Bu Prezidentning 17-sentyabrdagi “Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida belgilandi.
Qarorga koʻra, loyiha doirasida Xitoyning “China Civil Engineering Construction Corporation (CCECC)” va “Sevia Enviro Inc. (Henan Investment Group)” kompaniyalari konsorsiumi investor sifatida ishtirok etadi. Loyiha boʻyicha Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda investor oʻrtasida 2026-yil 14-sentyabrda investitsiya shartnomasi imzolangan.
Loyihaga koʻra, 2026–2028-yillarda Jizzax viloyatida 130 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etiladi. Bu mablagʻlar hisobiga kuniga 1 ming tonna chiqindini termik usulda qayta ishlash orqali 110 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalar ishga tushirilishi taʼminlanadi.
Shu bilan birga, loyiha doirasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini “Oʻzenergosotish” AJga 30-yil davomida kafolatlangan tarzda sotish belgilangan. “Oʻzenergoinspeksiya” AJ esa 30-yil davomida loyiha kompaniyasiga qattiq maishiy chiqindilarni kafolatlangan hajmda yetkazib berishni taʼminlaydi.
Loyiha kompaniyasi va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr stansiyasini yagona elektr energiyasi tarmogʻiga ulash uchun zarur boʻlgan havo elektr uzatish tarmoqlari va tegishli infratuzilma obyektlari quriladi.
Loyiha doirasida chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash ixtisoslashgan sanoat zonalari hamda ularga tutash hududlarda amalga oshiriladi.
Qarorda Jizzax viloyati hokimligiga loyihani amalga oshirish uchun Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Gʻozgʻontepa” mahalla fuqarolar yigʻini hududidan 10,8 gektar yer maydoni ajratish vazifasi ham yuklatilgan.
Shuningdek, loyihani amalga oshirish uchun zarur infratuzilma obyektlarini qurish va moliyalashtirish belgilangan tartibda tashkil etiladi.
Qaror ijrosi doirasida loyiha hujjatlarining ekologik ekspertizadan oʻtkazilishi, tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik talablariga rioya etilishi hamda investitsiya loyihasining amalga oshirilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatiladi.