Uşbu uluğvor, çinakam tarixiy niyatni amalga oşiriş uçun ötgan ön yilda mustahkam siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy poydevor qöyildi. Eng muhimi, xalqimiz öz kuçi va imkoniyatini aniq idrok qila boşladi. Agar astoydil harakat qilsa, baquvvat yelkalar birlaşsa, millionlab yuraklar birdek yonsa, dunyoda uning qölidan kelmaydigan iş qolmasligini his qildi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz aytganidek: “Inson özgarsa, jamiyat özgaradi”.
Insonning özgarişi esa bolaligidan oladigan taʼlim-tarbiyasi, uni qurşab turgan ruhiy-maʼnaviy muhitga çambarças boğliq. Zamonaviy, oqilona taʼlim-tarbiyani yölga qöyiş, ruhiy-maʼnaviy muhit musaffoligini taʼminlaş hamma zamonda ham ziyolilar zimmasidagi eng muhim vazifa bölgan.
Ilm-fan, taʼlim-tarbiya, adabiyot hamda sanʼat ahlini özida mujassam etgan bu uyğoq tafakkur ahliga davlatimiz rahbari qaratayotgan eʼtibor va ğamxörlik ham ayni şu haqiqatni çuqur anglaş va barçaga anglatiş istagidan kelib çiqadi.
Bugun yangi Özbekistonda boğça tarbiyaçisidan tortib, akademikkaça bu eʼtibor va ğamxörlikni real his qilmoqda Özidan kutilayotgan harakat va himmatni ham çuqur idrok etyapti.
Şu kunlarda jonajon ölkamizning barça hududida taşkil etilayotgan “Özbekiston ziyolilari kengaşi” tadbirlarida qatnaşayotgan biror-bir kişi yöqki, ayni anjumanlarda kötarilayotgan masalalar özining, oilasining, tuğilib yaşayotgan yurtining taqdiriga uzviy boğliqligini yurakdan his qilmayotgan bölsa.
Andijon viloyatidagi tadbirlarda bevosita iştirok etib, bu haqiqatga yana bir bor çuqur amin böldim. Qizğin muhokama va bahslarda faol qatnaşgan yurtdoşlarimizning baʼzilarini eslatay:
— hayotning aççiq-çuçugini obdan totgan nuroniy pedagog;
— mahallasidagi oilalarning issiq-sovuğidan doimiy xabardor kayvoni onaxon;
— yoşlarga eng ilğor informatsion texnologiyalar, sunʼiy intellekt imkoniyatlarini örgatayotgan şijoatli muallim;
— opasi va hatto onasi tengi xotin-qizlarga oliy öquv yurtida xorijiy tildan dars ötayotgan Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori;
— “Aka, menda ham bir muhim taklif bor, eşitib köring-da”, deb dadil qöl kötarayotgan “Yoş liderlar maktabi” aʼzosi...
Aksariyati umumiy gaplarning, bugungi yoşlardan nuqul yozğirişning davri ötganini, farzandlarimizning aqlli-odoblisi ham, şöx-şaddodi ham, hozirça özini, özligini topa olmay yurgani ham — barçasi bizning bolalarimiz ekanini, ularning taqdiriga, demak, yurt kelajagiga özlari ham masʼul ekanini yurakdan his qilmoqda.
Jumladan, nuroniy muallim nafaqat ayrim hamkasblari, hatto özidan ham qoniqmay, çuqur bilim hamda zamonaviy pedagogik usullarsiz bolalarni maktabga qiziqtirib bölmasligini jon kuydirib uqtirmoqda. Uning taʼkidiça, maktab direktori boşqa barça idora va muassasa rahbarlaridan tubdan farq qilişi lozim. Uning butun xatti-harakati, borliğidan tarbiya isi — ifori ufurib turişi kerak!
Mahallasidagi qöydi-çiqdi muammolaridan yuragi ozurda bölgan onaxon esa oilalardagi aksariyat köngilsizliklar ikki yoş taqdiriga bemalol aralaşişni öziga kasb qilib olayotgan uçinçi şaxslar qilmişi tufayli yuzaga kelayotganini kuyinib taʼkidlar ekan, gapining oxirida Abdulla Oripovning maşhur “Uçinçi odam” şeʼrini eslaydi!
Axborot texnologiyalari muallimi ilgari surayotgan ğoya ham eʼtiborga loyiq: u “Maʼnaviyat raqamli makonda” umumiy nomi bilan alohida ijtimoiy loyihani amalga tatbiq etiş, bu makonga millat kelajagiga befarq bölmagan jonkuyar ziyolilarni keng jalb qilişni taklif etadi.
Yuqorida eslaganimiz faollarning yana biri — Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga loyiq körilgan singlimiz kuzatişi böyiça hozir, xususan, yoş xotin-qizlar orasida “sertifikatbozlik” xuruji avj ola boşlagan. Ayniqsa, internet tarmoğiga xufyona tör, qarmoq sifatida taşlanayotgan xorijiy, kelib çiqiş makoni va maqsad-muddaosi nihoyatda şubhali markazlar tomonidan taklif etilayotgan sertifikatlarga kör-körona qiziqiş uzoq vaqt kuttirmay özining xatarli oqibatlarini keltirib çiqarişidan taşvişda u.
Bu qizning dugonasi — “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi esa aksariyat taʼlim muassasalarida nuqul “iqtidorli yoşlar” bilan işlaşga zör berilayotgani, bundan “iqtidorsiz” deb unutilayozgan yoşlarning köksi jiddiy öksişidan ogoh etadi bizlarni. Uning nazariça, tört muçasi soğ tuğilgan har bir bolada, yoş vujudda, şubhasiz, nedir qobiliyat, isteʼdod böladi. Ota-onaning, boğça va maktabning birinçi vazifasi — bolalarimizdagi mana şu javharni öz vaqtida payqaş, uning oçilib, ravnaq topişi uçun zarur kömak beriş, iqtidor uvoliga yöl qöymaslikdir.
Boyagi — “Aka, menda ham bir muhim taklif bor, eşitib köring-da”, deb dadil qöl kötargan “Yoş liderlar maktabi” aʼzosi ukamizdan bölsa, mana bu taklif-mulohaza yangradi:
“Biror oila boşqasiga öxşamas ekan, demak, unda tuğilib ösayotgan yoşlar örtasida ham nedir farqlar bölişi tabiiy hol. Heç bir zamon va makon ularni birxillaştiriş, konveyerdan çiqqandek yakranglikka olib kelişga erişa olmagan, erişa olmaydi ham. Demak, bu muhim faktorni aslo yoddan çiqarmaslik, insonga, xususan, yoşlarga qaratiladigan barça yondaşuvni şundan kelib çiqib belgilamoq lozim.
Turli oila va toifa vakillari bölgan yoşlarning özaro til topişuviga, bir-biridan nimadir yaxşiliklarni örganuviga erişsak, umumjamiyat birligiga, xalqimiz yakdilligiga ham erişgan bölardik. Buning sözsiz şartlaridan biri esa, jamiyat aʼzolari örtasida özaro moslaşiş könikmasini kuçaytirişdir. Bu muhim tarbiyaviy, maʼrifiy yumuş ham aynan biz — ziyolilar zimmasida”.
Joylardagi ziyolilarning sidqidildan, jon kuydirib örtaga taşlayotgan bu singari hayotiy, dolzarb taklif va mulohazalarini eşitar ekansiz, beixtiyor şuuringizda uluğ şoir Çölponning “Butun kuçni xalq içidan olaylik, Quçoq oçib xalq içiga boraylik!” degan ölmas daʼvati yangraydi.
Odamni xursand qiladigan, kuçli umidlantiradigan yana bir yorqin holatni alohida urğulamasak bölmaydi. Prezidentimiz bir neça bor işonç bilan aytganidek, bugungi odamlar keçagi odamlar emas! Ayniqsa, bugungi Özbekistonning yoşlar armiyasi:
— navqiron pedagog-murabbiylar;
— olim-izlanuvçilar;
— ham mumtoz, ham zamonaviy sanʼatning, sportning köplab yönalişlarida jahon ahlini lol qilişga qodir yorqin isteʼdodlar, ilmi va xulqi bilan tengdoşlariga ibrat bölib, ularni ortidan ergaştira oladigan şijoatli liderlar safi kun sayin kengayib, közga yaqqol taşlanadigan kölam olib borayotgani butun xalqqa işonç bağişlaydi!
Yurtimiz ziyolilari bilan ötkazilayotgan yuzma-yuz, oçiq, samimiy muloqot tadbirlari uçun bejiz “Yangi Özbekiston ziyolilari — milliy yuksaliş tayançi” degan şior tanlanmagan. Zero, ziyolilari uyğoq va fidoyi xalq özi közlagan, mamlakat yetakçisi rahbarligida intilayotgan yoruğ manzilga — Uçinçi Renessansga, albatta, yetişadi!
Rahmon QÖÇQOR,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
boş mutaxassisi, filologiya fanlari nomzodi