Farmonga ko‘ra, 2027/2028 o‘quv yilidan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tibbiyot ta’limi sohasiga ajratilgan davlat buyurtmasi parametrlari ta’lim yo‘nalishlari kesimida Sog‘liqni saqlash vazirligi (Vazirlik) tomonidan tasdiqlanadi. Bunda:

Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi tibbiyot va farmatsevtika kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojni o‘rganish bo‘yicha asosiy ishchi organ hisoblanadi;

qabul ko‘rsatkichlari tibbiyot va farmatsevtika kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojdan kelib chiqib, hududlar ehtiyoji, tibbiyot tashkilotlarining ehtiyoji hamda tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar yetishmovchiligini hisobga olgan holda shakllantiriladi.

2027/2028 o‘quv yilidan tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim tashkilotlarida:

davolash ishi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi negizida “5+1” shaklidagi (bitiruvchi kurs talabalari bir yil to‘liq amaliyot o‘tashi shaklida) 6 yillik umumiy tibbiyot bakalavriat ta’lim yo‘nalishi joriy etiladi;

amalda davolash ishi bakalavriat ta’lim yo‘nalishining tegishli bosqichlarida tahsil olayotgan talabalarning o‘quv jarayonlari yangi moslashtirilgan o‘quv reja va dasturlar asosida tashkil etiladi;

umumiy tibbiyot bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilari umumiy amaliyot shifokori kvalifikatsiyasiga ega bo‘ladi va ular belgilangan tartibda oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi;

tibbiyot sohasining barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun to‘liq o‘quv yili davomida amaliyot o‘tash tizimi joriy etiladi;

stomatologiya yo‘nalishida talabalarning amaliy mashg‘ulotlarini tashkil etish maqsadida tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga stomatologiya poliklinikalari biriktirib beriladi.