Bu haqida Transport vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda poytaxtdagi yer usti jamoat transporti 169 ta avtobus yo‘nalishida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Ta’kidlanishicha, yilning barcha fasllarida aholi uchun qulay va xavfsiz tashuv xizmatlarini tashkil etish sohaning ustuvor vazifalaridan hisoblanadi.

Shu munosabat bilan Toshkent shahri avtobus yo‘nalishlarida tashuvchilar tomonidan brutto-shartnoma talablari va belgilangan sifat mezonlariga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirildi.

Belgilangan talablarga muvofiq, tashqi havo harorati +28 darajadan yuqori bo‘lgan hollarda avtobus va elektrobuslar salonida konditsionerlar ishlatilishi hamda ichki harorat +26 daraja atrofida saqlanishi shart.

Transport vazirining tegishli ko‘rsatmasi asosida Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi hamda «Toshshahatransxizmat» AJ rahbariyati boshchiligidagi ishchi guruhlar avtobus yo‘nalishlarida reydlar o‘tkazib, brutto-shartnoma doirasidagi sifat talablarining bajarilishini joylarda nazorat qilmoqda.