Ma’lum qilinishicha, fuqaro Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qilib, Toshkent kimyo-texnologiya institutida mas’ul lavozimda ishlovchi shaxs uni oliygohga o‘qishga kiritish evaziga oldindan 5 ming AQSH dollari talab qilayotganini bildirgan.

Murojaat asosida Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida gumonlanuvchi fuqaro dan 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni oliy ta’lim muassasalariga hech kim pul evaziga o‘qishga kiritib qo‘ya olmasligini eslatib, bunday holatlarga duch kelganda zudlik bilan tegishli idoralarga murojaat qilishga chaqirdi.