Jarayon tahlili bu davrda xalqaro aloqalar bilan bir qatorda tibbiyot, energetika, taʼlim va milliy madaniyatga ham alohida eʼtibor qaratilganini körsatdi.
Taşqi siyosat: mintaqaviy hamkorlik va xalqaro muloqot
Oktyabrning birinçi yarmida davlatimiz rahbarining taşqi siyosiy faoliyati Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlaş va xalqaro muloqotda Özbekistonning iştirokini kengaytiriş yönalişiga qaratildi. Xususan,
7-9 oktyabr kunlari Şavkat Mirziyoyev amaliy taşrif bilan Turkmanistonda bölib, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinçi Maslahat uçraşuvi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdöstligi sammitida iştirok etdi. Uşbu tadbirlar mintaqaviy savdo, energetika, atrof-muhitni muhofaza qiliş, taʼlim va xavfsizlik kabi masalalarni muhokama qiliş uçun muhim maydon böldi.
Davlatimiz rahbari 8-oktyabr kuni “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinçi Maslahat uçraşuvida sanoat kooperatsiyasini rivojlantiriş, transport boğliqligini mustahkamlaş va yangi texnologiyalarni joriy etiş, energetika, suv resurslari va ekologiya masalalarini birgalikda hal qiliş böyiça takliflarni ilgari surdi. Uçraşuv yakunida qöşma bayonot qabul qilindi va köp tomonlama hujjatlar imzolandi.
Sammit doirasida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan muzokaralar ötkazildi. Oliy darajadagi strategik şeriklik kengaşini taşkil etiş töğrisidagi bitim imzolangani muzokaralarning muhim natijasi böldi.
9-oktyabr kuni Prezidentimiz MDH davlat rahbarlari kengaşi majlisida iştirok etdi hamda savdo va sanoat hamkorligini kengaytiriş, transport aloqalarini rivojlantiriş, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini mustahkamlaş, şuningdek, kiberjinoyatçilikka qarşi kuraşiş böyiça takliflarni ilgari surdi. Mamlakatimiz yetakçisi sammitning kengaytirilgan majlisida Özbekistonning 2027-yildagi MDHga raisligining ustuvor yönalişlarini bayon qildi. Sammit yakunida hujjatlar töplami imzolandi.
Prezidentimizning 14-15-oktyabr kunlari Ozarbayjonning Boku şahrida Osiyoda hamkorlik va işonç çoralari böyiça kengaşning yettinçi sammitida iştirok etgani Özbekiston taşqi siyosatining navbatdagi muhim yönalişi böldi. Davlatimiz rahbari Osiyoda işonç infratuzilmasini şakllantiriş konsepsiyasini işlab çiqişni taklif etdi. Texnologik işonç va sunʼiy intellektdan masʼuliyat bilan foydalaniş böyiça Osiyo taşabbusini ilgari surdi hamda iqlim barqarorligi sohasida hamkorlikni yölga qöyiş muhimligini taʼkidladi.
Sammit doirasida Qatar Davlati Amiri Şayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Laos Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Txonglun Sisulit, Kambodja Qirolligi Boş vaziri Xun Manet va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi An Suan bilan alohida uçraşuvlar bölib ötdi.
Bunday uçraşuvlarning ahamiyati diplomatik aloqalar bilan çeklanmaydi. Mintaqaviy kelişuvlar savdo yöllarini rivojlantiriş, transport xarajatini kamaytiriş, energetika sohasidagi aloqalarni mustahkamlaş va suv resurslaridan oqilona foydalaniş uçun imkoniyat yaratişi mumkin. Biroq bu imkoniyatlarning haqiqiy samarasi kelişuvlarning bajarilişi va iqtisodiy natijasi bilan baholanadi.
Özbekistonning yirik xalqaro iqtisodiy şeriklar bilan munosabatlari ham oktyabr oyida kun tartibining muhim qismi böldi. 19-oktyabr kuni Prezidentimiz AQŞ Davlat kotibi Marko Rubioni qabul qildi. Şu kuni Özbekiston — AQŞ iqtisodiy hamkorligining yangi ustuvor yönalişlari belgilandi. Strategik şeriklikni rivojlantiriş va iqtisodiy hamkorlikni kengaytiriş masalalariga eʼtibor qaratildi.
Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev Amerika Qöşma Ştatlari Davlat kotibi Marko Rubio hamda AQŞ Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo böyiça maxsus vakili Serjio Gorni davlat mukofotlari bilan taqdirladi.
Marko Rubio “Buyuk xizmatlari uçun” ordeni bilan mukofotlandi. Uning Özbekiston va AQŞ örtasidagi strategik şeriklikni rivojlantiriş, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytiriş, Markaziy Osiyoda tinçlik, barqarorlik va izçil taraqqiyotni taʼminlaşga qaratilgan saʼy-harakatlarni qöllab-quvvatlaşga qöşgan ulkan şaxsiy hissasi eʼtirof etildi.
Serjio Gor esa Özbekiston va AQŞ örtasidagi döstona munosabatlarni mustahkamlaş hamda strategik şeriklikni kengaytirişga qöşgan hissasi uçun “Döstlik” ordeni bilan taqdirlandi. Uning siyosiy muloqotni faollaştiriş, ikki tomonlama kelişuvlarni amalga oşiriş, amerikalik sarmoyadorlarni jalb etiş va qöşma loyihalarni ilgari suriş borasidagi saʼy-harakatlari eʼtirof etildi.
Mamlakatimiz yetakçisi Amerika — Özbekiston işbilarmonlik va investitsiya kengaşining ikkinçi yiğilişi oçilişida iştirok etdi. Tadbirda AQŞ Davlat kotibi Marko Rubio, AQŞ Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor, Amerikaning yetakçi kompaniyalari va banklari vakillari ham qatnaşdi.
Davlatimiz rahbari Özbekistondagi keng kölamli islohotlarga töxtalib ötdi. Sanoatni yanada rivojlantiriş va zamonaviy infratuzilmani barpo etiş uçun investitsiyalar jalb qiliş jarayoni ilğor texnologiyalarni joriy etiş, bilim va tajriba almaşiş bilan birga olib borilişi zarurligi taʼkidlandi.
Bu borada AQŞ biznesi bilan hamkorlik qiliş böyiça katta tajriba töplangani taʼkidlandi. Bugun Özbekistonda Amerika sarmoyasi iştirokidagi yuzlab kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Ular bilan sanoat, energetika, transport, qişloq xöjaligi, taʼlim va yangi texnologiyalar sohalarida hamkorlik yölga qöyilgan. Ayni paytda Özbekiston kompaniyalari ham AQŞ iqtisodiyotiga investitsiya kirita boşlayotgani mamnuniyat bilan eʼtirof etildi.
Özbekiston Prezidenti 29-30-oktyabr kunlari amaliy taşrif bilan Turkiyada bölib, Anqara şahrida ötkazilgan Turkiy davlatlar taşkiloti (TDT)ning 13-sammitida iştirok etdi hamda qator ikki tomonlama uçraşuvlar ötkazdi.
Hamkorlikni mustahkamlaş, savdo, transport aloqalari va energetikani rivojlantiriş hamda mintaqaviy özaro hamkorlikni kengaytiriş sammitning asosiy mavzulari böldi.
Mamlakatimiz yetakçisi yuzta strategik qöşma investitsiya va sanoat loyihasini qamrab oladigan “Turkiy dunyo — 100” dasturini qabul qiliş, turkiy davlatlarning logistika tarmoğini yaratiş, “TDT plyus” formatini rivojlantiriş, tadbirkorlarni huquqiy himoya qiliş mexanizmlarini joriy etiş hamda turizm va taʼlim sohalaridagi aloqalarni kengaytiriş kabi taşabbuslarni ilgari surdi.
Sammit Anqara deklaratsiyasi va hamkorlikni yanada mustahkamlaşga doir qator hujjatlar qabul qilinişi bilan yakunlandi. Tadbirda navbatdagi sammitni 2027-yilda Özbekistonda ötkaziş töğrisida qaror qabul qilindi.
Özbekistonning TDT 13-sammitidagi iştiroki yakunlari, ilgari surilgan muhim taşabbuslar va ularning turkiy davlatlar örtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaşdagi ahamiyati xalqaro ekspertlar tomonidan eʼtirof etilib, yetakçi ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
“Öz” ğoyasi ilgari surildi
Uç yil avval qurilişi boşlangan Yangi Toşkent mamlakatimiz tarixidagi eng yirik şaharsozlik loyihasidir. Xavfsiz va “yaşil” şahar sifatida barpo etilayotgan hududda birinçi bosqiçning özida zamonaviy texnologik yeçimlarga asoslangan 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oşiriş közda tutilgan. Şaharda 2000 gektar yaşil maydon va 500 gektar istirohat boğlari taşkil etiladi. “Yaşil quriliş standartlari” asosida 150 million kvadrat metr turar va noturar joy maydonlari barpo qilinadi. Ötgan davrda Yangi Toşkentda 2 milliard dollarlik işlar bajarildi. Turar joylar, universitetlar, kutubxona va amfiteatr qurildi.
Prezidentimiz 12-oktyabr kuni Yangi Toşkentda bunyod etilgan navbatdagi inşootlarni işga tuşiriş va yangi loyihalarning qurilişiga start beriş marosimida iştirok etdi. Unda umumiy qiymati 1 milliard dollar bölgan yettita obyekt işga tuşirildi.
Bular “Şarq bahori” turar joy majmuasining birinçi bosqiçi, yöl va infratuzilma obyektlari, “Yangi Toşkent” 1-son nimstansiyasi, trigeneratsiya stansiyasi, Savdo-sanoat palatasi binosi, “Sohil boği” istirohat boği hamda 2000 örinli umumtaʼlim maktabidir.
Marosimda Xitoy, Turkiya, Birlaşgan Arab Amirliklari va boşqa xorijlik hamkorlar iştirokida umumiy qiymati 2,5 milliard dollar bölgan yana önta yirik loyiha qurilişiga start berildi.
Davlatimiz rahbari Yangi Toşkent qurilişini jadallaştiriş masalalari yuzasidan şu kuni investor va tadbirkorlar bilan oçiq muloqot ötkazdi. Prezidentimiz investorlarni mahalliy va xorijlikka ajratişga munosabat bildirar ekan, “Kapitalning, ilğor ğoyaning va halol mehnatning millati yöq!” deb taʼkidladi. Şu maʼnoda, Yangi Toşkent va “Şirin” massivi qurilişida iştirok etayotgan har bir tadbirkor yurtimiz taraqqiyotiga hissa qöşayotgani qayd etildi.
Özbekiston iqtisodiyoti uçun yangi ğoya — “ÖZ” falsafasi ilgari surildi. Mamlakatimiz yetakçisi investor va tadbirkorlarni “Öz ğoyang! Öz sarmoyang! Öz kelajaging! Yangi Özbekiston, Yangi Toşkent — özimizniki!” degan yangi şior atrofida birlaşişga çaqirdi.
“ÖZ” — Özbekiston, Özgariş, Özlik va Masʼuliyat degani. Kimki yurtimizga sarmoya kiritib, zamonaviy texnologiya olib kelsa va odamlarga iş örni yaratsa, qaysi mamlakat yoki şahardan kelganidan qatʼi nazar, umumiy taraqqiyotga hissa qöşadi.
Özbekiston yetakçisining 21-22-oktyabr kunlari Qaşqadaryo viloyatiga taşrifi tafsilotlari va muhim taşabbuslar haqida töxtalişdan avval bir gapni aytiş örinli bölardi: Qaşqadaryo sanoati rivojlanib, milliy mahsulotlari jahon bozoridan munosib örin egallab, aholisi bugunidan rozi, ertangi kuniga katta işonç bilan yaşayotgan viloyat!
Prezidentimizning Qaşqadaryoga bu galgi taşrifi ana şu ösiş, özgarişlarga yanada kötarinki ruh va sönmas şiddat bağişladi. Ayni damda yangi Özbekistondagi islohotlar kölamiga munosib yangi marralar belgilab berildi. Masalan, hududga jalb qilinayotgan investitsiyalar mavzusiga çuqurroq yondaşib köraylik. Yaratilayotgan imkoniyat va şaroitlar tufayli mamlakatimiz bilan hamkorlik qiliş istagidagi xorijlik sarmoyadorlar safi tobora kengayib bormoqda.
Qaşqadaryoga sönggi beş yilda
20 trillion söm yönaltirilib, 7 milliard dollarlik çet el investitsiyasi jalb qilingan. Natijada xomaşyoni çuqur qayta işlaydigan minglab loyihalar işga tuşdi. Daromad aholi jon boşiga uç baravar oşdi. Prezidentimiz Qaşqadaryo viloyatiga taşrifi çoğida ana şunday investorlarning bir guruhi bilan muloqot qilib, yangi loyihalarni işga tuşiriş va qurilişiga start berdi.
— Endi yetiştirilgan mahsulotni viloyatning özida çuqur qayta işlab, voha aholisining munosib daromad topişiga şaroit yaratiş kerak, — dedi Prezidentimiz.
Umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyod bölgan 161 ta yangi loyiha ana şu maqsad uçun xizmat qiladi. Marosimda 69 ta loyiha işga tuşirildi. Yana 92 tasining qurilişiga start berildi. Işga tuşirilayotgan 28 ta sanoat korxonasida 7000 ga yaqin doimiy iş örni oçilmoqda. Muhimi, uşbu işlab çiqariş quvvatlari zamon talablariga töla javob beradi.
Özbekiston yetakçisi viloyatga sarmoya, yangi texnologiya va innovatsiyalar olib kirayotgani uçun xorijlik investorlarga minnatdorlik bildirdi. Ularning takliflarini tingladi.
22-oktyabr kuni Qaşqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirişga bağişlangan yiğiliş bölib ötdi. Unda köplab masalalar qatori yirik loyihalarning samarasi har bir mahallada sezilişi kerakligiga eʼtibor qaratildi. Qamaşi tumanidagi Çim mahallasida maktab, boğça, poliklinika, yoşlar markazi, sport majmuasi va istirohat boği barpo etildi. Eng muhimi, mahallada kambağal oila va işsiz aholi qolmadi. Kelgusi yil Mustaqillik bayramigaça şu tajriba asosida har bir tumanda ikkitadan zamonaviy mahalla markazi taşkil etiladi. Mirişkorda limonçilik, baliqçilik va boğdorçilik loyihalari boşlanadi, ijaraga berilgan yerlarda yuqori daromadli ekinlar yetiştiriş kölami kengaytiriladi.
Bunday taşabbuslarni amalga oşirişda banklar faqat yangi kredit mahsulotlarini taklif etiş bilan çeklanmasligi taʼkidlandi. Ularning işi resurs olgan korxonalar soni va biznesning ösişi bilan baholanadi. Kredit ajratişda pul oqimi va aniq buyurtmalarni hisobga oliş, tadbirkorlardan söraladigan ortiqça hujjatlarni bekor qiliş vazifasi qöyildi.
Yiğiliş yakunida viloyat va tumanlar hokimlarining axboroti tinglandi, faollar bilan muloqot qilindi.
Maʼrifat va maʼnaviyat kesişgan nuqta
Taʼlim sohasidagi har bir özgarişning haqiqiy qiymati, avvalo, inson hayotidagi natijasi bilan ölçanadi. Zero, taʼlim olişimizdan asosiy mantiq ham şunda. Sönggi yillarda mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini yangi bosqiçga olib çiqiş borasida keng kölamli islohotlar amalga oşirilmoqda.
Prezidentimiz 3-oktyabr kuni “Özbekiston Respublikasi Taʼlim va ilm-fan vazirligini taşkil etiş töğrisida”gi farmonni imzoladi. Bu mamlakatimizda taʼlim va ilm-fan sohasini izçil isloh qiliş yölidagi muhim qadam böldi. Mazkur hujjat taʼlim va ilm-fan taraqqiyotini yangi bosqiçga olib çiqiş, ularning özaro uyğunligi va uzviyligini taʼminlaş, eng muhimi, bilim va ilmiy salohiyatni mamlakat taraqqiyotining strategik omiliga aylantirişga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Binobarin, uşbu farmon zamirida taʼlimning turli bosqiçlarini yagona mantiq asosida boğlaş, ilm-fanning taʼlim bilan uyğunligini kuçaytiriş va inson kapitalini rivojlantirişga qaratilgan yaxlit tizimni şakllantiriş maqsadi mujassam.
Farmonning strategik ahamiyati Prezidentimiz ilgari surgan 7 ta milliy dastur mazmuni bilan hamohang. Davlatimiz rahbari birinçi milliy dasturni bilim va malakani taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirişga yönaltirişini taʼkidladi. Bu yondaşuv taʼlim va ilm-fanni ijtimoiy sohaning alohida yönalişlari sifatida körişdan kengroq maʼno kasb etib, inson salohiyatini mamlakat taraqqiyotining boş omili darajasiga kötarişni nazarda tutadi. Şu jihatdan Taʼlim va ilm-fan vazirligini taşkil etiş mazkur strategik maqsadni taʼlimning barça bosqiçi va ilm-fan tizimida izçil amalga oşiriş uçun muhim institutsional asos yaratadi.
Farmonga muvofiq, Maktabgaça va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida Taʼlim va ilm-fan vazirligi taşkil etildi. Yangi vazirlikning vakolati maktabgaça taʼlim va tarbiyadan boşlanib, umumiy örta va örta maxsus, kasbiy, oliy, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, kadrlarni qayta tayyorlaş va malakasini oşiriş, qöşimça hamda norasmiy taʼlimgaça bölgan jarayonlarni qamrab oladi.
Mazkur özgarişning ahamiyati, avvalo, taʼlimning inson hayotidagi uzluksizligiga yangiça yondaşuvda körinadi. Insonning bilim va könikmalari bir taʼlim bosqiçidan ikkinçisiga ötgan sari boyib borişi, maktabda olingan bilim kasbiy va oliy taʼlimda rivojlanişi, keyinçalik esa mehnat faoliyati va ilmiy izlanişlar bilan uzviy davom etişi kerak. Yagona vazirlik ana şu uzviylikni boşqariş uçun institutsional asos yaratadi.
7-oktyabr kuni Prezidentimiz Taʼlim va ilm-fan vazirligi faoliyatini taşkil etiş hamda taʼlim tizimining barça bosqiçida amalga oşirilişi lozim bölgan ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanişdi.
Taqdimotda yangi vazirlik faoliyatini joylardagi haqiqiy holatga tayanib taşkil etiş, takrorlanuvçi vazifalarni qisqartiriş va hududiy böğinlar masʼuliyatini kuçaytiriş masalalari körib çiqildi. Boşqaruvni raqamlaştiriş va tahliliy salohiyatni oşiriş qarorlarni işonçli maʼlumotlar asosida qabul qilişga xizmat qilişi taʼkidlandi.
* * *
Prezidentimiz 26-oktyabr kuni poytaxtimizdagi “Renessans” kino uyiga taşrif buyurib, kinematografiya sohasi xodimlari bilan uçraşdi hamda sohada amalga oşirilayotgan işlar va kelgusi rejalarni muhokama qildi.
Davlatimiz rahbari bu dargohda milliy kino tariximiz, bir neça avlod ijodkorlarining mehnati, xalqimizning ekranga köçgan orzulari, intilişlari va armonlari mujassam ekanini taʼkidladi.
“Mahallada duv-duv gap”, “Ötkan kunlar”, “Şum bola”, “Çinor ostidagi duel”, “Suyunçi” kabi filmlarning qahramonlari xotiramizda yaqin insonlardek saqlanib qolgan. Ulardagi bir lavha, bir oğiz söz yoki taniş kuy bolaligimiz, bobo-buvilarimiz va qadrdon mahallamizni köz oldimizda gavdalantiradi.
Prezidentimiz öz davrida siyosiy va mafkuraviy bosimlar qançalik oğir bölmasin, ijodkorlarimiz ana şunday milliy sanʼat asarlarini yarata olganini tahsinga sazovor deb baholadi.
“Özbekfilm” yaratgan bu maktab mustaqillik yillarida ham davom ettirildi. 2016-yilda filmlar oliş uçun davlat byudjetidan 10 milliard söm ajratilgan bölsa, joriy yilning özida 218 milliard söm berildi. Davlatimiz rahbari natijada milliy filmlarimizning salmoği va sifati oşganini, sohaga önlab xususiy kinostudiyalar kirib kelganini taʼkidladi.
Prezidentimiz kino yaratiş uçun zamonaviy infratuzilma barpo etilişini maʼlum qildi. “Özbekfilm”ning 10 gektar hududida kino xizmatlari jamlangan yagona industrial klaster — “Özbekfilm kino şaharçasi” taşkil etiladi. Unda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Dublyaj va ovozlaştiriş markazi quriladi.
— Mazkur dargohda milliy kino tariximiz, bir neça avlod ijodkorlarining mehnati, xalqimizning ekranga köçgan orzulari, intilişlari va armonlari mujassam, — dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari kino xalqlar bir-birini tanişiga xizmat qilişi, öz tarixi, madaniyati va milliy qahramonlarini jahon ekranlarida munosib körsata olgan mamlakatning ovozi va taʼsiri kengayişini taʼkidladi. Kino bugun mamlakatning xalqaro nufuzini oşiradigan “yumşoq kuç”ga aylangan. U farzandlarimiz ongi va dunyoqaraşini şakllantirişda ham katta ahamiyatga ega.
Mamlakatimiz yetakçisi “Öz” ğoyasining kino sanʼatidagi ifodasini “Özligimizni anglab, öz hikoyamizni öz ovozimiz bilan dunyoga aytiş”, deya taʼrifladi. Ekranda uluğ ajdodlarimiz bilan birga bugun yonimizda yaşayotgan insonlarning ham haqqoniy qiyofasi aks etişi kerakligini aytdi. Öqituvçilar, şifokorlar, sportçilar, Vatan himoyaçilari, tadbirkorlar, quruvçilar va yoşlarning hayoti taʼsirli filmlar uçun katta mavzu ekani qayd etildi.
— Farzandlarimiz şunday qahramonlarda özini körsin, öz kuçiga işonsin, öz yurtining kelajagiga daxldorligini his etsin! — dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimizga şu yerning özida kino sohasiga zamonaviy boşqaruv usullarini joriy qiliş va “Özbekfilm” milliy kino brendini yaratiş yuzasidan takliflar taqdimot qilindi.
Ustuvor vazifalar ijrosi özaro uyğunlik kasb etadi
Yuqoridagi tafsilotlardan taşqari, bir oy içida davlatimiz rahbari iştirokida dolzarb mavzular muhokama qilingan 12 ta taqdimot, 23 ta qabul va telefon muloqotlari bölib ötdi. Prezidentimiz 8 ta tabrik va murojaat yölladi. Imzolagan normativ-huquqiy hujjatlar soni esa 94 tani taşkil qildi. Şundan 10 tasi qonun, 28 tasi farmon, 53 tasi qaror va 3 ta farmoyişdir.
Umuman olganda, oktyabrda Özbekistonda keçgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar mamlakat taraqqiyotining taşqi va içki yönalişlaridagi ustuvor vazifalar özaro uyğunlikda amalga oşirilayotganini körsatdi. Taşqi siyosatda Markaziy Osiyo davlatlari va xalqaro hamkorlar bilan strategik şeriklikni mustahkamlaş, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytiriş, mintaqaviy xavfsizlik va transport boğliqligini rivojlantiriş masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Içki siyosatda esa investitsiyalarni jalb qiliş, hududlarni kompleks rivojlantiriş, yangi iş örinlari yaratiş, taʼlim va ilm-fan tizimini takomillaştiriş hamda milliy maʼnaviy merosni asrab-avaylaşga qaratilgan taşabbuslar kun tartibidan örin oldi.
Oy davomida ilgari surilgan taşabbus va rejalarning ahamiyati ularning amaliy ijrosi, aholi turmuş sifatiga taʼsiri, iqtisodiy samaradorligi va jamiyatdagi ijtimoiy özgarişlarda namoyon bölişi bilan belgilanadi. Bu esa belgilangan vazifalarni amalga oşirişda masʼul idoralar faoliyatining natijadorligi, jamoatçilik nazorati va oçiqlikni taʼminlaş muhimligini körsatadi. Şu bilan birga, Özbekistonning xalqaro hamkorlik salohiyatini kengaytiriş, içki taraqqiyotni jadallaştiriş va inson kapitalini rivojlantirişga qaratilgan siyosatning asosiy yönalişlarini yana bir bor namoyon etdi.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Özbekiston” muxbiri