Tadbirkordan 63 ming dollar talab qilgan FVV mansabdori 25 ming dollarni olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Bu haqda DXX xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, u tuman hududidan oqib o‘tuvchi 3 ta soy qirg‘oqlarini mustahkamlash hamda beton plitali yo‘l o‘tkazgichlari qurish bo‘yicha umumiy qiymati 5,04 mlrd so‘mlik shartnomalarni go‘yoki vazirlikdagi tanishlari orqali mahalliy MChJga olib bergani rўkach qilib, tadbirkordan 63 ming AQSh dollari miqdorida «ulush» talab qilgan.
Aniqlanishicha, mansabdor joriy yilning mart–aprel oylarida ushbu mablag‘ning 24 ming dollarini olgan va qolgan 39 ming dollarini ham talab qilishda davom etgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi hamda FVVning Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda u talab qilingan pulning 25 ming dollarini o‘zining «Tracker» rusumli xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur mansabdorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.