Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyati Marhamat tumanida yashovchi, 2000 y.t. shaxs o‘zining boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtotransport vositasida tadbir ishtirokchilarining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan qochishga urinib, avtomashina salonida bo‘lgan 2 dona o‘ramdagi shubhali moddalarni uloqtirib yuboradi. 

So‘ngra, transport vositasi to‘xtatilib, uning salonidan qo‘shimcha yana 2 dona hamda mazkur shaxs qabul qilib olishi kerak bo‘lgan geolokatsiyadan esa 1 dona o‘ramdagi shubhali moddalar olindi. 

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida aniqlangan moddalar “gashish” giyohvandlik vositasi hisoblanib, ularning jami og‘irligi 5 kg.ni tashkil etadi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda katta miqdordagi sintetik narkotiklar fosh etildi. 

2005 y.t. xorijiy davlat fuqarosi to‘xtatilib tekshirilganda, uning yonida zip-paketga solingan kukunsimon modda borligi ma’lum bo‘ldi hamda u vaqtincha yashayotgan xonadon ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. 

Natijada, turli oziq-ovqat mahsulotlari nomi ostida qadoqlangan paketlar ichida 4 kg 133 gr “3-xlorometkatinon”, 403 gr “Amfetamin”, 720 gr “MDMA” va 20 gr “kokain” giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Chegara qo‘shinlari hamda Bojxona organlari hamkorligida Uchqo‘rg‘on tumanidagi chegara-bojxona postida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘shni davlatdan mamlakatimizga kirib kelgan – Chortoq tumanida yashovchi, 2000 y.t. shaxs boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli transport vositasi tekshirildi. 

Natijada uning yoqilg‘i baki ichiga 2 kg 513 gr “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi yashirilganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. 

Shuningdek, mazkur shaxs bilan chegara-bojxona postigacha birga kelib, postni piyoda kesib o‘tib, respublikamiz hududida uni kutib turgan 2005 y.t. chortoqlik sherigi ham ushlandi.