XXI asrda universitetlar nafaqat bilim beruvchi muassasa, balki ijtimoiy transformatsiya drayveri, innovatsion rivojlanish markazi va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning asosiy platformasi sifatida faoliyat yuritishi zarur. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida mazkur jarayonni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlari sifatida zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil va tahliliy fikr yurita oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga koʻtarish belgilangan.
Ayniqsa, taʼlimga intiluvchan
yoshlarning qamrovini oshirish va sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish
maqsadida nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash,
ularga keng imkoniyatlar yaratish katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa
koʻzlangan maqsadlarga erishish yoʻlida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
“T-5” tamoyili
Prezidentimizning 2026-yil 10-apreldagi
“Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha
chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida
“T-5” tamoyili, yaʼni taʼlim, tarbiya,
tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirish vazifasi belgilandi.
Darhaqiqat, oliy taʼlimning mazmuni
faqat bilim berish bilan cheklanmay, tarbiyalash, yangi bilim yaratish, uni
amaliyotga joriy etish va tizimni muntazam ravishda rivojlantirishni ham qamrab
oladi. Yoshlar uchun zamonaviy taʼlim muhiti yaratish, bitiruvchilarni mehnat
bozori talablariga toʻliq moslashtirish, masʼuliyatli va jamiyatga foydali
shaxslarni tarbiyalash, yangi bilimlar yaratish va muammolarga samarali yechim
topish, innovatsiyalarni rivojlantirish hamda ilmiy natijalarni mahsulot va
xizmatlarga aylantirish kabi vazifalar yangi Oʻzbekiston siyosatining ustuvor
yoʻnalishlaridan.
Ushbu
jarayonga Buxoro innovatsiyalar universiteti professor-oʻqituvchilari va
talabalari ham munosib hissa qoʻshmoqda. 2022-yildan buyon faoliyat yuritib
kelayotgan mazkur universitet Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat
yuritmoqda. Qisqa muddatda universitetda 400 ga yaqin ish oʻrni ochildi, oʻnlab
fan doktorlari yetishib chiqdi, yuzlab kitoblar chop etildi. Eng muhimi, 10
mingdan ortiq yoshga oliy taʼlim olish imkoniyati yaratildi. Ular orasida turli
sabablarga koʻra oliy taʼlimdan chetda qolgan, xorijda oʻqish jarayonida
qiyinchiliklarga duch kelgan iqtidorli yoshlar ham bor.
2017-yilda
mamlakatimizda oliy taʼlimga qamrov sakkiz foiz atrofida boʻlib, arzimagan ball
yetishmasligi bilan abituriyentni bilimsizga chiqarib qoʻyar edik. Oliy
taʼlimga qamrov masalasidagi muammolar sababli yoshlarimiz xorijga ishga ketar
yoki hayotining bir necha yilini abituriyent sifatida oʻtkazardi. Yana bir eng
yomon anʼana — odam kam topshirgani uchun oʻzi istamagan yoʻnalishlarga
oʻqishga topshirib, umrini, mablagʻini behuda sarflab, oxiri baribir shu kasbda
ishlamas edi.
Diplom olsa bas, qolgani bir
gap boʻlar
Mamlakatimizda
yoshlarning ilm olishi, umuman, har tomonlama rivojlanishi uchun barcha sharoit
mavjud. Yangi nodavlat oliy taʼlim muassasalari koʻp yillik tajribaga ega
davlat universitetlari bilan sogʻlom raqobatga kirisha boshladi. Lekin son
ortishi sifatga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi masalasi bugun kun tartibiga
chiqdi. Biroq yoshlar, hatto farzandining oliy taʼlim olishi uchun pul
toʻlayotgan ota-onalar endigina maktab ostonasidan chiqqan, oʻzi tanlagan
mutaxassisligiga oid kasbiy bilimlar, koʻnikmalarni egallashga, xorijiy tillar,
kompyuter texnologiyalarini oʻzlashtirishga katta ehtiyoji bor yoki oʻzi
istagan yoʻnalishda hammaslak boʻladigan muhitda birga rivojlanish
imkoniyatlarini oʻylamay, “bolamga sharoit qilib bering, bu ishlab pul topishi
kerak, diplom olsa bas, qolgani bir gap boʻlar” degan vajlar bilan murojaat
qiluvchilar ham yoʻq emas.
Davlatimiz
tomonidan oliy taʼlim olish imkoniyatlari yaratildi, endi hech kim oʻzi
tanlagan kasbi qolib, ball kam talab qilinadigan yoʻnalishga topshirishga ham
majbur emas. Tanlash imkoniyati keng. Superkontrakt toʻlamaydi, toʻgʻri tanlov
qila olsa bas. Endi odamlarimiz bir jihatni yaxshi anglashi kerak: ikki
tomonlama shartnomada bilim oluvchi pulini toʻlaydi, taʼlim muassasasi uni
jamiyatimizga kerakli, raqobatbardosh kadr qilib yetkazib chiqarishi kerak.
Nomiga diplom emas, taʼlim muassasalaridan sifatli taʼlimni talabaning oʻzi
talab qilishi kerak!
Bugungi
oliy taʼlim tizimida yana bir juda jiddiy muammoga duch kelyapmiz. Talaba
sonining ortishi ayrim taʼlim muassasalarining boshqaruv jarayonidagi
tajribasizlikni koʻrsatib qoʻymoqda. Oʻttiz besh yildan ortiq oliy taʼlim
tizimidagi tajribam, pedagogika fanlari doktori sifatidagi masʼuliyatim
taʼlimdagi ayrim jihatlarni aytishga undadi.
Zamonaviy universitet qanday
boʻlishi kerak?
Fikrimni
oʻzim boshqarayotgan Buxoro innovatsiyalar universiteti misolida toʻldirsam.
Jamiyatga yaxshi bitiruvchi berish uchun, eng avvalo, ishga yaxshi xodimni
olish kerak. Shu bois, universitetimizda professor-oʻqituvchilarni ishga qabul
qilish tizimi toʻliq raqamlashtirilgan. Har bir xodim bilan mehnat
shartnomasiga qoʻshimcha “performance agreement” — samaradorlik kelishuvi
tuziladi.
Universitet
maqsadlaridan kelib chiqib, har bir professor-oʻqituvchi va xodim uchun
samaradorlik koʻrsatkichlari belgilanadi. Bu tizim faoliyat natijalarini
obyektiv baholash, ilgʻor tajribalarni ragʻbatlantirish va institutsional
rivojlanishni tizimli monitoring qilish imkonini beradi.
“BIU
elektron universitet” platformasi ishga tushirilgan. Boshqaruv tizimi va oʻquv
jarayoni, axborot-resurs markazi va hujjatlar aylanmasini elektronlashtirishni
taʼminlovchi yagona raqamli platforma ishga tushirilgan. Bu workflow (ish
jarayonlari)ni elektron boshqarish imkonini yaratadi.
Sunʼiy yoʻldosh Moʻynoq
shaharchasida uchiriladi
Buxoro
innovatsiyalar universiteti 2030-yilgacha “Universitet 5.0” modeliga toʻliq
oʻtishni rejalashtirmoqda. Bu model — taʼlim, ilm-fan, innovatsiya,
ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish va sunʼiy intellekt
integratsiyasini yagona ekotizim sifatida uygʻunlashtiradi. Modelning asosiy
mohiyati: Universitet 5.0 = taʼlim
ilm-fan + innovatsiya + tijoratlashtirish + sunʼiy intellekt. Natijada
universitet aql va madaniyat markazi,
jamiyat va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlovchi, hududiy va
milliy rivojlanishning drayveri sifatida namoyon boʻladi. Oʻquv muassasamizda
taʼlim jarayoni “kompetensiya + amaliyot + raqamli koʻnikma” modeli asosida
qator yoʻnalishlarda modernizatsiya qilinmoqda.
Birinchi
navbatda, talabalarga original adabiyotlar oʻqitishga katta eʼtibor
qaratyapmiz. Talaba kutubxonaga murojaat qilmadimi, demak, oʻqituvchi uni bu
yerga yoʻnaltira olmagan. Shu bois, guruhlararo, yoʻnalishlararo, universitet
miqyosida mutaxassislik fanlaridan original adabiyotlar oʻqish boʻyicha olimpiadalar,
musobaqalar tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Bu borada talabalarni ragʻbatlantirish
tendensiyasi amal qiladi. Professor-oʻqituvchilarimizga loyiha ishlari,
simulyatsiyalar, Blended learning va Flipped classroom texnologiyalari,
fanlararo musobaqalar, mustaqil taʼlim soatlari ulushini oshirish talablari
qoʻyiladi. Bularning barchasi tizimli tahlil qilib boriladi.
Universitetda
sunʼiy intellekt laboratoriyasi mavjud. Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya,
Eronning nufuzli universitetlaridagi qator olimlar bilan aloqa oʻrnatilgan.
Sunʼiy intellekt va raqamli innovatsiyalar laboratoriyasi (AI & Digital
Innovation Lab) taʼlim, ilm-fan va boshqaruv jarayonida sunʼiy intellekt
yechimlarini ishlab chiqish, talabalar va olimlarni amaliy sunʼiy intellekt
loyihalarida faol ishtirok etishga jalb qilish, universitetning raqamli
transformatsiyasini tezlashtirish kabi vazifalarni bajarib kelmoqda.
Sunʼiy
intellekt laboratoriyasiga iqtidorli talabalar tanlab olinib, ular bugun 40
kilometr balandlikka sunʼiy yoʻldosh uchirish uchun “Oʻzbekkosmos” agentligi,
Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda katta loyiha ustida ishlamoqda. Ushbu
loyiha taqdimoti shu yil 28-iyunga moʻljallangan va sunʼiy yoʻldoshimiz
Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq shaharchasidan uchirilishi rejalashtirilgan.
Talabalar
bilimini baholash tizimi toʻliq LMS (Learning Management System) platformasiga
oʻtkazilgan. Bu esa baholashning xolisligi va shaffofligini taʼminlaydi.
Universitetimizning sirtqi boʻlimi talabasi yiliga ikki marta kelib oʻqishidan
tashqari, yil davomida keyingi semestr uchun oʻquv rejada belgilangan fanlarni
elektron platforma orqali oʻqib, oʻzlashtirib boradi.
4 million dollarlik sarmoya
Bugun
universitetimiz dunyoning 50 dan ortiq nufuzli oliy taʼlim muassasaci bilan
akademik, ilmiy va madaniy hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Shundan 13 tasi QS World
Ranking TOP-1000 reytingidagi universitetlar. Hamkor oliy taʼlim muassasalari
Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Latviya, Niderlandiya, Malayziya, Indoneziya,
Turkiya, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston kabi davlatlarning
yetakchi muassasalaridir. Jumladan, Indoneziyaning Muhammadiya universiteti
bilan 4 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish va tibbiyot
yoʻnalishida qoʻshma taʼlim tashkil etish boʻyicha kelishuv imzolangan.
AQSHning LSD logistika kompaniyasi universitetni kadrlar tayyorlash markazi
sifatida tanlab, ingliz tilini yaxshi biladigan talabalarni munosib maosh bilan
ishga jalb etmoqda.
Shuningdek,
Niderlandiyaning Gaaga amaliy fanlar universiteti bilan akademik mobillik dasturi
amalga oshirilib, oʻqituvchilar almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan. Niderlandiyalik
hamkasblarimiz bizda, bizning professorlarimiz Gaaga universitetida dars
bermoqda. Ikki yildan buyon talabalarimiz oliy taʼlim talabalari oʻrtasida
oʻtkaziladigan matematika olimpiadasida faol qatnashib, vatanimizga kumush,
bronza medallar sovgʻa qilmoqda. Oʻnlab talabalarimiz sport musobaqalariga
tayyorlanib, jahon chempioni boʻldi va kontrakt summasidan chegirma huquqini
beruvchi vaucherlar bilan taqdirlandi.
Buxoro
innovatsiyalar universiteti uzluksiz taʼlim klasterini tashkil etish bilan
bogʻliq oʻziga xos loyihani amalga oshirmoqda. Ushbu klaster tarkibidagi Buxoro
innovatsiyalar akademiyasida yoshlarning chet tillar, tabiiy fanlar,
robototexnika, AT va sunʼiy intellekt sohasidagi bilimlarini oshirish bilan
birga hunarmandchilik, tikuvchilik, 3D modellashtirish, milliy hunarlar va
ijodiy dizayn boʻyicha amaliy kasb-hunar koʻnikmalarini shakllantirish nazarda
tutilgan.
Umuman
olganda, universitet strategik maqsadlari, innovatsion boshqaruv tizimi va
rivojlanish rejalari bilan Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida munosib oʻringa
ega.
Shu
oʻrinda qator taklif va tavsiyalarni bildirib oʻtmoqchimiz. Sifatli faoliyat
yuritayotgan nodavlat universitetlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida
davlat dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
Sifat
koʻrsatkichlari, boshqaruv shaffofligi va bitiruvchilarning mehnat bozorida
talabgirligi asosida saralangan oliy taʼlim muassasalarini manzilli
qoʻllab-quvvatlash mexanizmini joriy etish zarur. Bunday dastur
laboratoriyalar, raqamli infratuzilma, kutubxona resurslari, startap
maydonchalari va amaliy tadqiqotlarni tanlov asosida hammoliyalashtirishni
nazarda tutadi. Bu yondashuv nodavlat sektorni sifat jihatidan mustahkamlab,
uning kadrlar tayyorlashdagi rolini oshiradi.
Nodavlat
universitetlar kadrlar salohiyatini rivojlantirish uchun maxsus mexanizmlar
yaratishi kerak. Jumladan, stajirovkalar, qoʻshma ilmiy loyihalar, doktorantura
grantlari va pedagogik hamda raqamli kompetensiyalarni oshirish dasturlari
muhim.
LMS
platformalari uchun yagona minimal milliy talablarni belgilash taklif etiladi.
Bu elektron kurslar, baholash tizimi, analitika, qayta aloqa va maʼlumotlar
xavfsizligini qamrab olishi kerak.
Taʼlimda
sunʼiy intellektdan masʼuliyatli foydalanish boʻyicha normativ va metodik
bazani yaratish zarur. Bu akademik halollikni taʼminlash va taʼlim
samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Barqaror
faoliyat yuritayotgan nodavlat universitetlar uchun yangi taʼlim
yoʻnalishlarini litsenziyalashni soddalashtirish maqsadga muvofiq. Bu ularning
tezkor rivojlanishida qoʻl keladi. Yangi taʼlim yoʻnalishlarini “oldindan
maʼqullash” mexanizmini joriy etish orqali universitetlarga oʻz faoliyatini
rejalashtirishda qoʻshimcha qulaylik yaratish mumkin.
40
yillik tajribam asosi
Koʻp
yillik tajribalarimga asoslanib va taʼlim sifatini oshirishning qanchalik
muhimligini anglagan holda taʼkidlab aytmoqchiman: taʼlim muassasasining
yangiligi yoki yangi tizimda ishlayotgani unga “xato qilish mumkin, vaqti bilan
tuzatiladi” degan vakolatni bermaydi. Chunki biz bugun taʼlim-tarbiya bergan
yoshlar tajribamiz ortganida qaytib kelib oʻqimaydi, biz unga bugun diplom
beramiz.
Yangi
universitetlar tajribali kadrlarni ishga jalb qilishi kerak. Dunyo tajribasini
tahlil qila olishi, raqobatbardosh kadr tayyorlash pozitsiyasini mustahkamlashi
zarur. Vazirlik, idoralar tomonidan universitetlarga nisbatan davlat, nodavlat
degan terminologiyadan voz kechish, barchaga bir xil talab, bir xil imkoniyat
va universitetlarni rivojlantirish choralari koʻrilishi kerak.
Dilnoz ROʻZIYEVA,
Buxoro innovatsiyalar
universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor