Bu haqida "O‘zbekiston aeroportlari" AJ maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, «Airbus A320» rusumli samolyot Toshkent aeroportiga soat 01:35 da kelib qo‘ndi. Aviatsiya anʼanasiga ko‘ra, havo kemasi suv arkasi bilan kutib olindi, yo‘lovchilar va ekipaj aʼzolariga milliy shirinliklar hamda gullar taqdim etildi.

Yangi yo‘nalish bo‘yicha parvozlar har kuni «Airbus A320» samolyotlarida amalga oshiriladi. Bu O‘zbekiston va BAA poytaxtlari o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

«Etihad Airways»ning Toshkentga qatnovlarni boshlashi O‘zbekistonning xalqaro aviatsiya aloqalarini kengaytirishda muhim voqea hisoblanadi. Yangi aviaqatnov ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik va turizm aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishi barobarida, yo‘lovchilar uchun Abu-Dabi orqali dunyoning turli yo‘nalishlariga qulay tranzit imkoniyatlarini ham kengaytiradi.

Maʼlumot uchun, «Etihad Airways» 2003 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Abu-Dabida joylashgan BAAning milliy aviakompaniyasi hisoblanadi. Aviakompaniya xalqaro yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshiradi va xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha xalqaro reytinglarda yuqori baholarga ega.

Shuningdek, «Etihad Airways» mustaqil Britaniyaning Skytrax agentligi tomonidan 4 yulduzli sifat sertifikati bilan taqdirlangan.