Ana shunday haybatli manzara ogʻushida muazzam maydon yurtdoshlarimiz, xorijdan kelgan mehmonlar bilan gavjum. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rasman ochilganiga hali koʻp boʻlmadi. Oʻtgan sanoqli kunlarda bu muhtasham majmuaning dovrugʻi olam uzra taralmoqda, buni mahobatli maskanni oʻz koʻzi bilan koʻrish uchun dunyoning turli mamlakatlaridan atay kelayotgan sayyohlar oqimi ham dalillab turibdi. Ularning hayrat toʻla yuz ifodasidan oʻzbek xalqining bunyodkorlik va donishmandlik zakosiga hurmat-ehtirom sezasiz.
Oilamiz bilan
ikkinchi marta ziyoratga bordik. Oʻtgan hafta kunduzi sayr qilgandik, ikkinchi
gal koʻngil majmuaning oqshomgi tarovatini ham his qilishni ixtiyor etdi.
Hamrohlarim — otam, onam, turmush oʻrtogʻimga qarayman. Ular oʻz olamining
tashbihi bilan band. Oilaviy hayratimizni fusunkor Xastimom oqshomining
mahobati bilan uygʻunlashtirishga harakat qilaman. Otam qariyb yarim asr
yashagan, onam bilan turmush oʻrtogʻim kelin boʻlib tushgan, oʻzim ham chorak
asr voyaga yetgan qadrdon mahallamiz hududi qachondir dunyoni oʻziga rom
qilishini hech birimiz hayolimizga ham keltirmaganmiz.
Toʻgʻri, Xastimom
dahasi azaldan musulmon olamini oʻziga jalb qilib kelgan. Bu yerdagi Baroqxon,
Moʻyi Muborak madrasalari, Namozgoh va Tilla Shayx masjidlaridan iborat ansambl
obidalarini bir bor koʻrishga ishtiyoqmandlar doim boʻlgan. Ammo bu ziyorat tor
doirada, asosan islom eʼtiqodidagi kishilarning muqaddas tarixiy maskani
sifatida edi. Zero, Xastimom nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida alohida nufuz va eʼtibor qozongan tabarruk
maskandir.
Bugun u
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilgani sharofati ila
nafaqat tarixiy, shu bilan birga oʻzida azaliy qadriyatlarni jo qilgan eng
ilgʻor va zamonaviy arxitektura majmuasi oʻlaroq irqi, dini, eʼtiqodidan qatʼi
nazar, minglab emas, millionlab odamlar bir bor koʻrishni niyat qilayotgan manzil
maqomini oldi.
Markazning
Qorasaroy koʻchasiga qaragan Ulugʻbek portali zinasiga qadam bosar ekanmiz,
otam toʻxtashimizga ishora qildi.
— Uyimiz taxminan
mana shu joyda joylashgan edi, — dedi otam qoʻli bilan ishora qilib
chegaralarni koʻrsatar ekan. — Bugun esa tumonat odam bir paytlar hovlimiz
boʻlgan hudud orqali shunday muqaddas majmuaga kirib-chiqib turibdi.
Qadriyatlarimizning
yozilmagan qonunqoidalari koʻp. Otam oilamiz
uchun bir vaqtlar boshpana boʻlgan xonadonimiz oʻrnida turib, bu yerlarda yashab
oʻtgan ajdodlarimiz, qoʻni-qoʻshni, qarindoshu mahalladoshlarimiz xotirasiga
Qurʼon oyatlaridan tilovat qildi. Yuzimizga fotiha tortdik va ruhimiz ancha
yengillashdi, nazarimda.
Ota-onamni
toliqtirib qoʻymaslik maqsadida ohista yurib, hududni aylandik. Odamlarni
kuzatdim. Tevarakning goʻzalligi barchani birdek maftun qilgan. Chiroqlar nuri
va devorlarda aks etayotgan ajabtovur tasvirlar kichkintoy sayyohlarning quvnoq
hayqirigʻiga sabab boʻlyapti. Biroq bundan hech kim bezovtalanib, yuz
burishtirayotgani yoʻq. Chunki barchaning yuzida tabassumga uygʻun hayrat va
hamma oʻzining oʻsha hayrat olamiga singib ketgan.
Sababi, bu yerda
moʻjiza ustiga moʻjizalar guvohi boʻlish mumkin. Bugun Eski shahar yuragida
zamonaviy texnologiyalar va tarixiy xotira uygʻunlashgan yangi madaniy makon
namoyon boʻlmoqda. Prezidentimiz tashabbusi va gʻoyasi asosida barpo etilgan
Islom sivilizatsiyasi markazida qosh qoraygach, noyob 3D mepping-shou
tomoshabinlarga taqdim etilmoqda. Loyiha Oʻzbekiston muzey makonida zamonaviy
raqamli texnologiyalar orqali tarix va maʼrifat gʻoyalarini yetkazishga
qaratilgan ilk yirik tashabbuslardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb
etadi.
Islom
sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat ilmiy va maʼrifiy mazmuni, balki
innovatsion va kreativ yechimlari bilan ham jamoatchilik eʼtibori markazida.
Majmua ichkarisidagi ekspozitsiyalar ilgʻor raqamli texnologiyalar asosida
tashkil etilgan boʻlsa, uning tashqi meʼmoriy qiyofasi ham tomoshabinlar uchun
oʻziga xos sahnaga aylangan. Quyosh botib, qorongʻi tusha boshlashi bilan
markaz devorlarida yorugʻlik, rang va harakat uygʻunligida namoyish etilayotgan
3D mepping-shou tarixni koʻz oldingizda jonlantiradi.
Mazkur
mepping-shouni tomosha qilish uchun markaz atrofiga har safar 5000 dan ziyod
mahalliy aholi va xorijlik mehmon toʻplanadi. Tomosha ikki seansda namoyish
etiladi. Har bir chiqish katta qiziqish va olqishlar bilan qarshi olinadi.
Ushbu vizual loyiha odamlar qalbida oʻziga xos tuygʻular uygʻotib, tarix va
maʼrifatni yangi shaklda his qilish imkonini bermoqda.
Bir payt odamlar
orasidan bir kishi biz tomon quchoq ochib kela boshladi. Qarasam, shu mahallada
yashagan qoʻshnimiz Rahim amaki ekan. U otamdan chamasi 4-5 yosh katta.
Koʻrinishidan ancha bardam, tetik. “Ie, iye, oʻzimning xastimomliklarim”, deya
koʻrishishga chogʻlandi. Ming yillik qadrdonlar kabi bir-birimizni bagʻrimizga
bosdik. Xastimomda oʻtgan davrlarni esga oldik.
— Hammangiz kelib
yaxshi qilibsizlar, — dedi Rahim amaki otamga yuzlanib. — Har bir yurtdoshimiz
bu noyob madaniy maskanni koʻrishi, tariximizni his qilishi va bilishi shart.
Bu yerlar tez-tez kelib koʻrishga arziydigan darajada obod boʻlibdi. Tunov kuni
oʻgʻlim va nabiralarim bilan majmuaning ichkaridagi zallarini koʻrgan edik.
Bugun atrofni bir oʻzim aylangim keldi. Bu kunlarga guvoh boʻlish, afsuski,
koʻplab mahalladosh doʻstlarimiz, aka-ukalarimizga nasib qilmadi. Bizga esa
koʻrsatganiga shukr.
*
* *
Toshkentliklarning qiziq bir odati bor. Tanimagan hamshahri bilan
gurunglashib qolsa, gap gapga ulanib ketsa, albatta, qaysi mahalladan ekanini
surishtiradi. Shunday kezlarda oʻzim tugʻilib oʻsgan, shu yerdagi
maktabda oʻqigan, oila qurgan, 25 yoshimga qadar istiqomat qilgan maskanimni
gʻurur va iftixor bilan tilga olaman: “Xastimomdanman!”. Savol bergan odamning
yuzida shu zahoti havas bilan birga kaminaga hurmat paydo boʻladi va doim
munosabat bir xil yangraydi: “Juda ulugʻ joylardan ekansiz!”.
Xastimom azaldan
Toshkentning islom, ilm-maʼrifat,
hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlaridan biri boʻlgan. Bunga ushbu maskanda
yashab oʻtgan koʻplab mutafakkir, islomshunos olim, diniy ulamolar, hududning
jugʻrofiy joylashuvi, irrigatsiya inshootlari — anhor va ariqlari sabab
boʻlgan. “Xastimom” soʻzi esa “Hazrati Imom” atamasining qisqartirilgan shakli.
Bu nom musulmon olami imomlaridan biri Abu Bakr Muhammad Qaffol Shoshiy
maqbarasi nomidan olingan. Mahalliy xalq uning hurmatidan bu joyni shunday
atagan.
Umuman olganda,
bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mahobati, maydoni va
qamroviga koʻra, dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini
oʻrganish hamda targʻib etishga qaratilgan yirik majmualardan biri boʻlib tarix
zarvaraqlariga kirmoqda.
Majmua atrofini
ikki marta aylanib chiqdik. Osmonga qarasam, goʻyo bu yerdan ketgim
kelmayotganini sezgandek, gʻujgʻon oʻynagan yulduzlar lipillab koʻz qisadi.
Ularga havasim keldi. Axir har kuni maftunkor manzarani koʻkdan tomosha qiladi.
Yulduzga xos miltiragan jilvasini bir paytlar bola boʻlib yugurib yurgan
koʻchalarim oʻrnida qad rostlagan muhtasham majmuaning devorlariga nur qilib
yetkazish bilan band.
Nuroniylik baribir
oʻz soʻzini aytar ekan — otam bilan onam uyga qaytish taraddudiga tushib qoldi.
Xastimomning tarovatli oqshomi bizni yana qaytib kelish sharti bilan kuzatib
qoʻydi.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri