Joriy yilning 3–5-noyabr kunlari Toşkent şahrida Markaziy Osiyo — Xitoy (C5+1) fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik böyiça Işçi guruhning uçinçi yiğilişi bölib ötdi.
Unda Özbekiston, Xitoy, Qozoğiston, Qirğiziston, Tojikiston va Turkmaniston aviatsiya maʼmuriyatlari hamda aviakompaniyalari vakillari iştirok etdi.
Yiğilişda «Havo ipak yöli»ni birgalikda barpo etiş böyiça kelişuv ijrosini taʼminlaş, mintaqaviy aviabozorni liberallaştiriş, aviaqatnovlarni köpaytiriş, meʼyoriy-huquqiy bazani muvofiqlaştiriş va ilğor texnologiyalarni joriy etiş masalalari muhokama qilindi.
Uçraşuv doirasida Özbekiston va Qozoğiston aviatsiya maʼmuriyatlari örtasida quyidagi kelişuvlarga erişildi:
- Toşkent — Olmaota va Toşkent — Ostona yönalişlarining har birida muntazam parvozlar soni haftasiga 42 tadan 60 tagaça oşiriladi;
- qolgan barça yönalişlarda parvozlar soni haftasiga 14 tadan 20 taga yetkaziladi.
Şuningdek, Özbekiston va Xitoy örtasidagi muntazam aviaqatnovlar sonini haftasiga 100 tadan 114 tagaça oşiriş huquqi berildi. Erişilgan kelişuvlarni mustahkamlaş maqsadida tegişli hujjatlar imzolandi.
Yiğilişda fuqaro aviatsiyasi infratuzilmasini rivojlantiriş, parvozlar xavfsizligini taʼminlaş, «yaşil» va «aqlli» texnologiyalarni joriy etiş, qöşma loyihalarni amalga oşiriş masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Qayd etilişiça, erişilgan kelişuvlar Özbekistonning xalqaro aviatsiya bozoridagi mavqeini mustahkamlaş, transport-logistika boğliqligini oşiriş, yölovçilar uçun safar imkoniyatlarini kengaytiriş hamda savdo-iqtisodiy va turistik aloqalarni rivojlantirişga xizmat qiladi.
Işçi guruhning navbatdagi, törtinçi yiğilişi 2027-yilda Qirğizistonda ötkazilişi belgilandi.