Bu haqida Jizzax viloyati soliq boshqarmasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, shu yilning 7 avgust kuni viloyat soliq boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida Jizzax shahri, Toshkent koʻchasi, 4A-uyda joylashgan «BLACK CASH» MChJga (nomi oʻzgartirilgan) qarashli «AL-ARABIA» tungi klubida sayyor soliq tekshiruvi oʻtkazildi.
Tekshiruv davomida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Xususan, muassasa xodimlari tomonidan mijozga 290 ming soʻmlik xarid uchun naqd pulda toʻlov amalga oshirilgan boʻlsa-da, xarid cheki berilmagan.
Shuningdek, shoxobcha xazinasi masʼullar ishtirokida sanoqdan oʻtkazilganda, jami 3,2 mln soʻm naqd pul shoxobchada oʻrnatilgan onlayn nazorat-kassa mashinasiga kirim qilinmagani maʼlum boʻlgan.
Bundan tashqari, tungi klubda ichki hisob-kitob uchun avtomatlashtirilgan hisobga olish oʻlchov vositalari mavjudligi, biroq ushbu qurilmalar soliq organlari bazasiga integratsiya qilinmagani aniqlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holat boʻyicha Soliq kodeksining 227¹-moddasiga asosan ikkinchi chorakdagi sof tushumdan kelib chiqib javobgarlik chorasi qoʻllaniladi.
Tekshiruvda tungi klub xodimlari bilan soliq hisobotlari ham solishtirilgan. Natijada 10 nafar xodim soliq hisobotlarida aks ettirilmagani, yaʼni ularning mehnat faoliyati rasmiylashtirilmagani aniqlangan.
Soliq xizmati organlari tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilish, tushumlarni yashirmaslik va barcha xodimlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirgan holda faoliyat yuritishga chaqirmoqda.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi nazorat tadbirlari davom ettiriladi.