Ayniqsa, keyingi yillarda qoʻlga kiritilayotgan tarixiy natijalar, yangi Oʻzbekiston gʻoyasi asosida boshlagan ulkan islohotlarimiz tufayli barcha soha va tarmoqlar, shaharu qishloqlar, har bir yurtdoshimiz hayoti, oʻy-tafakkurida yuz berayotgan yangilanishlar kafolatidir.

Mamlakatimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu tamoyilga asoslangan yangi Oʻzbekiston gʻoyasi amalda qudratli harakatga aylandi. Dunyodagi murakkab vaziyatga qaramay, iqtisodiyotimiz 6 foizdan yuqori surʼatda barqaror oʻsayotgani xalqimiz oʻzi tanlagan yoʻldan dadil borayotganini koʻrsatmoqda.

Gap iqtisodiy barqarorlik haqida borar ekan, oʻtgan yilgi natijalarga toʻxtalib oʻtsak, maqsadga muvofiq boʻladi, nazarimda. 2025-yil yangi Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga qadam qoʻygan yil sifatida tarix sahifalariga muhrlandi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bu davrga kelib, “biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni oʻrgandik. Buning tasdigʻini tobora yangicha qiyofa kasb etib borayotgan shahar va qishloqlarimizda, zamonaviy korxonalar, savdo-servis maskanlari, maktab, bogʻcha va shifoxonalar, obod koʻcha va mahallalar, transport-logistika tizimi, raqamli xizmatlar misolida yaqqol koʻrish mumkin”.

Xususan, tarixda birinchi marta Oʻzbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan, oltin-valyuta zaxiralari 60 milliard dollardan oshdi. Eksport hajmi 23 foiz oshib, 33,4 milliard, iqtisodiyotimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi esa 43,1 milliard dollarga yetdi.

Yangi Oʻzbekistonda tadbirkorlik iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi, oldinga boshlovchi katta kuchga aylangani, ayniqsa, hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Mamlakatimizda barqaror iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash borasida samarali islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunday harakatlardan asosiy maqsad iqtisodiy barqarorlikka erishish, xalqimiz farovonligini oshirishdir. Bunda asosiy vazifa — kambagʻallikni qisqartirish va ishsizlik darajasini pasaytirish. Bu esa, oʻz navbatida, xalqimizning doimiy daromad manbaiga ega boʻlishi, tadbirkorlikni yanada rivojlantirishni nazarda tutadi.

Davlatimiz rahbari raisligida hudud va tarmoqlarda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash boʻyicha birinchi chorak yakunlari tahlili va yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimizda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasidagi islohotlar samara berayotgani alohida qayd etildi.

Xususan, birinchi chorak yakuni bilan yalpi ichki mahsulotimiz 8,7 foiz, sanoat 8 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, qishloq xoʻjaligi 5,1 foiz oʻsdi. Eksport 5,8 milliard, xorijiy investitsiya hajmi esa 13,7 milliard dollarni tashkil qildi. Inflyatsiya yillik hisobda birinchi marta 7,1 foizgacha pasaydi.

Bular hisobiga yanvar-mart oylarida byudjet daromadi oʻtgan yildagiga nisbatan 35 foiz koʻpayib, 103 trillion soʻmga yetdi. Mahalliy byudjetlarda qoʻshimcha 2,2 trillion soʻm mablagʻ shakllandi.

Ayni yoʻnalishdagi islohotlar natijasida Oʻzbekiston nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pogʻona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.

Iqtisodiy sektor, umuman, barcha soha va tarmoqlarda erishilayotgan shu kabi natijalar, ijobiy koʻrsatkichlar hisobiga “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi yangilandi va navbatdagi zalvorli marralar belgilandi.

Yangilangan koʻrsatkichlar ijrosini taʼminlash maqsadida Prezidentimizning barqaror iqtisodiy oʻsishni saqlab qolish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va yanada rivojlantirish orqali kambagʻallikni qisqartirish va ishsizlik darajasini pasaytirish, soliq munosabatlari shaffofligini taʼminlash, raqamlashtirishni keng joriy etish orqali korrupsiyaga sabab boʻlayotgan holatlarni barvaqt aniqlash va oldini olish kabi muhim yoʻnalishlarni qamragan farmon va qarorlari qabul qilindi.

Raqamlashtirish tufayli tekshiruvlar kamayadi. Tekshirish kamaysa, tadbirkorning vaqti tejaladi va faoliyati uzluksiz davom etadi. Prezidentimizning 2026-yil 17-apreldagi “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan tadbirkorlarga yangi imkoniyat va qulayliklar yaratildi.

Jumladan, hujjatdan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishning nafaqat soni va muddatini qisqartirish, balki nazorat jarayonlarini raqamlashtirish orqali korrupsion xavflarni kamaytirish, tadbirkorlar va davlat organlari oʻrtasidagi muloqotda shaffoflikni taʼminlash masalalari alohida oʻrin oldi.

Farmon bilan shu yil 1-iyuldan boshlab amaldagi funksiyalariga qoʻshimcha ravishda yangi imkoniyatlarga ega boʻlgan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi va uning mobil ilovasi ishga tushirilishi belgilandi. Natijada tadbirkorlik subyektlari mahalliy hokimlik va nazorat organlari, vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari rahbarlari haqida maʼlumot olish va ularga murojaat qilish tizimi yaratiladi. Shu tariqa ortiqcha ovoragarchilikning oldi olinadi hamda tekshirishlarning qonuniyligi va tekshiruvchining vakolati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar real vaqt rejimida oshkor qilinadi.

Tadbirkor va davlat organi oʻrtasidagi muloqotning shaffofligini taʼminlash masalasida alohida tartib va talablar belgilanishi bilan noqonuniy xatti-harakatlar barham topadi. Shu maʼnoda, davlat xizmatchisi davlat organi nomidan yoki oʻzining xizmat mavqeidan foydalangan holda tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritadigan binoga nazorat yoki profilaktika tadbirini oʻtkazish maqsadisiz kirishi yoxud tadbirkorlik subyektini boshqa joyga chaqirishi nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqot sifatida baholanishi hamda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga muloqot haqidagi maʼlumotlarni kiritish davlat xizmatchilari uchun majburiy hisoblanishi muhim yangilik boʻldi.

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritiladigan maʼlumotlar doimiy monitoring qilib boriladi va vakolati doirasida tegishli choralar koʻriladi.

“Yagona davlat nazorati” axborot tizimidan roʻyxatdan oʻtmagan yoki tekshiruv oʻtkazishga asos boʻluvchi hujjatlarni tizimga kiritmagan yoxud maxsus guvohnomaga ega boʻlmagan nazorat qiluvchi organning xodimi tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanishi tadbirkorlarning huquqiy himoyasi yanada kuchaytirilganidan dalolat. Chunki davlat organi mansabdor shaxslari va masʼul xodimlari tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikka tortiladi.

Kichik biznesni rivojlantirish, shubhasiz, milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va raqobatbardoshlikni oshirishda muhim oʻrin egallaydi. Dunyo iqtisodiyotidagi beqaror munosabatlar, ayniqsa, savdo-iqtisodiy aloqalardagi murakkabliklar hamda transport-logistika tizimidagi uzilishlar, albatta, har qanday mamlakatning milliy iqtisodiyotiga taʼsir koʻrsatadi.

Prezidentimizning bu masalaga alohida eʼtibor qaratgani bejiz emas. Chunki iqtisodiy munosabatlardagi har qanday kechikish vaqt va mablagʻ yoʻqotish, raqobatda yutqazishni anglatadi. Odatda, kechikishga raqamli moliyaviy infratuzilmaning yetarli darajada rivojlanmagani, tadbirkorlarda resurslar yetishmasligi bilan bogʻliq muammolar sabab boʻladi. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining 2026-yil 26-maydagi “Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashni kengaytirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu borada katta ahamiyatga ega.

Binobarin, qarorda tadbirkorlik subyektlariga ishonchli raqamli moliyaviy infratuzilma yaratish va sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda moliyaviy xizmatlar koʻrsatishni joriy etish orqali ularning ommabopligini yanada oshirish nazarda tutilgan.

Jumladan, 2030-yilga qadar kichik va oʻrta biznes subyektlariga ajratiladigan kreditlar portfelini 3 baravar oshirib, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 20 foizga chiqarish, banklar tomonidan taʼminotsiz onlayn mikrokreditlarni oʻrtacha 1 soat ichida ajratish imkonini yaratish va ushbu ­mikrokreditlar ulushini 60 foizga yetkazish, shuningdek, kredit tarixiga ega boʻlmagan kichik va oʻrta biznes subyektlari uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish belgilangan.

Kichik biznes loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun 2026-yil 1-iyuldan boshlab “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida qoʻshimcha ravishda, mikrokreditdan foydalangan va ijobiy kredit tarixiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga mikrokreditning garovsiz qismi 100 million soʻmdan 200 million soʻmgacha oshirildi.

Bundan tashqari, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatiga kichik tadbirkorlik subyektlariga kredit (lizing) miqdoridan qatʼi nazar, uning 5 milliard soʻmgacha qismi uchun belgilangan tartibda foiz xarajatlarini qoplash maqsadida kompensatsiya va har yili dastur asosida qoʻllab-quvvatlangan, oʻz faoliyatini kengaytirgan hamda yuqori koʻrsatkichga ega 100 ta tadbirkorlik subyektiga faoliyatini raqamlashtirish, xalqaro standartlarni va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bilan bogʻliq xarajatlari uchun 300 million soʻmgacha grant ajratish vakolati berildi.

Kichik biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida koʻrilayotgan chora-tadbirlar milliy iqtisodiyotimiz barqaror oʻsishini taʼminlash, dunyo bozorida mamlakatimiz oʻrnini mustahkamlash va raqobatbardoshligini taʼminlash, eksport salohiyati va eng asosiysi, bandlik darajasini oshirish hamda kambagʻallikni qisqartirishga xizmat qiladi.

Soliq siyosati va uni yuritish murakkab jarayon. Soliq yuki qancha yuqori boʻlsa, soliq toʻlashdan qochish holatlari shuncha koʻp boʻladi yoki soliq stavkalari qanchalik pasaytirilsa, byudjet daromadi qisqarib, ijtimoiy tadbirlarni amalga oshirish imkoniyati cheklanishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, Prezidentimiz soliq stavkalari koʻpaytirilmagan yoki oʻzgartirilmagan holda soliqlarning yigʻiluvchanlik darajasini yaxshilash orqali davlat byudjeti daromadlari manbalarini mustahkamlash vazifasini belgilab bergan edi.

Bunda, ayniqsa, qulay soliqqa tortish tizimini yaratish orqali kichik tadbirkorlik subyektlarining yirik tadbirkorlikka oʻtishini ragʻbatlantirish katta ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi kichik biznes subyektlari uchun soliq rejimida yanada qulayliklar yaratish, qoʻshilgan qiymat soligʻi maʼmuriyatchiligini soddalashtirish orqali aylanmani ochiqlash va biznesning oʻsishini ragʻbatlantirish maqsadlarini nazarda tutuvchi “Kichik biznes subyektlarining oʻsishi uchun yanada qulay iqtisodiy va maʼmuriy shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi farmoni bugunning talabidir.

Farmon bilan shu yil 1-iyundan boshlab kichik biznes subyektlariga soliq solishning umumbelgilangan tartibiga oʻtish uchun chegaraviy miqdor amaldagi 1 milliard soʻmdan bazaviy hisoblash miqdorining 12 ming baravari etib belgilangani, eng avvalo, tadbirkorlar faoliyatini yanada kengaytirish hamda biznesni sunʼiy maydalash holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Shu oʻrinda qoʻshilgan qiymat soligʻi zanjiridagi uzilishlarning oldini olish maqsadida muhim normalar belgilanganini alohida qayd etish lozim. Jumladan, 2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar asosiy faoliyat turi umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat koʻrsatish sohasi boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga ixtiyoriy ravishda qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi beriladi.

Soddalashtirilgan tartibga oʻtgan tadbirkorlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilish boʻyicha barcha aylanmaga nisbatan 6 foiz boʻladi. Bunda ularga sotib olingan tovarlar boʻyicha toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisobga olish huquqi berilmaydi. Ushbu toifadagi soliq toʻlovchilar uchun foyda soligʻi ­stavkasi nol foiz etib belgilandi va soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilindi.

Shuningdek, soliq solishning umumbelgilangan tartibida nazarda tutilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha mavjud imtiyozlar, preferensiya va toʻlangan soliqlarning bir qismini qaytarib berish tartibi qoʻllanmaydi. Ulardan tovarlar va xizmatlarni sotib olgan xaridorlarga qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisobga olish huquqi beriladi.

Bunday tartib davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan korxonalar hamda yirik soliq toʻlovchilarga tatbiq etilmaydi.

Umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlar uchun shu yil 1-iyundan boshlab ayrim toifadagi xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tarzda shu kunning oʻzida va muayyan muddatga rasmiylashtirish hamda ish haqini toʻlash tartibi joriy etilgani, toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish, tushumning naqd pulsiz shaklda tushgan ulushidan qatʼi nazar, toʻlangan soliq summasining 40 foizi miqdorida amalga oshirilishi belgilangani ushbu yoʻnalishdagi tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va ish oʻrinlarini legallashtirishga xizmat ­qiladi.

Soliq toʻlovchilar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish va byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish maqsadida qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi guvohnomasini vaqtincha toʻxtatib turish hamda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kiruvchi (import qiluvchi) yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni majburiy tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi deb eʼtirof etish tartibi bekor qilindi.

Kichik biznes subyektlariga maʼmuriy yukni kamaytirish maqsadida 2028-yil 1-yanvarga qadar soliq xavfi summasi 500 million soʻmgacha boʻlganda — soliq auditi, soliq xavfi summasi 100 million soʻmgacha boʻlganda — sayyor soliq tekshiruvi oʻtkazilmaydi.

Sohada raqamlashtirish va sunʼiy intellektdan foydalanish qamrovi kengayishi soliq maʼmuriyatchiligi shaffofligini taʼminlashda qoʻl keladi. Boshqa tomondan, inson omilini qisqartirish orqali korrupsiyaga olib keluvchi holatlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga xizmat qiladi.

Prezidentimizning shu yil 19-maydagi “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni soliq tizimini zamonaviylashtirish, raqamlashtirish va soliq toʻlovchilar uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan.

Farmonda soliq toʻlovchilarga jahon standartlari darajasida xizmat koʻrsatish, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalardan keng foydalanish asosiy yoʻnalishlar sifatida belgilangan. Tadbirkorlar uchun yengilliklar yaratish maqsadida yoʻl qoʻygan xatosini mustaqil toʻgʻrilash imkoniyati yaratildi. 2026-yil 1-iyuldan boshlab ortiqcha hujjat talab qilish — tekshiruvdan oldingi tahlilda aniqlangan tafovutlar boʻyicha soliq toʻlovchidan majburiy ravishda aniqlashtirilgan hisobot yoki asoslovchi hujjatlar talab qilish amaliyoti bekor qilinadi. Shuningdek, ogohlantirish tizimi joriy etiladi: soliq xavfi oʻrta darajada boʻlgan korxonalarga tekshiruv oʻtkazishdan avval aniqlangan xavflar haqida elektron xabarnoma yuboriladi. Bu tadbirkorga xatosini oʻz vaqtida tuzatish imkonini beradi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilinadigan neft va gaz mahsulotlari boʻyicha aksiz soligʻi va noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq, qishloq xoʻjaligi yerlari uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hisobotlari soliq idoralari tomonidan proaktiv tartibda shakllantiriladi.

Farmonda belgilangan vazifalar soliq toʻlovchilar uchun sharoitni yaxshilashga xizmat qiladi. Natijada halol soliq toʻlovchilar safi kengayadi. Tekshiruvlar xavf tahlili asosida oʻtkaziladi. Raqamlashtirish hisobiga inson omili ishtiroki kamayadi. Pirovardida soliqlarning yigʻiluvchanlik darajasi ortadi va yashirin iqtisodiyot hajmi qisqaradi.

Shu bilan birga, soxta korxonalar zanjiri, sunʼiy qoʻshilgan qiymat soligʻini kamaytirish, naqd pul aylanmalarini yashirish va transfert narxlaridan notoʻgʻri foydalanish holatlarining oldi olinadi.

Qisqasi, “Halol ishlaydigan tadbirkorga yengillik, xavfli va qoidabuzar subyektga kuchli nazorat” tamoyili amal qiladi. Islohotlar milliy iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va kuchli ijtimoiy himoyani amalga oshirishga xizmat qiladi. Belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash har birimizdan ishimizga masʼuliyat va sadoqat bilan yondashishni talab etadi.

Erkin GADOYEV,

Oliy Majlis Senatining

Byudjet va iqtisodiy masalalar

qoʻmitasi raisi