Mazkur loyiha O‘zbekiston tarixidagi eng yirik xalqaro kosmik loyihalardan biri bo‘lib, milliy kosmik dastur rivojida yangi bosqichni boshlab berdi. Shuningdek, u O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-texnologik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida "O‘zbekkosmos" agentligi mutaxassislari tomonidan sun’iy yo‘ldosh borti uchun maxsus sun’iy intellekt moduli ishlab chiqildi. Ushbu texnologiya giperspektral ma’lumotlarni bevosita orbitada qayta ishlash imkonini berib, ma’lumotlarni uzatish va tahlil qilish samaradorligini oshiradi.
"Samarkand-2028" missiyasi qishloq xo‘jaligi, ekologiya, tabiiy resurslarni monitoring qilish, suv resurslarini boshqarish, favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish, shaharsozlik va boshqa yo‘nalishlarda kosmik texnologiyalardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Sun’iy yo‘ldoshga "Samarkand-2028" nomi berilishi ramziy ahamiyatga ega. Ushbu nom 2025-yilda Sidney shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro astronavtika kongressida (IAC) qabul qilingan qaror bilan 2028-yilgi kongress Samarqand shahrida o‘tkazilishi belgilanganiga ishora qiladi.
Mazkur loyiha O‘zbekistonning jahon kosmik hamjamiyatidagi ishtirokini kengaytirish, milliy muhandislik salohiyatini rivojlantirish hamda sun’iy intellekt va kosmik texnologiyalar yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.