Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-texnik tadbirlar natijasida respublika hududida tarqalgan yirik kiberjinoyat sxemasi fosh etildi.
Gumonlanuvchilar qo‘lga olinganida ashyoviy dalil sifatida o‘nlab bank kartalari, SIM-kartalar va maxsus mobil qurilmalar rasmiylashtirib olingan.
Aniqlanishicha, jinoyatchilar Telegram tarmog‘ida yashirin boshqariladigan akkauntlar orqali fuqarolarning telefonlariga zararli dasturlar — APK-fayllarni yuborgan. Mazkur fayllar qurilmaga o‘rnatilganidan so‘ng bank ma’lumotlari va pul o‘tkazmalari uchun yuboriladigan SMS-tasdiqlash kodlari jinoyatchilar nazoratiga o‘tgan.
O‘g‘irlangan mablag‘larning izini yashirish maqsadida ular turli shaxslar nomiga ochilgan tranzit bank kartalari va soxta akkauntlarga o‘tkazib kelingan.
Tergov davomida ushbu sxema oqibatida jabrlangan fuqarolar soni respublika bo‘yicha 60 nafardan oshgani aniqlangan.
Holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoiy guruhga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash, ularni qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish hamda jabrlanganlarning huquqlarini tiklash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.