Nashrda taʼkidlanishicha, nomzodlarni tanlash va ishga jalb qilish jarayonlarini davlat idoralari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik asosida tashkil etish oʻzbekistonliklar uchun qonuniy, xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini taʼminlashga, Italiya ish beruvchilari uchun esa malakali va ishonchli kadrlar bazasini shakllantirishga xizmat qiladi.

Italiyada mehnat bozoriga ehtiyoj ortib bormoqda

Bugungi kunda Oʻzbekiston aholisi qariyb 40 million nafarga yetgan boʻlib, uning asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. Har yili mehnat bozoriga yuz minglab yangi mutaxassislar kirib kelayotgani sababli mamlakatda aholini kasbga oʻqitish, xorijiy tillarga tayyorlash hamda xalqaro mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada Italiya istiqbolli hamkorlardan biri sifatida qaralmoqda. Mamlakatda ishchi kuchi tanqisligi kuzatilayotgani bois, 2026–2028 yillarga moʻljallangan «Decreto Flussi» dasturi doirasida 500 ming nafargacha xorijlik ishchini qonuniy asosda jalb qilish rejalashtirilgan.

Mutaxassislar fikricha, mazkur dasturining samaradorligi davlat tashkilotlari oʻrtasidagi shaffof va toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik mexanizmiga bogʻliq.

Davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik asosiy omil

Materialda qayd etilishicha, asosiy maqsad Italiya ish beruvchilari bilan Oʻzbekistonning vakolatli davlat tashkilotlari, xususan, Migratsiya agentligi oʻrtasida sodda, ochiq va toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik tizimini yoʻlga qoʻyishdan iborat.

Shuningdek, mehnat migratsiyasida barcha jarayonlar qonuniy asosda tashkil etilishi muhimligi taʼkidlangan. Bu orqali nomzodlar Oʻzbekistonning oʻzida kasbiy tayyorgarlikdan oʻtadi, xorijiy tillarni oʻrganadi, tegishli sertifikatlarga ega boʻladi. Natijada Italiya ish beruvchilari xodimlarning malakasi haqida oldindan toʻliq maʼlumotga ega boʻladi.

Materialda, shuningdek, bugungi kunda koʻplab oʻzbekistonliklar Italiyada tahsil olayotgani, Italiyaning uchtа oliy taʼlim muassasasi esa Oʻzbekistonda qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirayotgani qayd etilgan. Bu esa ikki mamlakat oʻrtasidagi taʼlim va mehnat sohasidagi aloqalar tobora mustahkamlanayotganini koʻrsatadi.

Kadrlar tayyorlash tizimi yangi bosqichga chiqmoqda

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro mehnat bozori uchun kadrlar tayyorlash tizimini izchil takomillashtirmoqda. Mehnat migratsiyasi dasturlari doirasida fuqarolar kasbiy tayyorgarlik, xorijiy tillar va qabul qiluvchi davlatlar mehnat bozori talablariga mos oʻquv kurslaridan oʻtmoqda.

Bu tajriba Italiya bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, oʻzbekistonlik fuqarolarning qonuniy va xavfsiz mehnat faoliyatini taʼminlash hamda ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.