Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda ishga kiritish, ruxsatnoma olib berish va nafaqa tayinlash bilan bog‘liq bir qator korrupsion holatlar fosh etildi.

Ma’lum qilinishicha, Xorazm viloyatida IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kichik inspektori Xonqa tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, uning tanishini ichki ishlar organlariga ishga joylashtirish evaziga 4500 AQSh dollari talab qilgan. Tezkor tadbir davomida u oldindan 1800 AQSh dollari va 2,4 million so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Toshkent viloyatidagi holatda esa tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi metodisti xususiy oilaviy bog‘cha ochmoqchi bo‘lgan fuqaroga sanitariya talablariga muvofiqlik bo‘yicha ruxsatnoma tayyorlatib berish uchun 1,5 million so‘m, shuningdek, yong‘in xavfsizligi xulosasini olib berish evaziga 200 AQSh dollari talab qilgan. U pul mablag‘larini olgan vaqtida ushlangan.

Tadbir davomida mazkur 200 AQSh dollarini olgan vaqtida tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi katta inspektori ham qo‘lga tushgan.

Shu kabi holat Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham aniqlangan. Chimboy tumanida yashovchi ayol Kegeyli tumani fuqarosiga yoshga doir nafaqa tayinlashda ish stajini sun’iy ravishda oshirib berishni va’da qilib, 7 million so‘m olgan vaqtida ushlangan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u bu ishni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida mas’ul lavozimda ishlovchi o‘g‘li orqali amalga oshirishni rejalashtirgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.