Mamlakatimizda yashil hududlarni kengaytirish, daraxtzor va bogʻlar barpo etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, ekilgan koʻchatlarni saqlab qolish, ularni sugʻorish va parvarishlashni tizimli tashkil etish borasida kamchiliklar mavjud.

Oʻtgan yil bahorda ekilgan koʻchatlarning maʼlum qismi qurib qolgan. Hudud iqlimi va tuprogʻiga mos kelmaydigan daraxtlarni tanlash, suv taʼminoti boʻlmagan joylarga koʻchat ekish, kasallik va zararkunandalarga qarshi choralarning yetarli emasligi bunga sabab boʻlmoqda. Orol dengizining qurigan tubida barpo etilgan oʻrmonlarni parvarishlash va himoya qilishda ham muammolar borligi koʻrsatib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari ishlar samaradorligini ekilgan koʻchatlarning bir, uch va besh yildan keyingi holati asosida baholash zarurligini taʼkidladi.

Shu munosabat bilan koʻkalamzorlashtirish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, yerni tayyorlashdan boshlab sugʻorish tizimini yaratish va koʻchatlarni kamida uch yil parvarishlashgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab oluvchi yondashuvlar taqdimot qilindi. Ekish muddatlarini har bir hududning ob-havo sharoiti va olimlar xulosasi asosida belgilash, mahalliy iqlimga mos, issiqlik, sovuqqa va suv tanqisligiga chidamli turlarga ustuvorlik berish koʻzda tutilmoqda.

Ekologiya qoʻmitasiga har bir mahalla kesimida koʻchat turi, ekiladigan joyi va sugʻorish tizimi aks etgan “yashil xarita”larni ishlab chiqib, aholiga eʼlon qilish topshirildi. Mahalla raislari bilan birgalikda har bir koʻchadagi daraxt va koʻchatlar holatini muntazam kuzatish, qurish sabablarini aniqlab, bartaraf etish vazifasi qoʻyildi.

Daraxt ekish ishlarini, avvalo, aholi gavjum joylarda, piyodalar yoʻlaklari va tun-u kun ishlaydigan koʻchalarda tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Bunday hududlarda soya beruvchi daraxtlarni koʻpaytirish orqali odamlarning yurishi va dam olishi uchun qulay sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.

Taqdimotda “Yashil” mahallam” dasturi doirasida mahallalarga kompleks xizmatlar koʻrsatish takliflari koʻrib chiqildi. Mahalla buyurtmasi asosida sifatli koʻchatlar, organik oʻgʻit va suv tejovchi sugʻorish vositalarini yetkazib berish, daraxtlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish xizmatlarini yoʻlga qoʻyish nazarda tutilmoqda.

Har bir mahallaga oʻrmonchi-murabbiy biriktirib, aholiga koʻchat ekish, sugʻorish va parvarishlashni oʻrgatish, uylar, maktab va bogʻchalar oraligʻida kichik daraxtzorlar hamda jamoat bogʻlarini barpo etish rejalashtirilgan. Bu ishlarga mahalla faollari va yoshlardan iborat koʻngillilar harakatlarini keng jalb qilish vazifasi belgilandi.

Mahallalarning “yashil reytingi”ni joriy etish taklifi ham muhokama qilindi. Bunda yashil maydonlar ulushi, aholi soniga nisbatan daraxtlar soni, yangi koʻchatlarning tutib ketishi va aholining ishtiroki asosiy mezonlar boʻladi. Yuqori natijaga erishgan mahallalarni obodonlashtirish uchun qoʻshimcha mablagʻlar va “yashil” loyihalarga maqsadli mikrograntlar ajratish orqali ragʻbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish topshirildi.

Hududlarni koʻkalamzorlashtirishda “3-30-300” tamoyiliga asoslangan dasturlarni amalga oshirish taklif etildi. Bunda har bir inson yashash, ishlash yoki oʻqish joyidan kamida uchta daraxtni koʻra olishi, aholi yashash hududining kamida 30 foizi daraxtlar soyasi bilan qoplanishi, uyidan 300 metr masofada yashil dam olish hududi boʻlishi koʻzda tutiladi.

Ushbu yondashuvlarni turli tabiiy va shaharsozlik sharoitlarida qoʻllash boʻyicha Toshkent shahrining Yangihayot, Buxoro viloyatining Olot va Samarqand viloyatining Urgut tumanlari uchun ishlab chiqilgan loyihalar taqdim etildi.

Yangihayotda mahalla va jamoat bogʻlari, soya-salqin sayr koʻchalari hamda sanoat korxonalari atrofida “yashil belbogʻ”lar barpo etish rejalashtirilgan. Sizot suvlarini toʻplab, sugʻorishda qayta ishlatish, suv oʻtkazuvchan qoplamalardan foydalanish, organik qoldiqlardan kompost tayyorlash kabi yechimlar nazarda tutilmoqda. Koʻkalamzorlashtirish ishlari sanoat tashlanmalarini kamaytirish, havo sifatini avtomatik nazorat qilish va chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish bilan birgalikda olib boriladi.

Olot tumanida choʻl sharoitiga mos, suvni kam talab qiladigan oʻsimliklar hisobiga yashil qoplamani kengaytirishga eʼtibor qaratiladi. Mahalliy koʻchatchilikni rivojlantirish, dendrologiya bogʻi va shoʻrga chidamli oʻsimliklar bogʻini tashkil etish, yoʻl va kanallar boʻyida himoya daraxtzorlarini barpo qilish taklif etilgan.

Urgutda togʻ va togʻoldi hududlariga mos koʻkalamzorlashtirish, dendrologiya bogʻi va jamoat parklarini yaratish, sanoat zonasi hamda temir yoʻl atrofida “yashil belbogʻ”lar tashkil etish koʻzda tutilmoqda. “Omonqoʻton” milliy tabiat bogʻida mahalliy daraxt va buta urugʻlari asosida tabiiy oʻsimlik qoplamini tiklash choralari ham koʻriladi.

Loyihaning ilmiy taʼminotini kuchaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari koʻrib chiqildi. Hududlarga mos sogʻlom koʻchatlarni koʻpaytirish uchun “in-vitro” laboratoriyalari va zamonaviy koʻchatxonalarni tashkil etish, suvni koʻp talab qiladigan manzarali gazonlarni bosqichma-bosqich qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklar bilan almashtirish takliflari bildirildi.

“Yashil AI” modulini tajriba tariqasida ishga tushirish rejalashtirilgan. Sunʼiy intellekt yordamida tuproq, iqlim va suv taʼminoti tahlil qilinib, koʻchat ekish uchun maqbul maydonlar va daraxt turlari boʻyicha tavsiyalar shakllantiriladi. Koʻchatlarning qurishi, suv tanqisligi, kasallik va zararkunandalar xavfini erta aniqlash, masʼullarni ogohlantirish hamda natijalarni yagona xaritada ochiq kuzatish imkoniyati yaratiladi.

Choʻllanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va bu yoʻnalishda xalqaro grantlarni jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi. Choʻl hududlaridagi yer resurslari va dorivor oʻsimliklar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xususiy sektor ishtirokida yaylovlarda qoʻshilgan qiymat yaratadigan loyihalarni boshlash zarurligi taʼkidlandi. 2027-yil 1-iyulga qadar har bir hududda shunday namunaviy loyihani yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Mutasaddilarga taqdim etilgan takliflarni bildirilgan fikrlar asosida takomillashtirish, mahallalarda daraxt ekish va parvarishlash madaniyatini yuksaltirish, yashil hududlarni saqlash boʻyicha masʼuliyat va nazoratni kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.