Muloqotda yoshlar, oʻquvchi va talabalarni qiynayotgan masalalarni oʻrganish, ularning muammolarini tinglash hamda sifatli taʼlim olishlari uchun yanada yaxshi sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratildi.
Bola bogʻchaga borishi, oʻquvchi maktabda puxta bilim olishi, talaba esa egallagan bilimi va kasbi bilan hayotda oʻz oʻrnini topishi kerak. Shu maqsadda maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish, yoshlarni kasbga tayyorlash va ularning ilm-fanga qiziqishini qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Oʻqituvchining jamiyatdagi obroʻsi va nufuzini yuksaltirish, uning mehnatini qadrlash, oʻz ustida ishlashi va bor eʼtiborini taʼlimga qaratishi uchun munosib sharoit yaratish ham muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Erkinjon Turdimov muammolarni sanab oʻtish bilan cheklanmasdan, ularning har biri boʻyicha amaliy yechimlar ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi. Xodimlarga oʻquvchi, talaba va pedagoglar hayotida ijobiy oʻzgarishlarga olib keladigan aniq takliflar tayyorlash vazifasi qoʻyildi.