Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini elektr energiyasi bilan ta’minlashda asosiy energiya manbalaridan biri bo‘lgan "Taxiatosh IES" AJ ushbu mas’uliyatli vazifani muvaffaqiyatli bajarib kelmoqda. Bugungi kunda stansiya kundalik ehtiyojdan kelib chiqib bir kecha-kunduzda o‘rtacha 11 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, mintaqa energetika tizimining barqaror ishlashiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Elektr energiyasi ishlab chiqarish - yuqori texnologiyalar bilan bir qatorda yuksak mas'uliyatni ham talab etadi. Chunki energetika sohasida har bir uskuna, har bir texnologik jarayon va har bir qaror inson hayoti bilan bevosita bog‘liq. Shu bois xavfsizlik masalalari har doim birinchi o‘rinda turadi.

Shu maqsadda "Taxiatosh IES" AJda 2026-yil 1-iyundan 1-iyulgacha "Xavfsizlik texnikasi bo‘yicha ko‘rik oyligi" o‘tkazilmoqda. Ko‘rik oyligining asosiy maqsadi - xavfsizlik madaniyatini mustahkamlash, baxtsiz hodisalarning oldini olish, mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya qilishni kuchaytirish va eng qimmatli boyligimiz bo‘lgan inson hayoti va salomatligini muhofaza qilishdan iborat.

Ko‘rik oyligi davomida stansiyaning barcha sex va bo‘limlarida ish o‘rinlarining holati o‘rganilib, xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi tekshirilmoqda. Shu bilan birga xodimlar uchun o‘quv seminarlari, amaliy mashg‘ulotlar, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mashg‘ulotlar, avariya va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha maxsus o‘quvlar tashkil etilmoqda.

Alohida ta’kidlash kerak, energetika sohasida xavfsizlik faqat qog‘ozdagi talab emas. Bu har bir xodimning kasbiy madaniyati, jamoa oldidagi mas'uliyati va oilasi oldidagi burchidir. Chunki har bir energetikning sog‘-salomat ishlashi, kun oxirida o‘z uyiga sog‘-salomat qaytishi eng asosiy maqsadlardan biri.

Oylik davomida xavfsizlik qoidalariga namunali rioya etib kelayotgan xodimlarning tajribasi keng ommalashtirilmoqda, kasbiy mahorat musobaqalari o‘tkazilib, eng yaxshi natija ko‘rsatgan xodimlar va bo‘linmalar taqdirlanmoqda. Bu esa jamoa o‘rtasida xavfsizlik madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisining energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirayotgan "Taxiatosh IES" AJda olib borilayotgan shunday tadbirlar energetika uskunalarining ishonchli ishlashiga, baxtsiz hodisalarning oldini olishga va eng asosiysi inson hayoti va salomatligini himoya qilishga qaratilgan.

Chunki xavfsizlik - bu faqat qoida emas, u barqaror energiya ishlab chiqarish, ishonchli faoliyat va yorug‘ kelajakning mustahkam kafolatidir.

 

Minajatdin QUTLЫMURATOV,

«Yangi O‘zbekiston» muxbiri.