Endilikda bitiruvchilar my.edu.uz elektron platformasi orqali 1 iyuldan 20 iyulgacha (shu kuni ham) 570 ta texnikumning kunduzgi yoki dual ta’lim shakllariga onlayn ro‘yxatdan o‘tib, hujjat topshirishi mumkin.

Platforma orqali ariza berishda tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (o‘quvchining 3x4 hajmdagi surati bilan) yoki ID-karta ma’lumotlari, shuningdek, 9-sinfni tamomlaganlik to‘g‘risidagi elektron shahodatnoma ma’lumotlari kiritiladi.

Joriy qabul doirasida abituriyentlar 166 ta kasb-hunar yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirish imkoniyatiga ega. 570 ta texnikum uchun umumiy qabul kvotasi 202 ming 657 tani tashkil etadi.

Qayd etilishicha, 9-sinf bitiruvchilari uchun ajratilgan qabul kvotalarining barchasi davlat granti asosida shakllantirilgan.

Shuningdek, 14 ta Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumida 27 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha ham qabul o‘tkaziladi. Ushbu texnikumlar uchun umumiy qabul kvotasi 1 ming 760 tani tashkil etib, shundan 1 ming 640 tasi davlat granti asosida ajratilgan.