Qarorga ko‘ra, davlat xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) va davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladi.

Ariza beruvchilar – davlat organlari va yuridik shaxslar.

Xizmat “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekiston milliy arxivlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan ko‘rsatiladi.

YAIDXP orqali murojaat etilganda so‘rovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi va to‘lov summasining 90 foizi to‘lanadi.

Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda to‘langan to‘lov summasi qaytarilmaydi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish rad etilganda ariza beruvchi xabarnoma yuborilgan sanadan boshlab 30 ish kuni ichida kamchiliklarni bartaraf etgan holda to‘lov to‘lamasdan qayta ariza berishi mumkin.

Ekspertiza natijasida kelishilgan hujjat loyihasiga o‘zgartirish yoki qo‘shimchalar kiritilganda, u umumiy tartibda qaytadan ekspertizadan o‘tkazilishi shart.

Davlat arxivlarining arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlari loyihalari ekspertizadan o‘tkazilmaydi.

Xizmat ko‘rsatish muddati va to‘lov miqdori (1 ta hujjat loyihasi uchun):

saqlash muddati ko‘rsatilgan sohaviy hujjatlar ro‘yxati – 30 ish kuni, BHMning 10 baravari (faqat davlat organlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari tomonidan taqdim etiladi);

ish yuritish va ijro nazoratini tashkil etish bo‘yicha yo‘riqnoma – 15 ish kuni, BHMning 2 baravari;

hujjatlar yig‘majildlari nomenklaturasi – 15 ish kuni, BHMning 5 baravari;

idoraviy arxiv, arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi markaziy ekspert komissiyasi hamda ekspert komissiyasi to‘g‘risidagi nizomlar – 10 ish kuni, BHMning 1 baravari;

hujjatlar yig‘majildlarining arxiv ro‘yxatlari va hujjatlarni yo‘q qilishga ajratish to‘g‘risidagi dalolatnoma – 15 ish kuni, BHMning 2 baravari.