Airbus A320 rusumli samolyot mahalliy vaqt bilan soat 22:22 da Toshkentga qoʻndi. Yangi aviaqatnov anʼanaviy suv arkasi bilan kutib olindi, yoʻlovchilarga esa milliy taomlar taqdim etildi.
Birinchi reys bilan Bishkekdan Toshkentga 163 nafar yoʻlovchi yetib keldi. Toshkentdan Qirgʻiziston poytaxtiga qaytish reysi uchun esa 74 nafar yoʻlovchi roʻyxatdan oʻtdi.
“Aero Nomad” ushbu yoʻnalishdagi parvozlarni haftasiga ikki marta — payshanba va yakshanba kunlari Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiradi.
Shu tariqa, “Aero Nomad” Toshkent — Bishkek yoʻnalishida muntazam parvozlarni amalga oshirayotgan uchinchi aviakompaniyaga aylandi. Ayni paytda ikki poytaxt oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni “Uzbekistan Airways” va “Centrum Air” ham amalga oshirmoqda.
Qirgʻiziston aviakompaniyasi kelgusida Oʻzbekistondagi yoʻnalishlar tarmogʻini kengaytirishni ham rejalashtirmoqda. Xususan, Bishkekdan Samarqand va Urganchga toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlarni yoʻlga qoʻyish imkoniyati koʻrib chiqilmoqda.
“Aero Nomad” 2021-yilda tashkil etilgan boʻlib, Bishkek xalqaro aeroportida joylashgan. Aviakompaniya Airbus A320 oilasiga mansub havo kemalarida muntazam va charter reyslarini amalga oshiradi.