Poytaxtda jamoat transporti harakatini tezlashtirish va aholining shaxsiy avtomobillarga qaramligini kamaytirish boʻyicha ishlar bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, Toshkentda avtomobillar soni har yili taxminan 30 mingtaga koʻpaymoqda. Shu sababli avtobuslarning umumiy transport oqimida tirbandliklarga duch kelmasligi uchun ularga alohida yoʻlaklar ajratish rejalashtirilgan.

Joriy bosqichda mutaxassislar jamoat transporti yoʻnalishlari oʻtadigan, umumiy uzunligi 150 kilometrdan ortiq boʻlgan yoʻl qismlarini tahlil qilgan. Natijada quyidagi toʻrtta koʻchada ishlarni boshlash tavsiya etilgan:

  • Muqimiy koʻchasi — Yashnobod va Chilonzor tumanlari hududidagi 4,6 kilometrlik qism;
  • Qoratosh va Koʻkcha Darvoza koʻchalari — Shayxontohur tumanidagi 4,2 kilometrlik qism;
  • Parkent koʻchasi — Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 2,8 kilometrlik qism;
  • Mirzo Ulugʻbek shohkoʻchasi — Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 6,3 kilometrlik qism.

Ushbu hududlarda markaziy koʻchalarni taʼmirlash va avtobuslar harakati uchun alohida yoʻlaklar tashkil etish koʻzda tutilgan.

Poytaxt hokimining tegishli qarori imzolangan. Ayni paytda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun byudjet mablagʻlarini shakllantirish ishlari olib borilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyihaga taxminan 6,5 milliard soʻm sarflanishi mumkin. Xarajatlarni Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash rejalashtirilgan.

Loyihalar buyurtmachisi sifatida «Toshkent invest kompaniyasi» AJ belgilanishi kutilmoqda. Loyihalash tashkilotlari, pudratchilar va texnik nazorat xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar qonunchilikda belgilangan tartibda tanlov asosida aniqlanadi.

Qurilish ishlari boshlanishidan oldin muhandislik kommunikatsiyalari va kommunal infratuzilma tarmoqlari tekshiriladi. Nosozliklar aniqlangan taqdirda, ular belgilangan tartibda taʼmirlanadi, koʻchiriladi yoki almashtiriladi. Shuningdek, ish jarayonida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va tirbandliklarning oldini olish choralari koʻriladi.

Loyihada piyodalar uchun qulay yoʻlaklar, yoʻl koʻrsatkichlari, bekat majmualari va yoritish tizimini tashkil etish ham nazarda tutilgan.

Yoʻl qoplamasi sifatiga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Xususan, polimer bilan modifikatsiyalangan bitum va togʻ jinslaridan olingan mustahkam chaqiqtosh asosidagi SHMA — shagʻal-mastikali asfaltbeton qorishmasidan foydalanish talab etiladi. Maʼlum qilinishicha, ushbu qoplama 2023-yildan buyon poytaxtning iqlim sharoitida oʻzini yaxshi oqlagan.

Hokimlik rejalashtirilayotgan oʻzgarishlar va loyihaning har bir bosqichi haqida aholiga ochiq maʼlumot berib borishini bildirgan.

Loyihaning asosiy maqsadi — avtobuslarda harakatlanishni tez, qulay va xavfsiz qilib, jamoat transportini shaxsiy avtomobillarga muqobil vositaga aylantirishdan iborat.