23–24-noyabr kunlari poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazida mustaqil Özbekiston tarixida ilk bor taşkil etilgan Özbekiston ziyolilari kengaşining birinçi yiğilişi bölib ötdi. “Yangi Özbekiston ziyolilari – milliy yuksaliş tayançi” şiori ostida ötgan anjumanga mamlakatimizning turli hududlaridan saylangan 210 vakilni qöşib hisoblaganda jami 500 delegat: olimlar, akademiklar, pedagoglar, şifokorlar, yozuvçi-şoirlar, innovatorlar va tadbirkorlar jam böldi.

Anjumanga navbatdagi odatiy rasmiy tadbir emas, balki kengaş aʼzosi va şu zalda ötirgan bir ziyoli – OAV va taʼlim tizimida mehnat qilayotgan inson sifatida qarar ekanman, butun boşli davrning oğriqlari, ikkilanişlari köz oldimdan ötdi.

Jamiyat taraqqiyotida ziyolilarning uyuşişi yangi hodisa emas. Tariximizda Amir Temur saltanatidan tortib XX asr boşidagi jadid maʼrifatparvarlarigaça bölgan davrlarda millat taqdiri aql va ilm egalari maslahati bilan hal qilingan. Xorijda ham, masalan, Fransiyada asrlar davomida til va tafakkur mezonlarini belgilab kelayotgan Fransiya akademiyasi, Buyuk Britaniyada ilm-fan siyosatiga taʼsir körsatuvçi Qirollik jamiyati yoki rivojlangan davlatlarning milliy strategik kengaşlari intellektual qatlam ovozini davlat boşqaruviga yetkazuvçi köprik vazifasini ötaydi.

Biroq ularning aksariyati tor akademik yoki sohaviy doira bilan çeklangan. Özbekiston ziyolilari kengaşining öziga xosligi şundaki, u olimni ham, çekka qişloqdagi öqituvçiyu şifokorni ham, ijodkoru tadbirkorni ham bitta muloqot maydoniga jamladi. Anjumandan avval 10–14-noyabr kunlari barça hududlarda ötgan uçraşuvlarda ikki mingdan ortiq ziyoli qatnaşib, uç mingdan ziyod fikr va mingga yaqin taklif bildirgani bu muloqotning faqat poytaxt doirasida qolib ketmaganini körsatadi.

Ikki kun davomida kengaş yalpi majlis va yettita şöbada – milliy özlik va “Öz” falsafasidan tortib özbek tili va adabiyoti, ilm-fan va taʼlim, innovatsion tibbiyot, raqamli taraqqiyot va mediamakon, kreativ iqtisodiyot hamda “yaşil” taraqqiyotgaça bölgan yönalişlarda aniq takliflarni işlab çiqdi. Yiğilişda iştirok etgan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning “Ziyolilarimizdan xolis fikr va dadil takliflarni kutamiz. Kengaş yangi ğoyalar maydoniga aylanişiga işonaman”, degan sözlari anjumanning asosiy ruhini belgilab berdi.

Albatta, xolis tahlil közi bilan qarasak, mingga yaqin taklifning barçasi ham bir xil vaznga ega emas. Ular orasida strategik yeçimlar ham, kundalik taşkiliy masalalar ham bor. Şuning uçun bu takliflarning haqiqiy darajasi bugun aytilgan balandparvoz sözlar emas, ertaga ularning qançalik saralanişi, aniq ijro mexanizmiga boğlanişi va qoğozda qolib ketmasligi bilan ölçanadi.

Ertak aytişdan qörqqan kunlarim

Bu zalda ötirib, 2010-yillardagi oğir bir holatni esladim. Öşa yillarda jamiyatda şunday bir muhit şakllangan ediki, ziyoli böliş şaraf emas, göyo ortiqça yukka aylanib qolgandek edi. Halol mehnati, ilmi va kitobi bilan kun körgan köplab ziyolilarning moddiy ahvoli tang, jamiyatdagi obrösi esa açinarli darajada past edi. Köçada “köça tili”ni örganib ulğayganlarning oşiği olçi, kitob öqiganlarning esa rözğori but bölmagan paytlar edi.

Öşanda farzandlarimga keçalari ertak öqib berar ekanman, içimda ğalati bir hadik paydo bölardi. Bolalarimning közlari porlab, ertak qahramonlariga çin dildan işonib tinglaşini körardim-u, yuragim sançardi: “Men ularga ertak aytib, ezgulik va kitobni sevdirib, ertaga ularni ham moddiy yetişmovçilik va qadrsizlikka mahkum etib qöymayapmanmi? Axir ular ham farovon yaşaşga haqli-ku!”.

Bu oğriq uzoq yillar yuragimda turdi. Hatto bugun, oradan yillar ötib, vaziyat özgarganidan keyin ham kiçik öğlimga ertak aytib berar ekanman, öşa eski qörquv dafʼatan esimga tuşib, bir seskanib olaman. Xayriyatki, u kunlar qörqinçli tuşdek ortda qoldi.

Bizga “tarbiya formulasi” kerak

Men oddiy işçi-dehqon oilasida tuğilib ösganman. Bugun esa ziyoli sifatida şu anjumanda qatnaşyapman. Meni eng köp öylantiradigan savol budir: bugungi özbek ziyolisi va, umuman, oddiy özbek oilasi farzandini qanday tarbiyalaşi kerak?

Gap diplom yoki ilmiy unvonda emas, çinakam ziyoli deganda mustaqil fikrga, maʼnaviy-axloqiy masʼuliyatga va jamiyat oldida fuqarolik pozitsiyasiga ega insonni tuşunaman. Afsuski, jamiyatimizda bunday qatlam hali ham köp emas. Oddiy oilada ösayotgan bola kelajakda faqat oğir jismoniy mehnat bilan çeklanib qolmay, özligini yöqotmagan holda dunyoning eng ilğor intellektual elitasi bilan bir safda tura olişi uçun nima qilişimiz kerak?

Albatta, inson taqdirini quruq matematik tenglamaga solib bölmaydi. Lekin oilalarimiz uçun xuddi aniq mexanizmdek tuşunarli va işlaydigan milliy tarbiya konsepsiyasi – öziga xos “tarbiya formulalari” kerak. Oddiy tilda yozilgan, ikki-uç nomdagi ixçam kitob-qöllanmalar yarataylikki, unda oilaning moddiy şaroiti, ota-onaning kasb-kori va muhitidan kelib çiqqan aniq tavsiyalar bölsin. Ota-ona qaysi yölni tanlasa, farzandi qanday salohiyat va dunyoqaraş egasi bölib voyaga yetişini oldindan köra olsin.

Umid va hadik örtasida

Ziyolilar bilan işlaş oson emas, çunki ular aql va tahlil bilan yaşaydi, ularni yengil-yilpi şior yoki balandparvoz gaplar bilan işontirib bölmaydi. Har birining öz qaraşi bor insonlarni faqat bitta narsa – Vatan taraqqiyoti, millat maʼrifatini yuksaltiriş va xalqning qaddini tiklaşdek buyuk maqsad birlaştira oladi.

Öylaymanki, anjumanda köpçilik katta umid bilan çiqdi. Şu bilan birga, ayrimlarda “Bular yuksak saviyada aytilgan çiroyli gaplardek qolib, amalda köp narsa özgarmasa-çi?!” degan ehtiyotkor hadik ham yöq emas. Bu hadikni faqat bitta yöl bilan yöqotiş mumkin – taşabbusni ziyolilarning özi qölga olişi va har bir bildirilgan taklif ijrosi ortida fidoyilik bilan turişi kerak.

Anjuman yakunida kengaş aʼzolari oldimizga qöyilayotgan vazifalarga sodiqlik ahdini qabul qildik va xalqimizga ilk murojaatnomamizni yölladik. Bu qandaydir ramziy hujjat emas, xalq oldidagi vijdon majburiyati bölib qolişini istar edim.

Hamza ABDULLAYEV,

Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi aʼzosi