Davlatimiz rahbari Choʻlponota shahrida qirgʻizistonlik hamkasbi bilan tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuvlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport sohasida oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash, suv-energetika hamda madaniy-gumanitar yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. 

Ikki tomonlama hamkorlikni eng yuqori darajaga olib chiqadigan Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi sammitning muhim natijasi boʻldi. Davlatlararo kengash tuzish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shuningdek, davlat chegarasi, ijtimoiy himoya va pensiya taʼminoti, oliy taʼlim, fuqarolarning kelib-ketishi, madaniyat, turizm hamda agrosanoat majmuasi sohalariga oid salmoqli hujjatlar toʻplami almashildi.

Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 3 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasi boʻyicha yangi loyihalarni amalga oshirish, “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli boʻylab infratuzilmani rivojlantirish hamda Qambarota-1 GESni barpo etish loyihasini jadallashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Qirgʻiz Respublikasining oliy davlat mukofoti – I darajali “Manas” ordenini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Prezidentimiz Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ham ishtirok etdi. Hamkorlikning institutsional asoslarini mustahkamlash, savdo va transport oʻzaro bogʻliqligini rivojlantirish, raqamli xizmatlarni kengaytirish, taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolarga birgalikda qarshi kurashish hamda gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalarini qamrab oluvchi mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini bayon qildi.

Tashrif doirasida davlat rahbarlari Qirgʻizistondagi ilk xalqaro toifadagi golf klubi, yangi besh yulduzli “Boku” mehmonxonasi hamda Issiqkoʻlda suv-motor sporti boʻyicha chempionatning ochilish marosimlarida ishtirok etdilar.

Tadbirlar yakuniga yetgach, davlatimiz rahbari rafiqasi bilan Toshkentga joʻnab ketdi.