Barcha sohada tub burilish yasash, xalqimizning mehnatiga yarasha turmush sharoiti yaratish yangi Oʻzbekistondagi islohotlarning pirovard maqsadiga aylangan. Bunga erishish esa qator omillarga bogʻliq. Ularning orasida ilm-fan va taʼlim mushtarakligi alohida ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda ushbu yoʻnalishdagi ishlar sifat jihatdan yangi bosqichga chiqmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Uning ijrosini taʼminlashga qaratilgan muhim huquqiy-meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Ilm-fan va taʼlim-tarbiya ishlarini rivojlantirishning aniq maqsadli dastur va kompleks chora-tadbirlari shakllantirildi. Pirovardida ular bugun erishilayotgan yutuqlarga puxta zamin hozirladi. Bunga Fargʻona davlat texnika universiteti faoliyatida misol koʻp.

Ilm-fan va taʼlim rivoji koʻp jihatdan kadrlarga bogʻliq. Biroq uzoq yillar mobaynida bu jihatga eʼtibor berilmagani tufayli oliy taʼlim tizimida ilmiy ­darajali kadrlar va ilmiy darajasi boʻlmagan xodimlar maoshi oʻrtasidagi tafovut deyarli sezilmasdi. Bu esa oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatardi. Koʻplab ilmiy darajali professor-oʻqituvchilar ishini oʻzgartirishga majbur boʻldi. Bugun esa ushbu masalalarga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani tufayli vaziyat butunlay oʻzgardi. Hozir dissertatsiya yoqlagan tadqiqotchi va ilmiy rahbarning mehnati yetarlicha moddiy ragʻbatlantirilyapti. Kadrlar qoʻnimsizligiga barham berilgan. Professor-oʻqituvchilarning turmush darajasi ancha yaxshilangan. Sohada korrupsiya holatlarining ham oldi olinyapti.

Ilgari tadqiqotchi tayyor ilmiy ishini yoqlash uchun ixtisoslashtirilgan ilmiy kengash izlab ovora boʻlardi. Endi esa oliy taʼlim muassasalarining oʻzida bunday kengashlar bor. Dissertatsiya ishlarini masofaviy himoya qilish tartibi joriy etilgan. Bu ishlar oʻzining dastlabki samarasini bera boshladi.

Universitetimizda oʻqitish sifatini oshirish, amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish ustuvor vazifalardan. Shu maqsadda bugun 70 dan ortiq yirik korxona va tashkilot bilan hamkorlikda dual taʼlim tizimi joriy etildi. Bu orqali talabalar oʻz bilimini bevosita ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlab olyapti. 60 ta korxonada kafedralarimiz filiali faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, 165 nafar ishlab chiqarish mutaxassisi dars jarayoniga jalb etilgan. Oʻquv-uslubiy faoliyatni takomillashtirish doirasida 1000 dan ortiq fan dasturi xalqaro standartlar asosida qayta koʻrib chiqildi. 1300 dan ziyod yangi oʻquv-uslubiy material yaratildi, 103 ta darslik va 112 ta oʻquv qoʻllanma nashr etildi. Moddiy-texnik baza ham sezilarli darajada mustahkamlandi. Zamonaviy laboratoriya jihozlari, muhandislik kompyuterlari, SMART auditoriyalar va interaktiv panellar taʼlim jarayoniga joriy etildi. Axborot-resurs markazida 1 milliondan ortiq adabiyot jamlangan.

Xalqaro hamkorlik yoʻnalishida ham sezilarli natijalarga erishildi. Erasmus+, Horizon 2020 dasturlar doirasida, GIZ, JICA kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Universitetimizga xalqaro konsorsiumlar doirasida 7 million dollardan ortiq investitsiya jalb qilindi. 700 dan ortiq talaba akademik mobillik dasturlarida qatnashdi, 100 dan ziyod professor-oʻqituvchimiz xorijdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarida malaka oshirdi.

Ilmiy va innovatsion faoliyat OTM rivojining asosiy ustunlaridan. Bugun universitetimizda ilmiy salohiyat 47,3 foizni tashkil etadi. Xalqaro va mahalliy jurnallarda minglab maqolalar chop etildi. Qariyb 500 ta intellektual mulk obyekti roʻyxatdan oʻtkazildi. Taʼlim jarayonini boshqarish, talabalar faoliyatini monitoring qilish va professor-oʻqituvchilar reytingi uchun zamonaviy axborot tizimlari keng joriy etildi. Masofaviy taʼlim platformalari esa oʻqitish qamrovini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida universitet hududida va shahar miqyosida koʻchat ekish, hududlarni obodonlashtirish ishlarida talabalar faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, “Kitob ulashaman” aksiyasi orqali talabalar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, mutolaaga qiziqishni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu aksiya doirasida yoshlarga yuzlab kitob tarqatildi. Talabalar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, jismoniy faollikni oshirish maqsadida “Sogʻlom hayot” aksiyasi muntazam tashkil etilmoqda.

Bundan tashqari, teatr, muzey va boshqa madaniy mas­kanlarga uyushtirilayotgan ekskursiyalar talabalarning maʼnaviy-estetik dunyoqarashini kengaytirish, milliy va jahon madaniyatiga qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda. Bunday madaniy tadbirlar yoshlarning fikrlash doirasini kengaytirish va milliy qad­riyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash uchun ham zamin yaratadi.

Umuman olganda, universitetda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimli va samarali tashkil etilgan boʻlib, talabalarni yangi Oʻzbekiston istiqboli uchun befarq boʻlmagan avlod vakillari etib tarbiyalashga yoʻnaltirilgan.

Rustam TOJIYEV,

Fargʻona davlat texnika universiteti

rektori, professor

Hamkorlik materiali