Syerra-Leone davlatidan yuborilgan kuryerlik jo‘natmasini Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida joylashgan xususiy kuryerlik pochtasidan qabul qilib olgan vaqtida Yashnobod tumanida yashovchi, 1983 y.t., muqaddam sudlangan shaxs to‘xtatildi va unga tegishli jo‘natma tekshirildi.
Natijada, avtoehtiyot qismlari ichiga 728 gr “kokain” moddasi yashirib qo‘yilganligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, uning yashash xonadonidan zip paketlarga solingan kukunsimon moddalar va tarkibida narkotiklar bo‘lgan shirinliklar ham ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1971 y.t. fuqaro taqiqlangan ko‘knori o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Gilavasoy qishlog‘i tog‘ yon bag‘irlaridagi yer maydoni ko‘zdan kechirilganda, jami 17600 tup ko‘knori va 9 tup kannabis o‘simliklari mavjudligi aniqlandi.
Bundan tashqari, ushbu shaxsning yashash xonadonida quritilgan ko‘knori boshoqlari hamda quritib, maydalangan holda saqlanayotgan ko‘knori borligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 270-moddasi 2-qismi “v” bandi va 25,273-moddasi 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.