«BMTning
inson huquqlari mexanizmlarida parlament ishtirokini kengaytirish: individual
murojaatlar taqdim etish tartib-taomillarini o‘z ichiga olgan fakultativ
protokollarni ratifikatsiya qilish» mavzusida mazkur tadbir Oliy Majlis
a'zolari uchun tashkil etildi.
Seminar
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT
Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi va ushbu Boshqarmaning
Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi bilan hamkorlikda,
Parlamentlararo Ittifoq hamda Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi ishtirokida
gibrid shaklda o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va
Senati a'zolari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz vakillari, shuningdek,
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, Parlamentlararo
Ittifoq va Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi ekspertlari qatnashdi.
Seminarda
parlament a’zolarining BMT inson huquqlari tizimida qonun chiqaruvchi
hokimiyatning o‘rni borasidagi tushunchalarini chuqurlashtirishga, ularni
BMTning xalqaro shartnomalariga doir fakultativ protokollar doirasida
individual murojaatlarni ko‘rib chiqish tartib-taomillari bilan tanishtirishga
alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, ushbu xalqaro hujjatlarning ehtimoliy
ratifikatsiyasi O‘zbekiston uchun qanday huquqiy va institutsional ahamiyat
kasb etishi atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida inson huquqlari
sohasidagi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarini
himoya qilishi va faol ilgari surishi alohida qayd etildi.
Muhokama
etilgan masalalarning konstitutsiyaviy-huquqiy asosida yangi tahrirdagi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalari mujassamdir.
Konstitutsiyaning 55-moddasiga ko‘ra, har kim O‘zbekiston
Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar
davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib
bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va
erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli.
Seminar
dasturi doirasida to‘rtta mavzudagi sessiyalarda ish olib borildi. Ya’ni, «BMTning
inson huquqlari bo‘yicha tizimi va parlamentlar», «Fakultativ protokollar
doirasida xabarnomalarni ko‘rib chiqish tartib-taomillari», «Shartnomaviy
organlarning “fikr-mulohazalari”ni ro‘yobga chiqarish», «O‘zbekiston uchun
ahamiyati va keyingi qadamlar» mavzularidagi sessiyalarda qizg‘in muhokamalar
bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo
bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi xodimi Omer Fisher, ushbu Boshqarmaning
Universal davriy sharh bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Pavlo Byalik,
Parlamentlararo Ittifoqning inson huquqlari bo‘yicha kichik maslahatchisi Ilya
Novikov, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Petitsiyalar
seksiyasi maslahatchisi Behzod Aliev, Xalqaro huquqshunoslar komissiyasining
yevropa va Markaziy Osiyo dasturi direktori Temur Shokirov, Milliy markazning
Xalqaro hamkorlik bo‘limi katta mutaxassisi Abbosbek Nabiev o‘z ma’ruzalari va
ekspertlik fikrlari bilan ishtirok etdi.
Seminar
ochiq muhokama va muhim xulosalar bilan yakunlandi.
Inson huquqlari bo‘yichaO‘zbekiston
Respublikasi
Milliy markazi matbuot
xizmati.