Dunyoda ishonch inqirozi, geosiyosiy taranglik va xavfsizlik bilan bog‘liq tahdidlar tobora kuchayib borayotgan bugungi tahlikali sharoitda Alisher Navoiyning asrlar osha yangrayotgan quyidagi hikmati yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda:
“Olam ahli bilingizkim,
ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizgakim,
erur yorlig‘ ish”.
Ushbu bitiklar insonparvarlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlik g‘oyalarini ulug‘laydi. Bugun yurtimizda “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida yuritilayotgan ichki va tashqi siyosat aynan shu ezgu falsafa bilan ¬ham-ohangdir.
Prezidentimizning global muloqotni ta’minlash sa’y-harakatlari falsafasi insoniyat oldida turgan dolzarb masalalarga yechim topish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, o‘zaro ishonch va bag‘rikenglik muhitini qaror toptirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda kelajak avlodlar manfaatlarini himoya qilish kabi ezgu g‘oyalar bilan chambarchas bog‘liq.
Mamlakatimizning mazkur g‘oyalarga asoslangan tashqi siyosati ochiqlik, o‘zaro ishonch, teng huquqli muloqot, vazmin va pragmatik hamkorlik tamoyillariga tayanadi.
Xususan, 2017-2025-yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 11 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Bu esa yurtimizning xalqaro kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etayotgan, global muammolar yechimiga aniq va amaliy takliflar bera oladigan davlat sifatidagi nufuzini yaqqol namoyon etadi.
O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasi davlatlar manfaatlarini uyg‘unlashtirish bilan cheklanmay, millionlab insonlarning kundalik hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan insonparvar diplomatiya modelini shakllantirdi. Bu esa mamlakatimizni xalqaro hamjamiyatning oddiy ishtirokchisi emas, balki mintaqaviy va global kun tartibini belgilashda faol tashabbuskor davlat sifatida e’tirof etilishiga xizmat qilmoqda.
Buyuk taraqqiyot yo‘li e’tirofi
Prezidentimiz davlat tashrifi bilan Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida qator rasmiy tadbirlarda ishtirok etdi. Ushbu mamlakatga tashrif so‘nggi 23 yilda ilk bor amalga oshirilayotgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Unda Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaning oliy mukofotlaridan biri — “Oltin mo‘yna” ordeni bilan taqdirlanishi nafaqat ikki davlat munosabatlari tarixidagi muhim voqea, balki O‘zbekistonning keyingi yillarda xalqaro maydonda erishgan yuksak nufuzining navbatdagi amaliy e’tirofi sifatida baholanmoqda.
Mazkur yuksak mukofot davlatimiz rahbariga O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Gruziya ¬Prezidenti Mixail Kavelashvili tomonidan topshirildi. Bu ikki mamlakat o‘rtasida shakllangan o‘zaro ishonch, strategik sheriklik va samimiy do‘stlikning ramziy ifodasi bo‘ldi.
Xalqaro munosabatlar amaliyotida davlat tashriflari doirasida muzokaralar o‘tkazilishi, hukumatlararo hujjatlar va iqtisodiy bitimlar imzolanishi tabiiy hol. Ammo davlatning eng oliy mukofoti bilan taqdirlanish mutlaqo boshqa mazmunga ega. Bu, eng avvalo, mamlakat rahbarining shaxsiy faoliyatiga, xalqaro siyosatdagi o‘rni va nufuziga hamda ikki davlat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishdagi xizmatlariga berilgan yuksak bahodir. Shu ma’noda, “Oltin mo‘yna” ordeni nafaqat Prezidentimizga, balki yangi O‘zbekiston siyosatiga, mamlakatning tanlagan taraqqiyot yo‘liga va xalqaro maydondagi konstruktiv pozitsiyasiga berilgan yuksak ishonch belgisidir.
Ordenning o‘zi ham chuqur ramziy ma’noga ega. 1998-yilda ta’sis etilgan “Oltin mo‘yna” Gruziya davlatchiligini rivojlantirish, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda gruzin madaniyati, ilm-fani va san’atini targ‘ib etishga qo‘shgan alohida xizmatlari uchun beriladi. Uning nomi qadimgi yunon mifologiyasidagi oltin mo‘yna haqidagi afsona va tarixiy Kolxida o‘lkasi bilan bog‘liq bo‘lib, xalqaro obro‘ va sharafning yuksak ramzi hisoblanadi. Shuningdek, orden markazida joylashgan oltin mo‘yna tasviri, qalqon hamda “LABOR PRO GEORGIA” (“Gruziya farovonligi yo‘lidagi mehnat”) shiori ham uning yuksak maqomga ega ekanini anglatadi.
Turli yillarda ushbu orden bilan Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II, Iordaniya Podshohi Abdulla II, Germaniya Kansleri Gerxard Shryoder, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon Prezidenti Haydar Aliyev kabi yirik davlat arboblari taqdirlangani mukofotning xalqaro nufuzini yanada yaqqol namoyon etadi. Endi ular qatoridan O‘zbekiston Prezidenti ham munosib o‘rin egallashi mamlakatimiz xalqaro nufuzi yuksalayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi munosabatlarining bugungi holati jiddiy dinamikaga egaligi bilan ajralib turadi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 270 million AQSH dollariga yetdi, qo‘shma korxonalar va investitsiya loyihalari soni izchil ortib bormoqda. Mamlakatimizda Gruziyaning yetakchi moliya institutlaridan biri — TBC Bankning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi iqtisodiy hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilganini anglatadi.
Bugun Toshkent shahri bilan Tbilisi va Batumi shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani, joriy yil mart oyida Toshkentda Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonch tobora mustahkamlanib borayotganining amaliy ifodasidir.
Shuningdek, Poti va Batumi portlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali transport-logistika hamkorligini kengaytirish, savdo hajmini yanada oshirish, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, raqamli texnologiyalar va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ulkan istiqbollar mavjud. Bu esa O‘zbekiston va Gruziya munosabatlari strategik iqtisodiy va gumanitar sheriklikning yangi bosqichiga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi.
Ushbu oliy mukofot joriy yil Mustaqilligimizning 35 yilligini nishonlayotgan yurtimizning tanlagan taraqqiyot yo‘li, tinchlikparvar tashabbuslari hamda xalqaro maydondagi tobora ortib borayotgan nufuziga bildirilgan yuksak ishonch va hurmatning yorqin ifodasidir.
Markaziy Osiyo birligining me’mori
Markaziy Osiyoning so‘nggi yillarda shakllanayotgan yangi arxitekturasi tasodifiy hodisa emas. “Birlashgan — o‘zar”, deydi donishmand xalqimiz. Bu hikmatga asoslangan siyosatimiz faqat milliy manfaatlarni himoya qilish bilan cheklanib qolmay, balki mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash, davlatlar o‘rtasidagi umumiy taraqqiyotga xizmat qiladigan yangi muloqot madaniyatini shakllantirishga qaratilmoqda.
Natijada mintaqamizda o‘nlab yillar davomida yig‘ilib qolgan ko‘plab muammolar konstruktiv muloqot va o‘zaro ishonch asosida hal etila boshladi.
2017-yilga qadar Markaziy Osiyoning ayrim davlatlari bilan chegaralar yopiqligi tufayli azaldan qarindosh-urug‘, quda-anda bo‘lib yashab kelgan xalqlarimizning bordi-keldisi o‘n yillab uzilib qolgandi, ayrim chegara hududlari esa hatto minalashtirilgandi. Bu esa nafaqat davlatlararo munosabatlarga, balki oddiy insonlarning kundalik hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgandi.
Qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo muloqotdan haqiqiy sheriklikka o‘tib, hududiy masalalar tartibga solindi, chegaralar ochildi, energetika, transport va savdo sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bugun Markaziy Osiyo tobora hamjihatlik va barqaror taraqqiyot makoniga aylanib, institutsional arxitektura izchil kuchaymoqda.
Hozir mintaqa kun tartibi tubdan o‘zgardi. Ilgari asosiy e’tibor chegaralar, xavfsizlik va nizolarga qaratilgan bo‘lsa, hozir transport va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish, “yashil” energetika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, sanoat kooperatsiyasi, investitsiyalar va xalqaro logistika kabi istiqbolli yo‘nalishlar Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligining asosiy ustuvor vazifalariga aylanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev fenomeni Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhitni shakllantirishga xizmat qilgan tinchliksevar va ochiq tashqi siyosatning samaradorligi hamda uning mintaqada o‘zaro ishonch va strategik sheriklikni qaror toptirishdagi yetakchi roli Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan yuksak e’tirof etilganida namoyondir.
Buning yaqqol isboti 2017 yilda Qirg‘iziston Prezidenti tomonidan Shavkat Mirziyoyev “Danaker” ordeni bilan taqdirlangani bo‘ldi. Mazkur orden xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga alohida hissa qo‘shgan davlat va jamoat arboblariga beriladi. Mukofot Prezidentimizning O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ko‘p yillik muammolarni siyosiy muloqot orqali hal etish hamda an’anaviy yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini tiklashdagi shaxsiy xizmatlari e’tirofi sifatida qadrlanadi.
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon 2021-yilda Shavkat Mirziyoyevni mamlakatning yuksak davlat mukofoti — I darajali “Zarrintoj” (“Oltin toj”) ordeni bilan taqdirladi. Mazkur mukofot ikki davlat -munosabatlarida yangi davr boshlangani, o‘zaro ishonch va tarixiy yaqinlikka tayangan hamkorlik modelining xalqaro e’tirofi sifatida muhim ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda erishilgan kelishuvlar tufayli millionlab insonlar o‘zgarishlarni o‘z hayotida bevosita his qilmoqda. Bu esa davlatlararo munosabatlarning asosiy mezoni sifatida inson manfaati qaror topganini ko‘rsatadi.
2024-yilda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev tomonidan Shavkat Mirziyoyevga mamlakatning eng oliy davlat mukofoti — “Oltin qiron” (“Oltin burgut”) ordeni topshirildi. U ikki xalqning ko‘p asrlik do‘stligi va yaxshi qo‘shnichilik an’analarini yanada mustahkamlash, O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlarini strategik sheriklikdan ittifoqchilik darajasiga olib chiqqan tarixiy sa’y-harakatlarga berilgan bahodir.
Mazkur mukofotlarning barchasi mazmun-mohiyatiga ko‘ra bir-birini to‘ldiradi. Ularning zamirida tinchlik, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklik falsafasi mujassam.
Xalqlar o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi
Prezidentimizning tashqi siyosat falsafasida davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar, eng avvalo, xalqlar taqdiri va inson manfaatlari bilan o‘lchanadi. Shu bois, davlatimiz rahbarining har kungi faoliyatida davlatlar va xalqlar o‘rtasida ishonch ko‘priklarini barpo etish, millatlarni o‘zaro yaqinlashtirish hamda tinch, xavfsiz va farovon kelajakni ta’minlashga qaratilgan izchil sa’y-harakatlarni kuzatish mumkin. Yangi siyosiy tafakkur zamirida vatanga cheksiz muhabbat, xalq manfaatini har qanday qaror va tashabbusning bosh mezoniga aylantirgan yuksak davlatchilik mas’uliyati mujassam.
Bugungi kunda dunyoda ishonch inqirozi, geosiyosiy nizolar va xavfsizlikka tahdidlar kuchayib borayotgan murakkab sharoitda har bir rasmiy muloqot, har bir oliy darajadagi uchrashuv va har bir erishilgan kelishuvning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, tashqi siyosatimiz nafaqat O‘zbekiston milliy manfaatlarini ta’minlashga, balki turli davlatlar va xalqlar o‘rtasida uzoq muddatli ishonch muhitini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.
Tashqi siyosiy muloqot qadalgan nihol kabidir. Uning samarasi vaqt o‘tishi bilan savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar, gumanitar hamkorlik, ta’lim, turizm, xavfsizlik orqali xalqlar farovonligida namoyon bo‘ladi. Zero, haqiqiy diplomatiyaning qiymati imzolangan hujjatlar yoki o‘tkazilgan rasmiy tadbirlar soni bilan emas, balki xalqlar o‘rtasidagi ishonch qanchalik oshgani, barqaror taraqqiyot uchun qay darajada mustahkam zamin yaratgani hamda insonlar hayotiga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatgani bilan baholanadi.
O‘zbekistonning ana shunday tashqi siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. Jumladan, 2024-yilda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an tomonidan davlatimiz rahbari Turkiya Respublikasi Ordeni bilan taqdirlandi. Mazkur mukofot ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarish, xalqlar o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlarning munosib e’tirofi bo‘ldi.
2025-yilda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Prezident Shavkat Mirziyoyevni Fransiyaning eng oliy davlat mukofoti — Faxriy legion ordeni bilan taqdirladi. 1802-yilda Napoleon Bonapart tomonidan ta’sis etilgan orden Fransiyada davlat va jamiyat oldidagi alohida xizmatlarning eng yuksak e’tirofi hisoblanadi. Mukofotning davlatimiz rahbariga topshirilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikning yangi bosqichga chiqqanini, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuv tobora mustahkamlanayotganini anglatadi.
O‘sha yilning o‘zida Prezident Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining oliy davlat mukofoti — “An-Nahda” (“Renessans”) ordeniga sazovor bo‘ldi. Bu mukofot O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi samarali sa’y-harakatlarga berilgan baho bo‘ldi.
Mazkur mukofotlardan kelib chiqadigan umumiy xulosa shuki, Prezident Shavkat Mirziyoyev diplomatiyasi bugun nafaqat davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlamoqda, balki xalqlar o‘rtasida ishonch ko‘priklarini barpo etayotgan zamonaviy diplomatiya maktabi sifatida ham xalqaro miqyosda tan olinmoqda.
Ilm-fan, madaniyat va sport — chegara bilmas diplomatiya
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim ustunlaridan biri Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish g‘oyasidir. Har qanday Renessans, eng avvalo, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at yuksalishi bilan boshlangan. Shu bois, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim milliy taraqqiyotning asosiy drayverlaridan biri sifatida belgilandi.
Buning amaliy natijasi o‘laroq, oliy ta’lim muassasalari soni 2016-yildagi 77 tadan 2025/2026 o‘quv yili boshiga kelib 215 taga yetdi, talabalar soni esa 1,5 milliondan oshdi. Shuningdek, 2025-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonning 7 ta oliy ta’lim muassasasi QS World University Rankings, 4 tasi Times Higher Education World University Rankings, 59 tasi esa THE Impact Rankings xalqaro reytinglariga kiritildi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatimizni Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida mazkur reytinglar bo‘yicha yetakchi davlatlardan biriga aylantirib, O‘zbekistonda inson kapitaliga sarmoya kiritish, ilm-fan va ta’limni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida rivojlantirish amaliy samaralarini berayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
O‘zbekistonda inson kapitali, intellektual salohiyat, sog‘lom turmush tarzi va ma’naviy taraqqiyotni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirish borasidagi keng ko‘lamli islohotlar munosib e’tirof etilmoqda.
Xususan, 2019-yilda Yaponiyaning nufuzli Nagoya universiteti davlatimiz rahbariga faxriy doktor unvonini berdi. Mazkur yuksak akademik e’tirof mamlakatimizda innovatsiyalar va xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatiga berilgan munosib baho sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Madaniyat va ma’naviyat sohasida ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning turkiy sivilizatsiyaning boy merosini asrab-avaylash, xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda umumiy qadriyatlarni targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslari xalqaro miqyosda e’tirof etildi. 2020-yilda u Turkiy dunyo yozuvchilari, ziyolilari va san’atkorlari jamg‘armasi (TURKSAV) ta’sis etgan “Turkiy dunyo tiklanishiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Prezidentimiz Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan turkiy xalqlar birligini mustahkamlash, turkiy davlatlarning umumiy manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun “Turkiy dunyoning oliy ordeni” bilan taqdirlandi. Bu yuksak mukofot O‘zbekistonning turkiy xalqlar integratsiyasida yetakchi rolining xalqaro e’tirofi bo‘ldi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston sport sohasida qator tarixiy yutuqlarga erishdi. O‘zbekistonlik grossmeysterlar tomonidan shaxmat bo‘yicha qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlar, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz o‘z tarixidagi eng yuqori natijalardan birini qayd etgani, milliy futbol terma jamoasi esa ilk bor jahon chempionatiga chiqqani shular jumlasidan.
Joriy yilda Jahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Cho Chung Von O‘zbekistonda sportni jadal rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, zamonaviy sport infratuzilmasini barpo etish borasidagi islohotlarni yuksak baholab, Shavkat Mirziyoyevga federatsiyaning eng oliy shaxsiy mukofoti — Shon-sharaf ordenini topshirdi. Ordenning tarixda ilk bor davlatimiz rahbariga taqdim etilgani mamlakatimizda sport sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar va yoshlar siyosati xalqaro miqyosda munosib e’tirof etilganining yorqin dalili bo‘ldi.
Xulosa
Bu kabi har bir e’tirof O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni, yuksalib borayotgan ishonch va hurmat, Prezidentimizning tinimsiz amaliy harakatlari va uzoqni ko‘zlagan siyosatining yorqin ifodasi sifatida qabul qilinishi lozim. Bugun O‘zbekiston ko‘plab davlatlar uchun ishonchli hamkor, mas’uliyatli muloqot ishtirokchisi va tinchlikparvar tashqi siyosat yuritayotgan mamlakat sifatida tanilmoqda, tan olinmoqda.
Bekzod NARIMONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari,
yuridik fanlar doktori