Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, ushbu sohani yagona tizimga birlashtirish borasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida ijtimoiy yordam va xizmat turlari yanada kengaydi hamda xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilandi.

Qonunga binoan ijtimoiy ish tibbiyot, ta’lim, ijtimoiy himoya, bandlik, sud va huquq-tartibot, jazoni ijro etish sohalarida tashkil etiladi.

Ijtimoiy ish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib Ijtimoiy himoya milliy agentligi belgilanmoqda.

Qonunda Vazirlar Mahkamasining, respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ijtimoiy ish sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari va jismoniy shaxslarning ijtimoiy ish sohasidagi faoliyatda ishtirok etishi mustahkamlanmoqda.

Shuningdek, Qonunda ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam turlari, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam ko‘rsatish joylari, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam ko‘rsatuvchi subyektlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs (oila) deb topish, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam ko‘rsatish hamda tugatish asoslari, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatni moliyalashtirish manbalari, ijtimoiy xodimning maqomi, ijtimoiy muhofazasi, faoliyatiga doir cheklovlar kabi muhim masalalar o‘z aksini topgan.

Senatorlarning fikricha, Qonun ijtimoiy ish sohasidagi munosabatlarning tartibga solinishiga, aholining ehtiyojmand qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yaratilishiga hamda ularning ijtimoiy himoyasi kuchaytirilishiga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladi.