Bu haqida «Zamon» ko‘rsatuvida xabar berildi.
Xabarga ko‘ra, Hayitov familiyali erkak 2025 yil 3 noyabr kuni spirtli ichimlik ta’sirida qaynotasi xonadonga kelgan va u yerda ikki nafar farzandi bilan yashab kelayotgan turmush o‘rtog‘i bilan uchrashgan.
Aniqlanishicha, ayol avval aliment undirish masalasida uni sudga bergan va sud qaroriga asosan erkak 15 sutkaga qamalgan. Jazo muddatini o‘tab chiqqanidan so‘ng ular o‘rtasidagi mojaro yanada kuchaygan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u aliment to‘lashdan qochish maqsadida turmush o‘rtog‘iga hujum qilgan, so‘ngra esa 2023 yilda tug‘ilgan qiziga ham tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda bola voqea joyida vafot etgan, ayol esa shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda jon bergan. Jinoyatdan so‘ng gumonlanuvchi voqea joyidan yashiringan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumani sudi uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “j”, “i” bandlari bilan aybdor deb topib, 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.
Mazkur holat oilaviy nizolarning og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi.