Bu haqida Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta mansabdor shaxslar qo‘lga olingan.
Birinchi holatda, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Andijon viloyati hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi mahalliy tadbirkorga sud masalasini uning foydasiga hal qilib berishni va’da qilgan. U ko‘chmas mulk bo‘yicha tuzilgan shartnomani bekor qilmaslik evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs pul mablag‘ini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida ushlangan.
Yana bir holatda, «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Andijon hududiy filiali muhandisi tadbirkorning sholi quritish tsexida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani bo‘yicha hisoblangan 650 million so‘m zarar miqdorini kamaytirib berishni va’da qilgan.
U 40 million so‘mgacha kamaytirish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilib, shundan 10 ming dollarini olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Shuningdek, viloyat tumanlaridan biridagi Kadastr bo‘limi boshlig‘i fuqaroga uy-joy qurish va dehqon xo‘jaligi tashkil qilish uchun yer ajratib berish evaziga avvaldan 3 ming AQSh dollari olgani aniqlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u fuqaroga 8 sotix yer ajratilgani haqida soxta hujjat ham rasmiylashtirib bergan. Keyinchalik xatlov jarayonida mazkur yer maydoni noqonuniy ajratilgani ma’lum bo‘lib, fuqaroga 82 million so‘m jarima qo‘llanilgan.
Kadastr xodimi pulni uchinchi shaxs orqali qaytarib berayotgan vaqtida fosh etilgan.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.