoyat sodir etilgan. Buning oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 70 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Muhokamalar davomida byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish, suv tejovchi texnologiyalar uchun ajratilgan subsidiyalardan noqonuniy foydalanish, suv fondi yerlarini boshqarishdagi qonunbuzarliklar, raqamlashtirish ishlarining sustligi hamda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, o‘rnatilgan «Aqlli suv» qurilmalarining katta qismi hozirgacha to‘liq samarali ishlamayotgani tanqid qilindi.
Majlisda korrupsiyaga qarshi kurashishda asosiy eʼtibor alohida huquqbuzarliklarga emas, balki ularni keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilishi lozimligi taʼkidlandi.
Yig‘ilish yakunida Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 10 kun muddatda sohadagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqib, Milliy kengashga kiritish vazifasi yuklatildi.