Yoʻl harakatini tashkil etish markazi tashabbusi bilan bekat hududi qisqa muddatli jismoniy mashgʻulotlar uchun moʻljallangan vorkaut jihozlari bilan taʼminlandi. Endi yoʻlovchilar avtobus kutish vaqtidan yengil mashqlar qilish, turnikda tortilish yoki jismoniy faollik bilan shugʻullanish uchun foydalanishlari mumkin.
Taʼkidlanishicha, bunday yondashuv shahar infratuzilmasi nafaqat harakatlanish, balki aholi salomatligi, qulayligi va kundalik turmush sifatini oshirishga ham xizmat qilishini koʻrsatadi.
Bu kabi amaliyot dunyoning qator shaharlarida ham qoʻllanilgan. Jumladan, Seul, Pekin, Singapur, Parij, Bogota va Kali shaharlaridagi ayrim avtobus bekatlari turniklar, zinapoyalar va boshqa sport jihozlari bilan jihozlangan kichik faollik hududlariga aylantirilgan.
Qayd etilishicha, bunday obyektlar avvalo aholi zich yashaydigan hududlarda, serqatnov avtobus yoʻnalishlari mavjud bekatlarda hamda xavfsizlik talablariga javob beradigan joylarda barpo etiladi.
Asosiy mezonlar sifatida yoʻlovchilar xavfsizligi, qulaylik, mustahkam konstruksiyalar, muntazam texnik xizmat koʻrsatish va jamoat transporti hamda piyodalar harakatiga xalaqit bermaslik belgilangan.
Shuningdek, poytaxt hokimligi aholi takliflarini qabul qilishini maʼlum qildi. Fuqarolar vorkaut-bekatlar tashkil etish maqsadga muvofiq boʻlgan manzillar boʻyicha takliflarini @codd_tashkent_bot Telegram-boti orqali yuborishlari mumkin.