Ma’lumot uchun, WTTC o‘z tahlillarini dunyoni 13 ta yirik mintaqaga bo‘lib amalga oshiradi va Markaziy Osiyo ularning orasida bir nechta asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. E’tiborlisi, O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkichlarning barchasida Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori o‘rinda qayd etilgan.

Hisobotga ko‘ra, 2025-yilda Markaziy Osiyo mintaqasida turizmning yalpi ichki mahsulotdagi umumiy hissasi 17,7 foizga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hissasi esa 19,6 foizga oshgani ko‘rsatilgan. Mintaqada turizm xizmatlari eksporti (visitor exports) 9,9 milliard AQSh dollarga yetgani va bu ko‘rsatkich bir yilda 26,4 foizga oshib, o‘sish sur’ati bo‘yicha ham Markaziy Osiyo jahonda birinchi o‘rinni egallagani qayd etilgan. Ushbu ko‘rsatkichning deyarli teng yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu borada mamlakatda 2025-yilda 4,8 milliard AQSh dollari miqdorida turizm xizmatlari eksport qilingan.

WTTC ning 2025-yil ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo aholisi o‘z sayohatlarini eng ko‘p amalga oshiradigan ommabop yo‘nalish sifatida O‘zbekiston ko‘rsatilgan. Mintaqa aholisining asosiy sayohat yo‘nalishlari quyidagicha:

O‘zbekiston — 25%;

Qozog‘iston — 23%;

Qirg‘iziston — 18%;

Rossiya — 16%;

Turkiya — 6%.

Tashkilot O‘zbekistonning birinchi o‘rinni egallashini mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi va mintaqa sayyohlari uchun jozibadorligi bilan asoslagan. “Umuman, bu raqamlar turizmning mintaqaviy xususiyatini tasdiqlaydi: Markaziy Osiyo aholisi ko‘pincha mintaqaning o‘z ichida sayohat qiladi” deyiladi hisobotda.

Bundan tashqari hisobotda Markaziy Osiyoda yagona mintaqaviy turistik makon yaratish uchun salmoqli imkoniyat borligi ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, chegaralarni soddalashtirish, aviaqatnovlar va transport-logistikasining rivojlantirilishi, qo‘shma turizm marshrutlari va mintaqani yagona yo‘nalish sifatida targ‘ib qilinayotganligi mintaqadan tashqaridagi xalqaro oqimlarni ham oshirishga xizmat qilayotganligi keltirilgan.

Turizmda 2025-yilda aylangan mablag‘larning 64,3 foizi xorijiy sayyohlar, 35,7 foizi esa mintaqaning ichki sayyohlari hissasiga to‘g‘ri kelganligi, sayohat maqsadiga ko‘ra xarajatlar taqsimoti esa xorijiy sayyohlarning 84,5 foizi dam olish maqsadida, 15,5 foizi biznes maqsadida o‘z mablag‘larini sarflagani hisobotda qayd etilgan.

WTTC prognoziga ko‘ra, istiqbolda turizmning Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga umumiy hissasi 2036-yilga borib 29,7 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.