Tadbir Jizzax viloyati Yoshlar innovatsion markazida tashkil etildi. Unda viloyat hokimligi, Eron Islom Respublikasining Markaziy viloyati delegatsiyasi, Savdo-sanoat palatasining viloyat boshqarmasi hamda ikki davlat tadbirkorlari ishtirok etdi.
Biznes-forumning ochilish qismida Eron Islom Respublikasi Markaziy viloyati general-gubernatori M.Z. Vaqili, Jizzax viloyati hokimi oʻrinbosari B.M. Yusupov, Eronning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi M.A. Iskandariy hamda Markaziy viloyat Savdo-sanoat palatasi rahbari N. Beykiy soʻzga chiqdi.
Maʼruzalarida ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda tadbirkorlar oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Forum doirasida Jizzax viloyati tadbirkorlari va Eron ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasida B2B hamda G2B uchrashuvlari ham tashkil etildi.
Muzokaralarda qoʻshma korxonalar tashkil etish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, mahsulotlarni eksport va import qilish, shuningdek, yangi biznes loyihalarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tashkilotchilarga koʻra, biznes-forum ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash va Jizzax viloyatining xalqaro biznes hamkorligini rivojlantirishga xizmat qiladi.