Ustoz Erkin Vohidovning 1968 yilda yozilgan “Oʻzbegim” qasidasi ana shunday maʼnaviy uygʻonishning baland pardasi edi. Oʻzbekiston hali sobiq ittifoq tarkibida boʻlganda shoir oʻzbek nomini qadimgi tamaddun, ilm-fan, sheʼriyat, davlatchilik va ozodlik uchun kurash bilan bir qatorga qoʻydi. Biz, shogirdlari uchun bu qasida faqat adabiy matn emas, ustozdan qolgan milliy gʻurur va fuqarolik masʼuliyati sabogʻidir.

Qasidani tugʻdirgan hamiyat

Erkin Vohidov bizga aytib bergan xotiraga koʻra, qasidaning tugʻilishi bir qarashda kichik, mohiyatan esa ogʻriqli voqeadan boshlangan. Bolaligidan aniq fanlar, ayniqsa, falakiyotga qiziqqan shoir 1966-1967 yillarda Moskvadagi observatoriyalardan biriga kiradi. Devorda Kopernik, Kepler va Galiley singari jahon falakiyotining boshqa buyuk namoyandalari saf tortib turar, ammo 1018 ta yulduz joylashuvini jadvalga bitgan Mirzo Ulugʻbekning surati yoʻq edi. Shoir buni muzeychilik nuqsoni emas, millat tarixini umumbashariy xotiradan chetlatgan mafkuraning “qilmishi” deb his qiladi. Shu boʻsh joy uning hamiyatiga tegib, elu yurtning shonli oʻtmishini tarannum etadigan asar yozish istagini uygʻotadi.

Qasidaga nom va ohangni esa Alisher Navoiy berdi. Hazrat devonidagi bir bayt shoirning butun oʻy-xayolini band etdi:

Menga shohlar xilʼati ne,

el tomosho qilgʻali —

Oʻzbakim boshida qalpoq,

egnida shirdogʻi bas.

Navoiydagi “oʻzbakim” XX asr shoiri tafakkurida “oʻzbegim” radifiga aylandi. Shu tariqa Moskvadagi kamsitish ogʻrigʻi bilan Navoiydan kelgan milliy sado tutashdi, qariyb bir yil yozilgan qasidaning maʼnaviy oʻzagi shakllandi.

Demak, “Oʻzbegim” bir lahzalik ilhomdan tugʻilgan faxriya emas.

U koʻrilgan kamsitish, anglangan tarix va Navoiydan olingan maʼnaviy madadning sintezi edi. Ulugʻbek suratining devorda yoʻqligi qasidadagi “osmonga qoʻyilgan narvon”ga, Navoiyning “oʻzbakim”i esa butun asarni birlashtirgan radifga aylandi.

Pinhon tarix va ikki Renessans

Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, oʻzbegim...

Birinchi misradagi eng ogʻir maʼno “ming asrlar”dagina emas, “pinhon” soʻzidadir. Shoir xalqning tarixi yoʻqligini emas, haqiqati yashirilganini aytadi. Pomir va oqsoch Tiyonshon, Afrosiyob va Oʻrxun xati guvohlikka chaqiriladi, “oʻzbegim” radifi esa tarqoq davrlarni yagona milliy taqdirga bogʻlaydi.

Qasidadagi tarixiy nomlar quruq sanoq yoki bezak emas: har biri milliy xotiraning uzilgan halqasini qayta ulaydigan dalildir. Radifning har bandda qaytishi esa etnik mansublikni bildiruvchi soʻzni qadr-qimmat, tarixiy xotira va maʼnaviy birlik formulasiga aylantiradi.

Erkin Vohidov millat ulugʻvorligini hudud zabti bilan emas, insoniyat tafakkuriga qoʻshgan maʼrifati bilan oʻlchaydi. ­Xorazmiy algoritm va aniq tafakkurni, Beruniy qomusiy bilimni, Forobiy falsafa va komil jamiyat gʻoyasini ifoda etib, Birinchi Sharq Renessansining maʼnaviy nasabnomasini tuzadi. Ikkinchi Renessans esa Ulugʻbek va Navoiy timsollarida yuksaladi:

Tuzdiyu Mirzo Ulugʻbek Koʻragoniy jadvalin,

Sirli osmon toqiga ilk qoʻydi narvon, oʻzbegim.

Mir Alisher naʼrasiga aks sado berdi jahon,

Sheʼriyat mulkida boʻldi shohu sulton, oʻzbegim.

Moskva observatoriyasidagi alam birinchi baytda badiiy adolatga aylanadi: devorda yoʻq siymo qasidada osmonga narvon qoʻygan alloma boʻlib qad rostlaydi. Ulugʻbek millat tafakkurini koinotga koʻtargan boʻlsa, Navoiy uning tilini jahon minbariga olib chiqqani shoirning favqulodda metaforalari orqali alohida urgʻulanadi.

Tarix jarohati va erksevar qon

“Oʻzbegim”dek qasidalar faqat shonli oʻtmish madhiyasidan iborat emas. Shoir shamshir oʻynatib oʻtgan xoqonu sultonlarni, qurbon umrlar, talangan mulk va vayron yurtni ham yashirmaydi:

Oʻtdilar shoʻrlik boshingdan

oʻynatib shamshirlarin,

Necha xoqon, necha sulton,

necha ming xon, oʻzbegim.

Yogʻdi toʻrt yondin asrlar

boshingga tiyri kamon,

Umri qurbon, mulki toroj,

yurti vayron, oʻzbegim.

Uch ming yillik davlatchilik mezonidagi shartli hisobga koʻra, tashqi hukmronlik va siyosiy qaramlik davrlari jami qariyb 860-yilni tashkil etadi: Eron saltanat­lari — 200, Aleksandr Makedons­kiy istilosi va oqibatlari — 180, arablar hukmronligi — 200, moʻgʻullar istilosi —
150, Rossiya imperiyasi va sovet tuzumiga qaramlik — 130-yil. Bu bosqichlar hududiy qamrovi va xususiyati bilan farq qilsa-da, “umri qurbon”, “mulki toroj”, “yurti vayron” ifodalarining tarixiy zaminini koʻrsatadi.

Biroq oʻzbek xalqi qasidada faqat ojiz qurbon sifatida tasvirlanmaydi. Koʻrgan mislsiz jabrlari ortidan Shoh Mashrabdek isyon koʻtaradi:

Davr zulmiga va lekin bir umr

bosh egmading,

Sen — Muqanna, sarbador — sen,

erksevar qon, oʻzbegim.

Muqanna va sarbadorlar xalq vujudida asrlar davomida oqqan erksevarlik qonining ramziga aylanadi. 1968-yil sharoitida “davr zulmi”, “bosh egmaslik” va “erksevar qon”ni bir bandda birlashtirish ochiq siyosiy bayonot emas edi, ammo zamondosh oʻquvchi qalbida qaramlik va ozodlik haqidagi savolni muqarrar uygʻotar edi.

“Davr zulmi” degan ifoda, ayniqsa, teran: u zulmni bitta hukmdor yo bosqinchidan kengroq, butun tarixiy-siyosiy tizim darajasiga koʻtaradi. “Bir umr bosh egmading” esa xalq jisman magʻlub etilishi mumkinligini, ammo uning maʼnaviy irodasini batamom boʻysundirib boʻlmasligini anglatadi. Tarixiy jabr shu tariqa ojizlik xulosasi emas, toblangan iroda manbaiga aylanadi.

Ilk taqdimotda sukutni yorgan olqish

Qasida bitgach, ustoz uni hali hech qayerda oʻqimagan edi. 1968-yillarda Yozuvchilar uyushmasidagi “Bir sheʼr kechasi”da qoida qatʼiy edi: shoir bitta sheʼr oʻqiydi — olqish olsagina davom etadi, aks holda minbardan tushadi. Erkin Vohidov ming hayajon bilan “Oʻzbegim”ni oʻqiydi. “Oʻqiyapman, oʻqiyapman... davra suv quygandek jim. Oʻqib ham boʻldim. Sukunat...”, deya xotirlagan edi ustoz.

Bu befarqlik emas, soʻzning qudrati va uni ochiq olqishlash xavfini birdek his qilgan sukut edi. Shunda eng orqa qatordagi bir inson tik turib qarsak chaladi. Yakka olqish sukut devorini yoradi: butun zal oyoqqa qalqib, qariyb besh daqiqa qarsak chaladi. Keyingi navbatdagi Abdulla Oripov minbarga chiqib: “Bugun men sheʼr oʻqimayman. Ruxsat bersangizlar, ­Erkin aka “Oʻzbegim”ni yana bir marta oʻqib bersalar”, deydi. Qasida qayta oʻqiladi, ­qoʻlyozma qoʻlma-qoʻl koʻchiriladi. Shu kuni asar muallif mulkidan xalq maʼnaviy mulkiga aylandi.

Bir kishining tik turishi butun davraning qalbidagi tuygʻuni harakatga keltirdi. Olqish endi sheʼrning badiiy qimmatiga berilgan baho emas, xalqning oʻz nomi va tarixini baralla eshitish ehtiyojining ifodasi edi. Abdulla Oripovning oʻz navbatidan kechishi esa buyuk isteʼdodning buyuk isteʼdod oldidagi samimiy eʼtirofi boʻlgandi.

“Lek”ka jo boʻlgan jasorat

Qasida matbuotda eʼlon qilingach, Markazqoʻmning masʼul xodimlaridan biri ­shoirni chaqirib, asarda Lenin, inqilob, rus xalqi, Moskva va Kremlning “xal­qimizga taʼsiri” aytilmaganini tanbeh qiladi, shu mavzularni kiritishni, qofiyani esa ­shoirning oʻzi topishini talab etadi. Bu tahrir emas, qasidaning bosh qahramoni xalqning oʻzi ekaniga daxl qilish edi.

Menga Pushkin bir jahonu

menga Bayron bir jahon,

Lek Navoiydek bobom bor,

koʻksim osmon, oʻzbegim.

Mutasaddi “lek” zidlov bogʻlovchisini “ham” bogʻlovchisiga almashtirishni taklif etadi. Ustoz bu taklifga “Kechirasiz, qasidaning butun kuchi shu “lek” soʻziga jo qilingan”, deya qatʼiy javob beradi. Yaʼni “ham” Navoiyni Pushkin va Bayron bilan bir qatorga tizar edi, “lek” esa ularning buyukligini inkor etmay, Navoiyning lirik qahramon uchun bobo, milliy xotira va maʼnaviy ildiz sifatida mutlaqo boshqa maqomini belgilardi. Shoir bir bogʻlovchini emas, xalqning oʻz tarixiga mustaqil baho berish huquqini himoya qildi.

Bu yerda jahon adabiyoti milliy adabiyotga qarshi qoʻyilmaydi. “Menga Pushkin bir jahon”, “menga Bayron bir jahon” — umumbashariy madaniyatga ehtirom, “lek Navoiydek bobom bor” — oʻz maʼnaviy qiblasini anglashdir. Vohidov mahoratini qarangki, birgina zidlov bogʻlovchisiga mustabid mafkura bilan milliy oʻzlik oʻrtasidagi katta tarixiy ziddiyat sigʻdirilgan.

“Oʻzbegim” “Guliston” jurnalida bosilgach, xotiralarda qayd etilishicha, tahririyat faoliyatiga chek qoʻyildi, jurnal vaqtincha yopiladi, Erkin Vohidovning davlat ishida ishlashiga toʻsiq qoʻyiladi va shoir qariyb besh yil ishsiz qoladi. Oʻsha kezlarda ­Abdulla Oripov ham “Tilla baliqcha” va “Birinchi muhabbatim” sheʼrlari uchun tazyiqqa uchraydi. Asarni toʻxtatish qiyin boʻlgach, mualliflarni ijtimoiy jihatdan yakkalashga urinilgan edi.

Shoirni asragan tungi qoʻngʻiroq

Sharof Rashidovning rafiqasi Xursanoy aya Rashidovaning 1991-yil “Saodat” jurnalida chiqqan “Tungi qoʻngʻiroq” suhbati bosimning jiddiyligini koʻrsatadi. Uning guvohligiga koʻra, respublika Davlat xavfsizlik qoʻmitasi raisi kechasi Sharof Rashidovga qoʻngʻiroq qilib, Erkin Vohidovni “tergov qilish” uchun shoshilinch ruxsat talab qiladi. Shunda Rashidov “Qoʻying, ­Erkin Vohidovni sizdan koʻra yaxshiroq bilamiz. Tegmang, shoirni bezovta qilmang”, deb talabni rad etadi. Bu arxiv hujjati emas, Xursanoy Rashidovaning guvohligi, ammo uning maʼnosi ulkan: respublika rahbari bir ijodkor bilan birga endigina uygʻonayotgan milliy xotirani ham qaqshatqich zarbadan asradi.

Tazyiqqa qarshi adabiy vazifa

Sharof Rashidov himoyani bir rad javobi bilan cheklamaydi. Erkin Vohidov xotirlashicha, u ikki shoirni chaqirib, xalq olqishiga sazovor otashin sheʼrlarini eʼtirof etadi va ayni ijodiy kamol pallasida kuchlarini jahon adabiyoti durdonalariga safarbar etishni taklif qiladi: Erkin Vohidovga Gyotening “Faust”ini, Abdulla Oripovga Dantening “Ilohiy komediya”sini tarjima qilish vazifasini beradi, shuning­dek, sara sheʼrlarini Moskvada chop ettirishga vaʼda qiladi. Bu taʼqib va ishsizlikdan sinib qolmaslik uchun ikki isteʼdodni ulkan ijodiy maqsad bilan band etish siyosati edi.

Qabulxonadagi yana bir ijodkor bu suhbatdan xabar topib, oʻz sheʼrlarini ham ular qatori Moskvada chiqarishni soʻraydi va rozilik oladi. Buni eshitgan Vohidov agar oʻsha asarlar bilan bir nashrda chiqsa, oʻz sheʼrlari bosilmaganini maʼqul koʻrishini aytadi, Oripov ham safdoshini qoʻllaydi. Oqibatda ikki dahoning toʻplamlari chiqmay, uchinchi ijodkorning kitobi Moskvada bosiladi. Aslida, bu rad etish aslo kibr emas, adabiy mezon va oʻz ijodiy qadrini arzonlashtirmaslik sharti edi.

Arslon va qumursqalar zarbulmasali

Oradan yillar oʻtib, 1982-yilda ­Abdulla Oripov voqeani Erkin Vohidovga bagʻishlangan “Arslon chorlaganda...” sheʼrida ramzga aylantirdi:

Biz ham yuksaklarga tikkandik koʻzni,

Bizda ham bor edi matonat, bardosh.

Arslon chorlagandi qoshiga bizni,

Lekin qumursqalar boʻldi safardosh.

Jami tiriklikka tanish bu xatar,

Qumursqa yaralgan yoppa talarga.

Doʻstim, alam qilar, arslon bexabar,

Yem boʻlib ketsak shu qumursqalarga.

Ustoz Erkin Vohidovning javobida ramzlar doirasi yana kengaydi:

Bilaman, azizim, menga ham ayon,

Qumursqa zotining nadir tashvishi.

Arslonning boshida lek oʻzga xayol,

Qumursqalar bilan qanchalik ishi?!

Ular yeb bitirsa bizni beomon,

Bilmam, kim gʻam chekar,

kim boʻlar mamnun.

Lekin qarsak chalib, kular u zamon,

Arslonning yonida oʻtirgan maymun.

“Arslon” — katta davlat va millat tashvishi bilan band rahbar, “qumursqalar” — isteʼdodni mayda manfaat va hasad bilan yemiradigan muhit, “maymun” esa bu yemirilishdan manfaatdor soxta sadoqat timsolidir. Ikki sheʼr shaxsiy xafagarchilik emas, isteʼdod va muhit, katta niyat va amaldorlik oʻrtasidagi ziddiyat haqidagi zarbulmasal boʻlib qoldi.

Sharof Rashidovning tutumi ham shu ramziy manzarada aniqroq koʻrinadi: u ikki shoirni shunchaki mashhur ijodkor emas, millatning kelajak maʼnaviy tafakkurini belgilaydigan siymolar sifatida anglagan. Tungi qoʻngʻiroqdagi himoya va keyingi katta tarjima vazifalari oʻzbek adabiyotining ikki buyuk yoʻlini asrashga xizmat qildi.

Kitobdan oldin xalqqa kirgan qasida

Sherali Joʻrayev xotirasiga koʻra, 1968-yilda ikkinchi kurs talabasi boʻlgan xonanda Erkin Vohidov mahallasidagi toʻyda shoir­ning shifokor qoʻshnisidan hali matbuotda chiqmagan qasidani eshitadi. Avval nusxa berishga choʻchigan suhbatdosh keyin matnni toʻy stolidagi sariq qogʻozga koʻchirib beradi. Sherali Joʻrayev talabalar shaharchasiga qaytib, rubob topadi, sheʼrni bir kechada yodlaydi va tonggacha kuy bastalaydi. Uch-toʻrt kundan soʻng Chigʻatoy qabristoni ortidagi xonadonlardan birida “Tarixingdiiir” deb eng baland pardadan boshlangan ilk ijro davrani jim qiladi, qoʻshiq tugaganda esa hovli hayqiriqqa toʻladi.

Bu sahna asarning keyingi taqdirini ramziy ifodalaydi. Avvaliga eshitishga tayyor boʻlmagan davra birinchi nidodan keyin sukutga choʻmadi. Chunki “Tarixingdir” qoʻshiqning boshlanishigina emas, tarixidan uzoqlashtirilgan xalqqa qaratilgan maʼnaviy bong edi. Shu tariqa qasida kitob sahifasiga kirmasidan avval xalq qalbiga kirdi.

Istiqlolgacha boʻlgan yigirma uch yil

“Oʻzbegim” 1968-yilda yozildi, Oʻzbekiston 1991-yilda davlat mustaqilligiga erishdi — oʻrtada yigirma uch yil. Bir sheʼrni istiqlolning bevosita siyosiy sababi deyish toʻgʻri emas, ammo siyosiy oʻzgarish maʼnaviy zaminsiz sodir boʻlmaydi. Atoqli alloma Omonulla Madayevning guvohligicha, maktab oʻquvchilari va talabalar qasidani toʻliq yod olgan, uchrashuvlarda oʻqigan, Afrosiyob, Oʻrxun-Enasoy bitiklari, Muqanna, sarbadorlar, Ulugʻbek, Navoiy, Bobur, Mashrab, Nodira, Furqat va Muqimiy hayoti va ijodiga qiziqish kuchaygan. Sheʼr hissiyotdan bilimga, bilimdan oʻzlikni anglashga yetaklagan.

Shu maʼnoda, “Oʻzbegim” yashirin siyosiy dastur emas, milliy ongning sheʼriy dasturi edi. U xalqni avval maydonga emas, oʻz qalbi va tarixiga qaytardi. Ammo oʻzini anglagan inson avvalgidek qaram boʻlib qololmaydi.

Taʼkidlash joizki, qasida sheʼr va qoʻshiq holida avlodlar xotirasida yashab, istiqlol uchun zarur boʻlgan eng muhim shartni — millatning oʻz kuchiga ishonchini mustahkamladi. U siyosiy shior bermadi, lekin siyosiy mus­taqillikni qabul qila oladigan maʼnaviy insonni tarbiyalashga xizmat qildi.

Mustaqil davlat va yangi Oʻzbekiston eʼtirofi

Mustaqillikdan soʻng Erkin Vohidovning sheʼriyat, dramaturgiya, tarjima, pub­litsistika va jamoat hayotidagi xizmatlari davlat miqyosida baholandi: 1999-yil 25-avgustda unga mamlakatning oliy unvoni —
“Oʻzbekiston Qahramoni” berildi. Buni faqat “Oʻzbegim” uchun mukofot deb toraytirib boʻlmaydi, lekin qasida shoirning ijodiy va fuqarolik qiyofasini ifodalagan ramziy asar boʻlib qoldi. Xalq uni davlatdan ancha avval qalbida eʼtirof etgan edi.

Yangi Oʻzbekiston davrida xotira tirik taʼlim va tarbiya kuchiga aylandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 22-iyunda Margʻilondagi Erkin Vohidov nomidagi bogʻni rekonstruksiya qilish loyihasi bilan tanishib, maydonni 9 gektardan 16 gektarga kengaytirish, ijodkorlar xiyoboni va shoir haykalini barpo etish, maskanni yoshlar maʼnaviyatiga xizmat qildirish vazifasini belgiladi. 2018-yil 14-maydagi qaror asosida Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi tashkil etildi, 2018-yil iyun oyida Ijodkorlar bogʻida memorial muzey ochildi.

Uchinchi Renessansga qoʻyilgan maʼnaviy narvon

“Oʻzbegim” millatga tayyor ozodlik bermadi, unga ozodlikni istaydigan qalb, oʻz qadrini anglaydigan shuur va oʻtmishdan kelajakka qaraydigan nigoh berdi. Asarga mafkuraviy soʻzlar qoʻshish talab qilindi —
shoir ichki haqiqatni saqladi. Taz­yiq kuchaydi — Sharof Rashidov uni keskin taʼqibdan asradi. Rasmiy yoʻllar cheklandi —
xalq qasidani davralarda kuyladi. 1991-yilda davlat mustaqil boʻldi, biroq qasidada milliy qalb istiqloldan yigirma uch yil avval oʻzini ozod his qila boshlagan edi.

Erkin Vohidov Birinchi va Ikkinchi Renessans siymolarini XX asr oʻzbek oʻquvchisining maʼnaviy dunyosiga qaytarib, Uchinchi Renessans gʻoyasining zaminini tayyorlagan ijodkorlardan biridir. Ammo Renessans oʻtmish bilan faxrlanishning yangi shakli boʻlib qolmasligi kerak: Beruniy bilan maqtanib, kashfiyot qilmasak, Xorazmiyni ulugʻlab, zamonaviy ilmni egallamasak, Navoiyni buyuk deb, ona tili taqdiriga befarq boʻlsak, tarixiy faxr tasallidan nariga oʻtmaydi.

Ustoz Renessansning tayyor natijasini emas, uni yaratishga qodir inson qiyofasini berdi: tarixini biladigan, ona tilini sevadigan, jahon madaniyatiga ochiq, ammo hech kim oldida oʻzini kam his qilmaydigan insonni. Biz, sonsiz muxlislari uchun “Oʻzbegim”ning ulugʻ sabogʻi ham shu — meros bilan faxrlanish barobarida unga munosib boʻlish masʼuliyati. Mirzo Ulugʻbek qasidada sirli osmon toqiga narvon qoʻygan edi, Erkin Vohidovning “Oʻzbegim”i esa tarixiy xotira bilan kelajak tafakkurini bogʻlab, istiqlol toqi orqali Uchinchi Renessans sari qoʻyilgan maʼnaviy narvon boʻlib qoldi. Endi shu narvondan koʻtarilish oʻzligini anglagan, ilmga tayangan va ozod fikrlaydigan avlodning vazifasidir.

Rustam MIRVOHID,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori,

shoir