Prezidentning “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini 2026–2027-yillarda amalga oshirish hamda yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaroriga koʻra:
- suhbat bosqichida beriladigan savollar (topshiriqlar) davlat organining rasmiy veb-saytida kamida 1 oy oldin eʼlon qilinadi, 1 oy oldin eʼlon qilinmagan savollarni nomzodlarga berish taqiqlanadi;
- ichki tanlovlar oʻtkazilmaydigan hamda tanlovlarni oʻtkazishda nomzodlarga nisbatan umumiy yoki maxsus ish stajiga oid talablar belgilanmaydigan lavozimlar roʻyxati hamda tanlovlarni oʻtkazishda nomzodlarga nisbatan koʻpi bilan 2-yil umumiy yoki maxsus ish stajiga oid talablar qoʻyiladigan lavozimlar roʻyxati belgilanadi.
Shuningdek, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan hamda zamonaviy kasblar reyestri (Reyestr) shakllantiriladi.
Reyestrga kiritilgan kasblarga oʻqigan yoshlarning kasbiy koʻnikmalarini baholash – milliy sertifikatsiyalash tizimi joriy etiladi.
Zamonaviy kasblar boʻyicha milliy sertifikat olgan quyidagi toifadagi yoshlarning xarajatlari “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi:
- Ijtimoiy reyestrga kiritilgan davlat taʼminotidagi oilalar va kambagʻal oilalarning farzandlariga oʻqish va imtihon xarajatlari;
- “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarning farzandlariga imtihon topshirish xarajatlari.