Qayd etilishicha, vaqtinchalik nizom 2026 yil 30 sentyabrda 3949-son bilan ro‘yxatga olingan.
Unga ko‘ra, yo‘l operatori pulli yo‘ldan foydalanish boshlanishidan oldin tariflar, to‘lov usullari va muqobil bepul yo‘l haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilishi shart.
Pulli yo‘ldan foydalanish operator va foydalanuvchi o‘rtasida tuziladigan ommaviy shartnoma asosida amalga oshiriladi. To‘lovlarni elektron shaxsiy hisob, to‘lov punkti yoki kechiktirilgan to‘lov usuli orqali amalga oshirish mumkin.
Yo‘ldan foydalanish narxi transport vositasi toifasiga qarab belgilanadi. Bunda operator tariflarni Transport vazirligi belgilagan eng yuqori miqdorlardan oshirmagan holda mustaqil belgilaydi.
Shuningdek, foydalanuvchilar to‘lovlar tarixini va mavjud qarzdorlikni tekshirish, noto‘g‘ri hisoblangan to‘lovlarni qayta hisoblashni talab qilish huquqiga ega. Operatorning harakatlari ustidan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga yoki sudga shikoyat qilish ham mumkin.
To‘siz to‘lov tizimida kechiktirilgan to‘lov qo‘llanilganda, foydalanuvchi xabarnoma yuborilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida to‘lovni amalga oshirishi lozim.
Qarzdorlik yuzasidan shikoyat kelib tushgan taqdirda, operator besh ish kuni ichida ma’lumotlarni qayta tekshiradi. Shikoyat asosli deb topilsa, qarzdorlik bekor qilinadi yoki to‘lov qayta hisoblanadi.
Nizomga muvofiq, operator yo‘lni soz holatda saqlashi, avariyalar va texnik nosozliklar yuzaga kelganda yordam ko‘rsatishni tashkil etishi, shuningdek, yo‘ldagi nosozliklar tufayli transport vositalariga yetkazilgan zararni belgilangan tartibda qoplashi shart.
Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi va pulli avtomobil yo‘llaridan foydalanish tartibini belgilovchi Vazirlar Mahkamasi qarori kuchga kirguniga qadar amal qiladi.