Joriy yil 21-22-avgust kunlari Turizm qo‘mitasi va Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida Parkent tumanining Zarkent qishlog‘ida “Uzum sayli — 2026” xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi. Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad sayyohlar oqimini oshirish, uzumchilik va vinochilik yo‘nalishida tajriba almashish, ekoturizm mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish hamda xorij sarmoyasini mamlakatimizga jalb qilishdan iborat. Festivalda respublikaning barcha viloyatidan fermer xo‘jaliklari, etnoturizm yo‘nalishidagi tadbirkorlar va turli tabiiy ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2025-yil 24-iyuldagi “Toshkent viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq to‘rtinchi marta o‘tkazilayotgan mazkur festival o‘zbek uzumchiligining boy tarixi, bugungi salohiyati va kelgusi istiqbollarini o‘zida mujassam etgan nufuzli xalqaro maydonga aylanib bormoqda.

* * *

Bu yilgi festivalda xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, ekspertlar, soha mutaxassislari, tadbirkorlar hamda yirik vinochilik korxonalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir dasturidan ilmiy-amaliy konferensiyalar, biznes-seminarlar va mahorat darslari ham o‘rin oldi. Ularda uzum ¬yetishtirish samaradorligini oshirish, yangi navlarni joriy etish, zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanish, mahsulotni saqlash va qayta ishlash, eksport hajmini ko‘paytirish, shuningdek, xalqaro tajribani O‘zbekiston sharoitiga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Xorijlik va mahalliy mutaxassislar sohaga oid ilg‘or tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

— Toshkent viloyatida uzumchilikning boy va o‘ziga xos tarixi bor, — deydi Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xurshid Qoraboyev. — So‘nggi yillarda viloyatimizda uzumchilikni zamonaviy asosda rivojlantirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va eksportbop navlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, joriy yilda ilk bor danaksiz “Avatar” uzum navi yetishtirilib, dastlabki hosil olindi. Mutaxassislar uning eksport salohiyati yuqori ekanini ta’kidlamoqda. Hozir viloyatda yetishtirilayotgan uzumning 50 ming tonnadan ortiq qismi 15 davlatga, vino mahsulotlari esa 12 davlatga eksport qilinmoqda. Kelgusi ikki yilda viloyatda yana 12 ming gektar yuqori hosildor uzum plantatsiyalarini barpo etish rejalashtirilgan. Natijada uzumzorlar maydoni 49 ming gektarga, yalpi hosil esa 520 ming tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar uzumchilikning hudud iqtisodiyotidagi o‘rni tobora ortib borayotganini, tarmoqda eksportbop mahsulot yetishtirish va yangi ish o‘rinlari ochish imkoniyatlari kengayayotganini ko‘rsatadi.

Mamlakatimizda yetishtirilayotgan 30 ga yaqin xo‘raki va musallasbop uzum navlarining 13 tasi Toshkent viloyatida yaratilgani hududda uzumchilik va seleksiya maktabi qanchalik mustahkam shakllanganidan dalolat beradi.

Mashhur uzumchi-seleksioner Rizamat ota Musomuhammedov qariyb 15 yillik izlanish va tadqiqotlari natijasida mahalliy iqlim sharoitiga mos, serhosil uzum navini yaratgan.

— Hozir 1 gektar 30 sotix maydonda uzumning turli navlarini Samarqand va ¬vodiy viloyatlaridan olib kelib, yetishtiryapmiz. Maydonlarimiz lalmi yerdan iborat. Qishda qor, bahorda yomg‘ir suvidan unumli foydalanib, tokzorni parvarishlaymiz, — deydi zarkentlik usta dehqon Alimardon Dehqonov. — O‘tgan yilgi sayilda 15 million so‘mlik uzum sotdik. Bu yil ham hosil mo‘l, xaridor ko‘p. Mehnatning ortidan farzandlarimizni o‘qitdik, uy-joylar qurdik, to‘ylar qildik. Uzumning barakasi bor.

Zarkentdagi xalqaro uzum sayli nafaqat hosil bayrami, balki halol mehnat ulug‘lanayotgan, dehqonning rizqi va barakasi namoyon bo‘layotgan fayzli ayyom hamdir. Har bir xaridor dasturxoniga bir bosh uzum bilan birga Zarkent dehqonining mehnati, mashaqqati va mehr-oqibatidan ham olib ketgandek bo‘ladi.

— Birinchi marta ishtirok etayotgan bo‘lsam ham bu tadbir menda katta taassurot qoldirdi, — deydi xitoylik Yan Jun. — Men yashaydigan Sinszyan viloyatida ham uzumning turli ajoyib navlari yetishtiriladi. Ammo O‘zbekiston uzumlarining ta’mi va ko‘rinishi o‘ziga xos ekanini his qildim. Bu safarimiz davomida o‘zbekistonlik va xitoylik uzum yetishtiruvchilar o‘rtasida tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalarni ham belgilab oldik.

* * *

Parkent bugun nafaqat uzum yetishtiruvchi hudud, balki milliy dehqonchilik an’analari, ilm-fan, innovatsiya, eksport va turizm manfaatlari birlashgan o‘ziga xos tajriba maktabi sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.

21-22 avgust kunlari Parkentda bo‘lib o‘tgan uzum sayli qadimiy dehqonchilik an’analarining zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashayotganini yaqqol namoyon etdi. Ikki kun davom etgan xalqaro festivalda qishloq xo‘jaligi yarmarkalari, vino sanoatining xalqaro brend kompaniyalari ko‘rgazmalari, uzumchilik yo‘nalishidagi xalqaro konferensiya va anjumanlar yuqori saviyada tashkil etildi.

Festival doirasida milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analarni keng targ‘ib etishga ham alohida e’tibor qaratildi. Folklor jamoalari, estrada xonandalarining chiqishlari yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi. Mehmonlar uchun hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, milliy taomlar va liboslar namoyishi, hududlarning o‘ziga xos an’ana va urf-odatlarini aks ettiruvchi keng ko‘lamli madaniy dasturlar o‘rin oldi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri