Yigʻilishda vazirlar transport koridorlarini rivojlantirish, yuklarning chegaralar orqali toʻsiqsiz harakatini taʼminlash, tranzit jarayonlarini soddalashtirish hamda sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama etishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Maxkamov yigʻilishda soʻzlagan nutqida Markaziy Osiyoning tarixan Sharq va Gʻarbni bogʻlovchi muhim hudud sifatida shakllanganini, bugungi kunda esa mazkur salohiyat zamonaviy transport va logistika tizimlari orqali yangi bosqichga chiqayotganini qayd etib, transport sohasi nafaqat infratuzilma, balki iqtisodiy oʻsish va mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikning asosiy omili ekaniga urgʻu berdi.

Vazir transport sohasini raqamlashtirish masalasiga alohida toʻxtalib, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida «e-Permit» tizimining joriy etilgani xalqaro amaliyotda muhim qadam boʻlganini alohida taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, «e-CMR» tizimini joriy etish orqali yagona raqamli transport makonini shakllantirish muhim ahamiyatga ega ekanini bildirdi.

Shuningdek, I.Maxkamov zamonaviy sharoitda barqaror va samarali transport yoʻlaklarini rivojlantirish zarurligi taʼkidlab, «Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston» temir yoʻli loyihasi ushbu jarayonda butun mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Ushbu yirik infratuzilma loyihasi transport tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishini bildirdi.

Yigʻilish yakunida muhokama qilingan masalalar boʻyicha TDTga aʼzo mamlakatlarning umumiy pozitsiyasini aks ettiruvchi qoʻshma kommyunike qabul qilindi hamda «e-CMR» tizimini joriy etish boʻyicha memorandum imzolandi.